Mustanov Ilxom Abdivalijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i) nomi “O‘zbekiston Respublikasida banklar faoliyatini tartibga solishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish”, 12.00.02. – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Yul411
Ilmiy rahbar: Ergashev Ikrom Abdurasulovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Davlyatov Valisher Xakimjanovich, yuridik fanlar nomzodi, professor Xojiev Erkin Tuygunovich.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida banklar faoliyatini huquqiy tartibga solishning ilmiy-nazariy, amaliy va qonunchilik muammolarini tizimli o‘rganish asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi tushunchasi kengroq tahlil qilinib, uning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari, sho‘ba banklar, ularning filiallari, vakolatxonalari, operatsion idoralari (punktlari), xorijiy banklarning vakolatxonalari kirishi lozimligi asoslab berilgan;
banklarning asosiy vazifasi moliya-kredit tizimida bo‘sh mablag‘lardan unumli foydalanish orqali kapital bozorni moliyalashtirish va aholiga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hisoblanishi asoslangan;
onlayn platformalar va boshqa savdo-xizmat ko‘rsatish platformalariga xizmat ko‘rsatuvchi operator funksiyalarini bajarish; bank faoliyati bilan bog‘liq kompyuter tizimlari va dasturlarini sotish va ijaraga berish, moliyaviy ta’lim va moliya bo‘yicha kitoblar va davriy nashrlarni nashr etish, moliyaviy tadqiqotlar va so‘rovnomalar o‘tkazish forfeiting operatsiyalari, bank oldidagi majburiyatlarni to‘lash uchun garovni sotish bank operatsiyalari (bank xizmatlari)ning alohida turi sifatida namoyon bo‘lishi asoslab berilgan;
bank mijozlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi ma’muriy, shartnomaviy va qo‘shimcha choralar usullarini qamrab olishi, mazkur usullardan qo‘shimcha usul doirasida O‘zbekiston Respublikasida bank ombudsmani instituni joriy etish zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasida banklar faoliyatini tartibga solishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yisha olingan ilmiy natijalar asosida:
bank faoliyati daromad olishga qaratilgan, vakolatli organ tomonidan berilgan lisenziya doirasida bank mijozlariga bank xizmatlarini ko‘rsatish, jismoniy va yuridik shaxslarga bank hisobraqamlarini ochish va yuritish, omonatlarni qabul qilish, kreditlar berish, to‘lovlar va hisob-kitoblar va boshqa moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs ekanligiga qaratilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining
3-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 27-martdagi 02/4-40-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi bank tushunchasi mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
bank operatsiyalari banklar tomonidan lisenziyada hamda qonunchilikda amalga oshirilishiga ruxsat etilgan harakat turlari bo‘lib, mazkur harakatlar korporativ va fuqarolik vositalar orqali realizatsiya qilinishi hamda bank operatsiyalarining bir qator turlarini belgilashga qaratilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 27-martdagi 02/4-40-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi bank operatsiyalari turlarini huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
bank nazorati vakolatli organ tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish maqsadida qonunchilik yoki o‘zi tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga banklar tomonidan amal qilinishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini tashkil etadi va uning bir turi sifatida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan prudensial normativlar tizimi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 38-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 27-martdagi 02/4-40-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi bank nazoratining shakl va usullarini huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga xizmat qilgan;
Markaziy bankning asosiy maqsadi moliya-kredit mexanizmlari orqali pul va narxlarning barqarorligini ta’minlash hisoblanadi va mazkur maqsaddan kelib chiqib, moliyaviy vazifalarni bajaradi (nazorat qilish, tekshirish, monitoring qilish, normativ-huquqiy hujjat chiqarish orqali tartibga solish, lisenziyalash, maslahat, kafolat, kafil, fiskal agent, rezerv, depozitariy va boshqalar vazifalar to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 27-martdagi 02/4-40-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi Markaziy bankning maqsad va vazifalarini huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga xizmat qilgan.
Mazkur dissertatsiya xulosalari asosida ishlab chiqilgan banklar faoliyatini tartibga solishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalari qabul qilingan.