Saidaxmedov Aktam Abdisamievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mis eritish sanoati chang va gazlari tarkibidan rangli va nodir metallarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish», 04.00.14 – Foydali qazilmalarni boyitish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/T846.
Ilmiy maslahatchi: Xasanov Abdirashid Salievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ulug‘bek Abdurasulovich, texnika fanlari doktori professor; Shadrunova Irina Vladimirovna, texnika fanlari doktori, professor; Tastanov Erbulat Adiyatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sulfat kislotasi ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan qo‘rg‘oshin-vismutli shlamlar va konverterli qayta ishlash jarayonidagi elektrofiltrning mayin changidan rangli va nodir metallar miqdorini boyitishga qaratilgan texnologiyani ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sulfat kislota ishlab chiqarish qo‘rg‘oshin-vismutli shlami va konverter changining granulometrik va mineral tarkibi asosida ularning o‘ta mayda 0,1-10 mkm o‘lchamda ekanligi aniqlangan hamda misni eritish jarayonlarining chang-gazli mahsulotlarida rangli va qimmatbaho metallarning hosil bo‘lishi va to‘planishi nazariy jihatdan asoslangan;
qo‘rg‘oshin-vismutli shlam va konverter changini suvda yuvish va dekantatsiyalash jarayoni cho‘kmasidan qo‘rg‘oshinni natriy xlorid bilan ikki bosqichli tanlab eritish orqali 91,9% qo‘rg‘oshinni eritmaga o‘tkazish, shuningdek, 96,59% mis, 95,1% rux va 79,0% kumushni hamda oltin, platina va palladiyni to‘liq kekka ajratib olish imkonini beruvchi boyitish texnologiyasining parametrlari ishlab chiqilgan;
tanlab eritish texnologik eritmasini quyultirish-tindirish va dekantatsiyalash orqali cho‘kmani filtrlash jarayonida qo‘rg‘oshin xloridni ajratishga va filtrlash tezligini 3 barobar oshirishga imkon beruvchi maqbul parametrlar aniqlangan;
qo‘rg‘oshinni xlorid eritmasidan cho‘ktirishda, pH 8,5-9 va 20 °C haroratda karbonatlash orqali 72% Pb tarkibli qo‘rg‘oshin karbonat kimyoviy boyitmasini olish imkonini beradigan maqbul parametrlar aniqlangan;
qo‘rg‘oshin-vismutli shlam va konverter changidan rangli va nodir metallarni boyitmaga kompleks ajratib olishning takomillashtirilgan texnologik sxemasi hamda apparatlar zanjiri sxemasi ishlab chiqilgan;
tarkibida nodir metallar bo‘lgan tuzli tanlab eritishdan keyin olingan kekni eritish qonuniyatlari asoslangan va nodir metallarni shteyn fazasiga o‘tkazish parametrlari aniqlangan, texnologik jarayon to‘liq ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mis ishlab chiqarish chang-gaz mahsulotlaridan rangli va nodir metallarni ajratib olishning takomillashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sulfat kislota ishlab chiqarish sexi qo‘rg‘oshin-vismutli shlami (80%) va konverter mayin changi (20%)dan rangli va nodir metallarni kompleks ajratib olishning texnologik sxemasi “Olmaliq KMK” AJ mis eritish zavodida amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2024 yil 16 avgustdagi 08-24/01-01084-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uzoq yillardan buyon yig‘ilib turgan texnogen chiqindilar tarkibidagi nodir metallarni boyitmaga ajratib olish imkonini bergan;
sulfat kislota ishlab chiqarish sexi qo‘rg‘oshin-vismutli shlami va konverter mayin changini ikki bosqichda texnik tuz qo‘shgan holda tuzli tanlab eritish va eritmani quyultirish-tindirish, dekantatsiyalash hamda qoldiqni qaynoq filtrlash texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ mis eritish zavodida amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2024 yil 16 avgustdagi №08-24/01-01084-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qo‘rg‘oshinning 92%i eritmaga o‘tkazilgan va tarkibida (g/t): 16 Pd; 29,3 Pt; 22,6 Au; 416,1 Ag; va (%): 3,88 Cu; 2,6 Zn bo‘lgan boyitma kek olishga va filtrlash tezligini 3 martaga oshirish imkonini bergan;
tuzli tanlab eritishdan so‘ng hosil bo‘lgan qo‘rg‘oshin xlorid eritmasini karbonatlab cho‘ktirishning maqbul parametrlari “Olmaliq KMK” AJ mis eritish zavodida amaliyotga joriy qilingan (“Olmaliq KMK” AJning 2024 yil 16 avgustdagi 08-24/01-01084-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, eritmadan pH=8,5-9,0 bo‘lguncha Na2CO3 qo‘shgan holda qo‘rg‘oshinni karbonat holda cho‘ktirib, filtrlash orqali tarkibida 70% dan ortiq qo‘rg‘oshin bo‘lgan kimyoviy boyitma olishga va olingan qo‘rg‘oshin karbonatini tiklab eritish orqali 99,9% tozalikdagi qo‘rg‘oshin metalini olish imkonini bergan;
sulfat kislota ishlab chiqarish sexi qo‘rg‘oshin-vismutli shlami va konverter mayin changini tuzli tanlab eritishdan olingan boyitma kekni yallig‘ qaytaruvchi pechda eritishning texnologik sxemasi “Olmaliq KMK” AJ mis eritish zavodida ishlab chiqarishga joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJning 2024 yil 16 avgustdagi №08-24/01-01084-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, boyitma kek tarkibidagi qimmatbaho metallarning, jumladan, (%ini): 96 Au; 95 Ag; 90 Pd; 86 Pt, 94 Zn va 97 Cu shteynga ajralish imkonini bergan.