Razzakova Shirin Olimovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Koronavirus infeksiyasi natijasidagi asoratlarni erta aniqlash va oldini olish mezonlarini ishlab chiqish» 14.00.10-Yuqumli kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD /Tib2445.
Ilmiy rahbar: Axmedova Xalida Yuldashevna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami:  Toshkent tibbiyot akademiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.01. 
Rasmiy opponentlar: Ibadova Gulnara Alievna tibbiyot fanlari doktori, professor; Bayjanov Allabergan Kadirovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: koronavirus infeksiyasi oqibatidagi asoratlarni erta prognozlash va shakllanishining oldini olish mezonlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor miya (9,02%), bo‘g‘im xaltasi (11,3%), o‘pka (8,82%), oshqozon osti bezi (7,64%) va buyrak to‘qimalariga (8,15%) SARS-CoV-2ning organotrop shikastlovchi ta’siri maxsus sezgir bo‘lgan antigen bog‘lovchi limfotsitlar orqali aniqlangan;
ilk bor COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda turli a’zolarning to‘qima antigenlariga nisbatan antigen bog‘lovchi limfotsitlar darajasi va yallig‘lanish markyorlari (CRO, IL-1, IL-6, ferritin) o‘rtasida ishonchli (r=0,769) korrelyasion bog‘liqliklar aniqlangan;
ilk bor COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda to‘qima antigenlariga nisbatan maxsus sezgir bo‘lgan antigen bog‘lovchi limfotsitlarning boshlang‘ich chegaraviy qiymatining 6 % dan yuqori bo‘lishi-davolashdan so‘ng ham 90 % holatlarda to‘qimalarda patologik jarayon saqlanib qolinishining bashoratlovchi ahamiyati isbotlangan; 
ilk bor COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning komorbidlik indeksi bilan bemorlarning yoshi (r=0,871) va o‘pka to‘qimasining zararlanish darajasi (r=0,852) o‘rtasida kuchli to‘g‘ridan to‘g‘ri korrelyasion bog‘liqliklik mavjudligi va komorbidlik indeksi 3 balldan yuqori bo‘lganda o‘lim xavfi 85 % gacha etishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy texnik kengashning 2025 yil 7 maydagi 17-sonli yig‘ilish bayonnomasiga asosan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga tadbig‘i bo‘yicha xulosasiga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik: ilk bor miya, bo‘g‘im xaltasi, o‘pka, oshqozon osti bezi va buyrak to‘qimalariga SARS-CoV-2 virusining organotrop shikastlovchi ta’siri maxsus sezgir bo‘lgan antigen bog‘lovchi limfotsitlar (ABL) orqali aniqlanganligi bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy faoliyatni muvofiqlashtiruvchi ekspert kengashi tomonidan 2022 yil 15 dekabr 8n-r/1516-son bilan tasdiqlangan «Koronavirus infeksiyasi oqibatlarini erta bashorat qilishda immunologik ko‘rsatkichlardan foydalanish» nomli uslubiy tavsiyanoma mazmuniga kiritilgan. Mazkur takliflar Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi 2022 yil 19 dekabrdagi 196-p sonli buyrug‘i va Xorazm viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining 2023 yil 10 yanvardagi 9-sonli buyrug‘i bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: o‘tkazilgan tadqiqotlar koronavirus infeksiyasida ko‘plab a’zolarning shikastlanishlarini o‘z vaqtida bashorat qilish va farqlash imkonini beradi, bu esa bemorlar uchun keyingi davolash taktikasini aniqlash va ularning hayot sifatini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish hamda ortiqcha dori-darmondan foydalanmaslik imkoniyatini yaratadi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: asoratlarni erta bashoratlash, bemorlarni reabilitatsiya qilishga sarflanadigan qo‘shimcha tibbiy xizmatlar xarajatlarini kamaytirish orqali namoyon bo‘ladi. 
ikkinchi ilmiy yangilik: ilk bor COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda kasallikning avj olish davrida va erta rekonvalessensiya davrida turli a’zolarning to‘qima antigenlariga nisbatan maxsus sezgirligi oshirilgan ABL ko‘rsatkichlari va yallig‘lanish markyorlari  o‘rtasidagi bog‘liqlikni asoslashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy faoliyatini muvofiqlashtiruvchi ekspert kengashi tomonidan 2022 yil 15 dekabr 8n-r/1516-son xulosasi bilan tasdiqlangan «Koronavirus infeksiyasi oqibatlarini erta bashorat qilishda immunologik ko‘rsatkichlardan foydalanish» nomli uslubiy tavsiyanomada o‘z ifodasini topgan. Mazkur takliflar Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi 2022 yil 19 dekabrdagi 196-p sonli buyrug‘i va Xorazm viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining 2023 yil 10 yanvardagi 9-sonli buyrug‘i bilan amaliy faoliyatiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: taklif etilgan ko‘p a’zoli shikastlanishlarni aniqlash usuli COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda kasallikning avj olish davrida va erta sog‘ayish davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarni aniqlash va oldini olish imkoniyatini yaratadi. Iqtisodiy samaradorligi: COVID-19 asoratlarining rivojlanishini erta  bashoratlash orqali o‘lim holatlarini kamaytirish,  reabilitatsiya uchun sarflanadigan qo‘shimcha qimmat tibbiy tashxis va davolash xarajatlarini qisqartirishdan iborat.
uchinchi ilmiy yangilik: ilk bor COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda to‘qima antigenlariga nisbatan maxsus sezgir bo‘lgan antigen bog‘lovchi limfotsitlarning boshlang‘ich chegaraviy qiymatining 6 % dan ortishi - to‘qimalarda yallig‘lanish jarayoni mavjudligini  va davolanishdan so‘ng bu ko‘rsatkichning saqlanib qolishi mazkur a’zolarda patologik jarayonning davom etayotganligidan dalolat berishiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy faoliyatni muvofiqlashtiruvchi ekspert kengashi tomonidan 2022 yil 15 dekabr 8n-r/1516-son bilan tasdiqlangan «Koronavirus infeksiyasi oqibatlarini erta bashorat qilishda immunologik ko‘rsatkichlardan foydalanish» nomli uslubiy tavsiyanomada ko‘rsatilgan. Mazkur takliflar Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi 2022 yil 19 dekabrdagi 196-p sonli buyrug‘i va Xorazm viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining 2023 yil 10 yanvardagi 9 sonli buyrug‘i bilan amaliy faoliyatiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda turli a’zolarning TAg nisbatan maxsus sezgirligi oshirilgan ABLni aniqlash usulidan foydalanish - to‘qimalarda destruktiv jarayonlarining tarqalishini erta muddatlarda aniqlashga, kasalxonada davolanish va reabilitatsiya xarajatlarini kamaytirishga hamda nogironlik va letal oqibatlarni pasaytirish orqali bemorlar salomatligining yaxshilanishiga olib keladi. Iqtisodiy samaradorligi: yangi koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarni erta muddatlarda prognozlash - o‘z vaqtida zarur tegishli davoni tayinlash va bemorlarni reabilitatsiya qilishga sarflanadigan qo‘shimcha xarajatlarni 30-40% ga (17000000 so‘mdan 7750000 so‘mgacha) kamaytirish orqali har bir bemor uchun 9,25 million so‘m iqtisod qilish imkonini beradi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: ilk bor COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning komorbidlik indeksi bilan bemorlarning yoshi (r=0,871) va o‘pka to‘qimasining zararlanish darajasi (r=0,852) o‘rtasida aniqlangan kuchli to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrelyasion bog‘liqliklikni asoslash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy faoliyatni muvofiqlashtiruvchi ekspert kengashi tomonidan 2022 yil 15 dekabr №8n-r/1516-son bilan tasdiqlangan «Koronavirus infeksiyasi oqibatlarini erta bashorat qilishda immunologik ko‘rsatkichlardan foydalanish» nomli uslubiy tavsiyanomada aks ettirilgan. Mazkur takliflar Respublika maxsus 1-son Zangiota shifoxonasi 2022 yil 19 dekabrdagi №196-p sonli buyrug‘i va Xorazm viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining 2023 yil 10 yanvardagi №9 sonli buyrug‘i bilan amaliy faoliyatiga tadbiq etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: reabilitatsiya davrida maqsadli davolash orqali bemorlarning mehnat qobiliyatini tezroq tiklanishidan iborat bo‘lib, bu esa statsionar muassasalarga tushadigan yuklamani kamaytirish imkonini beradi. Iqtisodiy samaradorligi: zarur patogenetik asoslangan davoni tayinlash orqali bemorlarning reabilitatsiyasi uchun sarflanadigan qo‘shimcha xarajatlarni minimallashtirish imkonini yaratadi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish