Safarova Farida Normurotovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz va o‘zbek tillarida qandolatchilik leksikasining chog‘ishtirma tadqiqi” mavzusidagi 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisoslikligi bo‘yicha
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:
Ilmiy rahbar: Bakirov Poyan Uralovich, Filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi PhD.03.05.05.2023.Fil.163.01. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor A.I.Ziyaev; filologiya fanlari doktori (DSc) dotsent X.A.Sarimsoqov.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qandolatchilikka oid leksikani qiyosiy- chog‘ishtirma plan asosida tadqiq etish hamda tahlilga tortilgan leksikani ma’noviy, kulturologik, paradigmatik xususiyatlarini, yasalish tamoyillarini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilida prefiksatsiya usulida yasalgan qandolat nomlari boshqa so‘z yasalish usullariga qaraganda salmoq jihatdan ozchilikni tashkil qilishi, ingliz tilida qandolat nomlarining yasalishida suffiksatsiya usulda yasalgan qandolat nomlar nisbatan ko‘pchilikni tashkil qilishi, shuningdek, ingliz tilida prefiks qo‘shish orqali yasalgan qandolat nomlariga qo‘shimcha qo‘shish natijasida, o‘z ma’nosidan boshqa ma’nolarni ham anglatishi aniqlangan;
chog‘ishtirilayotgan tillarda qandolatchilikka oid leksikaning struktur-derivatsion tahlili etilib, ularning leksik-semantik, morfologik, kompozision derivatsion modellarining farqli va o‘xshash tomonlari aniqlangan;
izomorfik xususiyatlariga ko‘ra ovqatlanish jarayonini ifodalovchi gastronomik leksemalar ikki tilda ham umumiylik kasb etishi, bu tillarda ishlatiladigan leksemalar aksariyatining bir-biriga ekvivalentlari mavjudligi, allomorfik xususiyatlariga ko‘ra qandolat nomlari borasida ingliz tilida atoqli otlar salmog‘i ko‘pligi, o‘zbek tilida esa aksariyat leksikalar turdosh otlar asosida yasalishi asoslangan;
ingliz tilida qandolat nomlari tarkibida antroponimlar salmog‘i katta ekanligi, o‘zbek tilida esa qandolat nomlashda metaforik, metonimik ma’nolarning yetakchi ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida “qandolatchilik” leksikasining chog‘ishtirma tadqiqi tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek tilida prefiksatsiya usulida yasalgan qandolat nomlari boshqa so‘z yasalish usullariga qaraganda salmoq jihatdan ozchilikni tashkil qilishi, ingliz tilida qandolat nomlarining yasalishida suffiksatsiya usulda yasalgan qandolat nomlar nisbatan ko‘pchilikni tashkil qilishi, shuningdek, ingliz tilida prefiks qo‘shish orqali yasalgan qandolat nomlariga qo‘shimcha qo‘shish natijasida, o‘z ma’nosidan boshqa ma’nolarni ham anglatishi to‘g‘risidagi mulohazalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan F3- 201912258, “Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan. (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 9-oktyabr № 01/10-2050-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi soha vakillarining nutqini o‘stirishga hamda qandolatchilikka doir lug‘at va elektron ilovasini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
izomorfik xususiyatlariga ko‘ra ovqatlanish jarayonini ifodalovchi gastronomik leksemalar ikki tilda ham umumiylik kasb etishi, bu tillarda ishlatiladigan leksemalar aksariyatining bir-biriga ekvivalentlari mavjudligi, allomorfik xususiyatlariga ko‘ra qandolat nomlari borasida ingliz tilida atoqli otlar salmog‘i ko‘pligi, o‘zbek tilida esa aksariyat leksikalar turdosh otlar asosida yasalishiga doir tavsiya va ilmiy yangiliklaridan O‘zbekiston Milliy universitetida 2018-2021-yillar davomida bajarilgan PZ-201709134-sonli “Filologiya yo‘nalishi bo‘yicha ingliz tili o‘rganishni baholash sifatining shakl va tamoyillari” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasi doirasida vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan va yuqoridagi tavsiyalar ushbu loyiha doirasida nashr etilgan ishlarda o‘z aksini topgan. (O‘zbekiston Milliy universitetining 2024-yil 23-fevraldagi 04/11-1438-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi ingliz va o‘zbek tillarida qandolatchilik leksikasining semantikasi va lingvomadaniyatini tahlil qilish uchun ishlab chiqilgan metodikaning qardosh va qardosh bo‘lmagan tillarga xos boshqa tipdagi leksikalarni tadqiq qilishda foydalanish mumkinligini dalillashga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillari qandolatchilik leksikalarni leksik-semantik tahlil qilish asosida ularning paradigmatik munosabatlarini, sohaga oid leksikaning mavzuiy guruhlarini, ularning etimologik tasnifi hamda o‘z va o‘zlashma qatlam birliklariga mansubligi, shuningdek ingliz va o‘zbek tillari qandolatchilik leksikasi nominantlarining o‘zaro allomorfik va izomorfik xususiyatlarini aniqlash va shu orqali chog‘ishtirilayotgan tillardagi qandolatchilik nomlarining lingvokulturologik jihatlariga doir fikrlaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “ O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasida “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘smirlar uchun” nomli eshittirishlarni tayyorlashda foydalanilgan. (“O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyatining 2024-yil 19-yanvar 04-36-96-son ma’lumotnomasi);
qandolatchilik nomlari va ularning mavzuiy guruhlarini o‘rganish, ushbu yo‘nalishda izohli va elektron lug‘atlar yaratish, yaratilgan elektron lug‘atlarni web-dastur yoki mobil ilova shaklida Play market ilovalar ombori hamda boshqa web-dasturlar orqali iste’molchilarga foydalanish uchun taqdim etish, shu bilan birgalikda ularning bepul yoki pullik variantini yuklab olish jarayonlarini bosqichma-bosqich shakllantirish va amalga oshirishga bag‘ishlangan mavzularda, TRIGGER loyihasi doirasida Termiz davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti bitiruvchi talabalariga seminar-treninglar tashkil etib, talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, yaratilgan elektron lug‘atlarni ta’lim bozorida sotish va sotib olish haqidagi moliyaviy savodxonligini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ishlab chiqqan. (Termiz davlat universitetida 2021-2025 yillarda amalga oshirilgan 617309- EPP-1-2020-1-EPPKA2-CBHE-JP raqamli “Triggering innovative approaches and entrepreneurial skills for studens through creating conditions for graduate’s employability in Central Asia – TRIGGER” mavzusidagi xalqaro loyiha doirasida amaliyotga tadbiq etilgan. 2025 yil 9-iyun №06/12-2444 ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy izlanuvchilarga, talabalarga o‘zbek va ingliz xalqining an’analari, urf-odatlari, turmush tarzini qiyoslash imkoni paydo bo‘lgan va ma’naviy qadriyatlar tizimida alohida o‘rin egallagan marosimlar, madaniyat, xalq og‘zaki ijodi haqidagi matnlar bo‘yicha lingvokulturologiya, etnolingvistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hajmi ko‘paygani haqida xorijiy til professor-o‘qituvchilari va talabalarga ma’lumot berilgan.