Abdunazarov Otabek Ulug‘bekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi yumshoq bug‘doyning global iqlim o‘zgarishlariga chidamli, hosildor, don sifati yuqori navlarini tanlash hamda urug‘chiligini tashkil etish”, 06.01.05- Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Qx1061.
Ilmiy rahbar: Mardanov Husniddin Xolbazarovich, Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Xolmurodova Go‘zal Ruzievna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Alikulov Safar Menglikulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Janubiy dexqonchilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kuzgi yumshoq bug‘doyning mahalliy va xorijiy navlari orasidan ertapisharlik, yuqori hosildorlik, don sifati va global iqlim o‘zgarishlariga bardoshlilik kabi qimmatli xo‘jalik belgilarini o‘zida mujassam etgan navlarni aniqlash, ularning urug‘chiligini tashkil etish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga tavsiya etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
duragaylashga jalb qilingan, don sifati yuqori bo‘lgan kuzgi bug‘doy nav namunalari har tomonlama qiyosiy baholangan va ertapishar, don hosili va sifati yuqori bo‘lgan navlarni tanlash samarador bo‘lishi aniqlangan;
don sifati yuqori bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doy navlaridan 4x4 sxemada o‘tkazilgan diallel chatishtirish natijasida populyasiyalarning o‘zgaruvchanligi ortgan va ota-ona shakllarining umumiy va xususiy kombinatsion qobiliyati asosida belgilarning irsiylanishini aniqlash qimmatli manbalarni ajratish imkonini berishi ilmiy asoslangan;
duragaylarda diallel tahlillar o‘tkazish orqali Rizq, Yog‘du, Andijon-3 va Hamkor navlarining umumiy va xususiy kombinatsion qobiliyatlari aniqlangan va bu orqali tadqiqotlar yo‘nalishini belgilangan va natijada seleksiya ishlarini 50 % ga qisqartirishga erishish mumkinligi asoslangan;
kasalliklarga va yotib qolishga bardoshli, ertapishar, donining sifat ko‘rsatkichlari yuqori, serhosil, mahalliy iqlim sharoitga moslashgan navlar tanlangan, tadqiqot natijalari asosida kuzgi yumshoq bug‘doyning Hamkor, Rizq va Navbahor navlarining ko‘rsatkichlari barqarorlashtirilgan va Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga topshirilgan;
Andijon viloyati sharoitida o‘rganilgan kuzgi yumshoq bug‘doy navlarining original urug‘liklarini oilalar orasida qat`iy brakovka o‘tkazish hamda 1-2 yilgi avlodlarni sinash usuli bilan etishtirishni tashkil etilishi bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kuzgi yumshoq bug‘doyning global iqlim o‘zgarishlariga chidamli hosildor, don sifati yuqori navlarini tanlash hamda urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanish natijalari asosida:
tashqi muhit omillariga, kasallik va zararkunandalarga chidamli, don sifati va hosildorligi yuqoriligi bo‘yicha tanlab olingan “Flesh” navi Andijon viloyati Andijon tumanida “Iqbol” fermer xo‘jaligida 10 ga, “Elanchik” navi “Nihol” fermer xo‘jaligida 8 ga, “Shkola” navi “Oltin tola saxovati” fermer xo‘jaligida 6 ga, jami 24 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 29 maydagi 05/04-04-236-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur navlar bo‘yicha 70,0-75,0 s/ga hosildorlikka erishish imkonini berib, boshqa navlarga nisbatan don sifatining yuqoriligi (oqsil 0,2-0,3 %ga, kleykovina 2,0-3,0 %ga) bo‘yicha ajralib turgan;
kuzgi bug‘doyning “Davr” navi Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi “Tillaboev hosili mo‘l” fermer xo‘jaligida 7 ga, “Chuvama kelajagi” fermer xo‘jaligida 5 ga, “Navbahor” navi “To‘rtko‘l fayz” fermer xo‘jaligida 11 ga, “Sharq Yulduzi oltin dalasi” fermer xo‘jaligida 8 ga, jami 29 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 29 maydagi 05/04-04-236-son ma’lumotnomasi). Natijada, gektaridan o‘rtacha 70,0-75,0 sentner don hosili etishtirilib, har gektar maydondan 6-10 sentner yoki 11,6-15,1 % qo‘shimcha yuqori va sifatli don hosili olishga erishilgan;
“Kuzgi yumshoq bug‘doyning global iqlim o‘zgarishlariga chidamli, hosildor, don sifati yuqori navlarini tanlash hamda urug‘chiligini tashkil etish (Andijon viloyati misolida) bo‘yicha tavsiyalar” nomli tavsiyanoma chop etilgan va Andijon viloyatida ishlab chiqarishga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 29 maydagi 05/04-04-236-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma bugungi kunda viloyat fermer xo‘jaliklari va klasterlari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilib, bug‘doy hosildorligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish