Sarabekov A’zamjon Abdukadirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirishning fuqarolik-huquqiy tartibga solinishini takomillashtirish” 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Ilmiy rahbar: Rustambekov Islambek Rustambekovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Said Saidaxrarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xursanov Rustam Xolmuratovich, yuridik fanlar doktori, professor v.b.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni raqamli iqtisodiyot kontekstida kompleks, ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilish, raqamli iqtisodiyotdagi huquqiy tartibga solish munosabatlarida mavjud muammolarni aniqlash va ushbu munosabatlarni huquqiy tartibga solish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dastur kodlari, axborot tizimlari yoki tarmoqlar orqali tuzilgan elektron bitimlar, shuningdek, elektron aloqa vositalari orqali amalga oshiriladigan hujjat aylanmasi bitimlarning yozma shakliga tenglashtirilishi zarurligi ilmiy asoslangan;
raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy AT kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni yaratish zarurati asoslab berilgan;
iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt, blokcheyn, katta ma’lumotlar va aqlli raqamli texnologiyalarni qo‘llash uchun yagona raqamli platforma orqali tadbirkorlik subektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan konsolidatsiyalashgan axborot tizimlarini yaratish zarurligi ilmiy asoslab berilgan;
texnologik neytrallik, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, subektlarning raqamli huquqlarini himoya qilish va xalqaro uyg‘unlashuv prinsiplari asosida raqamli iqtisodiyotni fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish konsepsiyasi ilmiy asoslab berilgan;
raqamli texnologiyalarni shartnomaviy-huquqiy tartibga solish, raqamli platformalarni tartibga solishning institusional infratuzilmasi va kichik hamda o‘rta biznesni raqamlashtirishni rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladigan raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar tizimi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
dasturiy kodlar, axborot tizimlari yoki tarmoqlar orqali amalga oshiriladigan elektron bitimlarni bitimlarning yozma shakliga tenglashtirish, shuningdek, elektron hujjat aylanmasining huquqiy maqomini belgilashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ-129-son “Tadbirkorlik subektlariga xalqaro platformalar orqali raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda qo‘llangan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025-yil 3-iyundagi 11/32-9453/8-sonli joriy etish to‘g‘risidagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi raqamli bitimlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi korxonalarning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun huquqiy sharoitlar yaratilishiga xizmat qildi;
raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksportni rivojlantirish, xorijiy AT kompaniyalarini jalb etish va raqamli eksportni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-fevraldagi PQ-87-son “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025-yil 3-iyundagi 11/32-9453/8-sonli joriy etish to‘g‘risidagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi raqamli texnologiyalar sohasida eksport hajmlarining oshishiga va O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotga xorijiy investisiyalar jalb qilinishiga yordam berdi;
sun’iy intellekt, blokcheyn texnologiyalari, katta ma’lumotlar va aqlli raqamli texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlarida joriy etishni yagona konsolidatsiyalashgan raqamli platforma orqali amalga oshirishga oid taklif “2025–2030-yillarga mo‘ljallangan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasi”ni tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF–50-son Farmonini ishlab chiqishda qo‘llangan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025-yil 3-iyundagi 11/32-9453/8-sonli joriy etish to‘g‘risidagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi kichik va o‘rta biznesni raqamli transformatsiya qilish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni iqtisodiy jarayonlarga joriy etish uchun huquqiy asos yaratilishiga imkon yaratdi;
axborot tizimlari, elektron resurslar va ma’lumotlar bazalarini yaratish, shuningdek, ma’lumotlarni tahlil qilish va ixtisoslashtirilgan raqamli xizmatlar ko‘rsatish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha taklif normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ularning huquqiy ekspertizasini o‘tkazish jarayonida qo‘llangan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri apparatining 2025-yil 20-maydagi 12-16-41-sonli joriy etish to‘g‘risidagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy raqamli iqtisodiyot huquqiy bazasini shakllantirish va raqamli xizmatlarni huquqiy tartibga solishning samarali mexanizmlarini yaratishga yordam berdi.