Inagamova Feruza Xurshitovnaning 
doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qadriyatlar transformatsiyasining yosh oilalar mustahkamligiga ta’siri”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo'yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fal687
Ilmiy rahbar: falsafa fanlari doktori, professor Nurmatova Mukaram Axmedovna.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Oila va gender” ilmiy- tadqiqot instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.21/30.10.2020.Ped/S.127.01 (bir martalik kengash)
Rasmiy opponentlar: falsafa fanlari doktori, dotsent Musaeva Nodira Maxmudovna, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Sultanov Sirojbek Habibullaevich 
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi yosh oilalarni mustahkamlashda qadriyatlar transformatsiyasining dialektik ta’sirini aniqlash va ijtimoiy falsafaning kategorial tizimi asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yosh oilalar mustahkamligiga xizmat qiluvchi lokal, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tizimining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot dinamikasiga muvofiq transformatsiyaga uchrashi tizimli, deskriptiv (tasvirlovchi), dinamik va tahliliy aksiologik yondashuvlar orqali ochib berilgan; 
nikoh va oilaga nisbatan an’anaviy munosabatning o‘zgarishi, oilaviy ajralishlar va noto‘liq oilalarning ko‘payishi hamda kichik oilalar ulushining oshishi kabi demografik tendensiyalar keksalarni hurmat qilish, sadoqat, ishonch, o‘zaro hurmat, oilaning jipsligi kabi oilaviy qadriyatlarning transformatsiyasiga ta’sir ko‘rsatishi ijtimoiy-falsafiy jihatdan asoslangan;
gumanizm, inson qadri, ilm va innovatsion tafakkurning o‘rni ortib borishi kabi qadriyatlarning yangilanayotgan O‘zbekistondagi qadriyatlar tizimida ustuvor ahamiyat kasb etib borishi tufayli yosh oilalarning aksiologik qiyofasi hamda qadriyatli mo‘ljallari transformatsiyaga uchrayotganligi vorisiylik, tarixiylik, progressivlik tamoyillari asosida ochib berilgan;
qadriyatlar transformatsiyasining oila institutiga ta’sirini tavsiflovchi maqsadli, sotsiomadaniy, aksiologik, ijtimoiy-integrativ, qo‘llab-quvvatlash komponentlaridan iborat qadriyatlar transformatsiyasi sharoitida yosh oilalarni mustahkamlashning ijtimoiy-falsafiy modeli ishlab chiqilgan.
IV.Natijalarining joriy qilinganligi. Qadriyatlar transformatsiyasining yosh oilalar mustahkamligiga ta’sirining ijtimoiy-falsafiy jihatlarini o‘rganishga oid olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
yosh oilalar mustahkamligiga xizmat qiluvchi lokal, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tizimining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot dinamikasiga muvofiq transformatsiyaga uchrashi tizimli, deskriptiv (tasvirlovchi), dinamik va tahliliy aksiologik yondashuvlar orqali ochib berilganligiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining 
2024-yil 29-maydagi 02-01/780-don ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-87-son farmoni va 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” PQ-146-son qarorida belgilab berilgan qadriyatlarning o‘zgarib borishi va oilalar, jumladan, yosh oilalarni mustahkamlashda oilaviy qadriyatlar barqarorligi ahamiyatini oshirish, oila instituti hamda oilaviy qadriyatlar tizimida kechayotgan transformatsiya jarayonlarining salbiy ta’sirini oldini olishda samarali natijalarga erishilgan.
nikoh va oilaga nisbatan an’anaviy munosabatning o‘zgarishi, oilaviy ajralishlar va noto‘liq oilalarning ko‘payishi hamda kichik oilalar ulushining oshishi kabi demografik tendensiyalar keksalarni hurmat qilish, sadoqat, ishonch, o‘zaro hurmat, oilaning jipsligi kabi oilaviy qadriyatlarning transformatsiyasiga ta’sir ko‘rsatishi ijtimoiy-falsafiy jihatdan asoslanganligiga doir taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2024-yil 
6-maydagi 02-12-17-2787-son ma’lumotnomasi). Natijada oilaning murakkab ijtimoiy voqelik ekanligi, o‘zida ijtimoiy munosabatlar, jarayonlarning turli xil shakllarini mujassamlashtirganligi yuzasidan uslubiy materiallar tayyorlandi.
gumanizm, inson qadri, ilm va innovatsion tafakkurning o‘rni ortib borishi kabi qadriyatlarning yangilanayotgan O‘zbekistondagi qadriyatlar tizimida ustuvor ahamiyat kasb etib borishi tufayli yosh oilalarning aksiologik qiyofasi hamda qadriyatli mo‘ljallari transformatsiyaga uchrayotganligi vorisiylik, tarixiylik, progressivlik tamoyillari asosida ochib berilganligiga oid ilmiy xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2024-yil uchun chora-tadbirlar dasturining VIII yo‘nalishida belgilangan “Milliy qadriyatlar, ma’naviy fazilatlar va ijtimoiy odoblar targ‘iboti” 40-bandi “Jamiyatda va oilada xotin-qizlarning mavqeyini ko‘tarish, oilaviy ajrimlarni oldini olish, ma’naviy sog‘lom muhitni shakllantirish, farzandlar tarbiyasida ayollarning mas’ulligini oshirish, xotin-qizlar o‘rtasida boqimandalik holatlarini ko‘payishini oldini olish, qizlarda sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish yuzasidan “Sharq ayoli ma’rifati” targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish” mavzusida targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2024-yil 25-apreldagi 176-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalardan yosh oilalar mustahkamligini ta’minlashda qadriyatlar transformatsiyasining dialektik ta’sirini ijtimoiy falsafaning kategorial tizimi asosida ochib berishga xizmat qilgan.
qadriyatlar transformatsiyasining oila institutiga ta’sirini tavsiflovchi maqsadli, sotsiomadaniy, aksiologik, ijtimoiy-integrativ, qo‘llab-quvvatlash komponentlaridan iborat qadriyatlar transformatsiyasi sharoitida yosh oilalarni mustahkamlashning ijtimoiy-falsafiy modeli ishlab chiqilganligiga oid xulosalar, taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalida “Millat va ma’naviyat”, “Dugonalar” nomli dasturlarning 2024-yil fevral va aprel oylaridagi sonlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2024-yil 8-apreldagi 04-36-479-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi tomoshabinlarda ma’naviy-axloqiy dunyoqarashi hamda oilaga nisbatan qadriyat sifatida munosabatning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish