Erjigitov Doston Sheralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «DNK markerlar texnologiyasi yordamida yumshoq bug‘doyning biotik va abiotik omillarga chidamli genotiplarini olish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1338.
Ilmiy rahbar: Turaev Ozod Sunnatalievich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Bozorov Toxir Axmadovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Xamraev Nurbek Ulug‘bekovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: DNK markerlar texnologiyasidan foydalanib, kuzgi yumshoq bugʻdoyda sariq zang kasalligi, yuqori harorat hamda qurgʻoqchilikka chidamlilik xususiyatlarini bir genotipga jamlash orqali yangi genotiplar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yuqori harorat, qurg‘oqchilik va sariq zang kasalligiga chidamliligi kompleks tarzda yumshoq bug‘doyning mahalliy navlari va CIMMYT kolleksiyasi tizmalarida fenotipik hamda genotipik darajada (DNK markerlar yordamida) baholangan;
O‘zbekiston sharoitida sariq zang kasalligiga chidamlilik bilan bog‘liq Xgwm120_156, yuqori haroratga chidamlilik bilan bog‘liq Xcfa2147_300 va qurg‘oqchilikka chidamlilik bilan bog‘liq Xgwm484_180 markerlari validatsiya qilinib (tasdiqlanib), ularning ushbu stress omillariga chidamlilikni aniqlashdagi yuqori samaradorligi ilmiy asoslangan;
oddiy va murakkab duragaylash usullari orqali olingan duragay kombinatsiyalarida qimmatli xo‘jalik belgilari va stress omillarga chidamlilikning irsiylanish va o‘zgaruvchanlik ko‘lami aniqlangan;
ilk bor DNK markerlar texnologiyasi yordamida murakkab kombinatsiyali F2 o‘simliklarida sariq zang, yuqori harorat va qurg‘oqchilik stress omillariga chidamlilik allellarini yagona genotipga jamlash orqali yangi, istiqbolli genotiplar yaratilgan;
murakkab kombinatsiyalar orasidan F2(Xisorak×KR12-5003)×(KR12-9023×Asr) kombinatsiyasi yuqori darajadagi chidamlilik ko‘rsatkichlarini namoyon etgan va seleksiya jarayonida qimmatli manba sifatida foydalanish uchun ajratib olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. DNK markerlar texnologiyasi yordamida yumshoq bug‘doyning biotik va abiotik omillarga chidamli genotiplarini olish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
aniqlangan DNK markerlaridan bug‘doyning sariq zang kasalligiga chidamli liniyalarini ajratib olish, chidamli namunalarda esa qaysi turdagi Yr genlari mavjud ekanligini aniqlashda “Bug‘doyning sariq zang va g‘o‘zaning fuzariozli vilt kasalligi zamburug‘larini molekulyar genetik xilma xiligini aniqlash” (2020-2024 yillar) mavzusidagi byudjet (bazaviy) dasturini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 12 maydagi 4/1255-1153-son ma’lumotnomasi). Natijada, bug‘doyning biotik omillar bilan genetik bog‘langan Barc8 (Yr15), Gwm413 (Yr15), Wmc44 (Yr29) va csLV34 (Yr 18) kabi markerlari bug‘doyda sariq zang kasaligiga chidamlilikni namoyon qiluvchi chidamlilik genlarni tahlil qilish va identifikatsiyalash imkonini bergan;
O‘zbekistonning mahalliy bug‘doy navlari (Xisorak, Asr va Shams) hamda CIMMYT tashkilotining (KR12-07, KR12-5003 va KR12-9023) tizmalaridan ajratib olingan 6 ta genotip yuqori harorat, qurg‘oqchilik va sariq zang kasalligiga chidamli deb topilib, ICARDA tashkiloti tomonidan seleksiya va genetik tadqiqotlar uchun boshlang‘ich manba sifatida joriy etilgan (ICARDA - Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazining 2024 yil 4 dekabrdagi IST/1705-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur genotiplar bug‘doyning stressga chidamliligini oshirish, genetik bazasini boyitish, iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan amaliy ishlarni rivojlantirish imkonini bergan.