Fayzullaev Xayriddin Alimurodovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tuproqni poliz ekinlari ekish uchun tayyorlash bilan birga plyonka yotqizadigan mashina ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/T950
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat texnika universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02.
Rasmiy opponentlar: Xudayarov Berdirasul Mirzaevich, texnika fanlari doktori, professor; Batirov Zafar Lutfullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent; Abdulxaev Xurshed G‘afurovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi poliz ekinlarini plyonka ostiga ekish uchun tuproqni qisqa muddatlarda ekishga tayyorlash, tuproq strukturasini buzilishi va zichlanishidan himoya qilish, suv va energiya-resurslarni tejashni ta’minlaydigan mashinani ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan, shudgor yuzasini tekislab zichlaydigan va plyonka yotqizadigan ishchi qismlardan tashkil topgan kombinatsiyalashgan mashinaning konstruksiyasi va texnologik ish jarayoni ishlov berilgan yo‘lakni sifatli ekishga tayyorlash va plyonkani talablar darajasida yotqizilishini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
tekislagich-zichlagichning konstruksiyasi va parametrlari plyonka yotqiziladigan yo‘lak tuprog‘ini talablar darajasida sifatli tekislash va zichlashni ta’minlashini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
mashinaning tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan ishchi qismi universal panjasi va qiya tutqichli “paraplau” turidagi ish organlari parametrlari hamda ularni o‘zaro joylashishi kam energiya sarf qilgan holda belgilangan chuqurlikda tuproqni talablar darajasida sifatli yumshatilishini ta’minlashini hisobga olgan holda asoslangan;
mashina ishchi qismlari orasidagi bo‘ylama va ko‘ndalang masofalar deformatsiyalangan tuproqni to‘siqsiz siljishini hisobga olgan holda asoslangan;
kombinatsiyalashgan mashinaning ariqcha ochadigan va plyonka chetki qismlarini ko‘madigan disksimon ish organlarining parametrlari plyonka chetki qismlarini talablar darajasida ko‘milishini hisobga olgan holda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tuproqni poliz ekinlari ekish uchun tayyorlash bilan birga plyonka yotqizadigan mashina ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda olingan natijalar asosida:
poliz ekinlarini plyonka ostiga ekish uchun tuproqqa ishlov berish usuli va tuproqqa ishlov beradigan qurolga Rossiya Federatsiyasi intellektual mulk bo‘yicha Federal xizmatining ixtiroga va foydali modelga patentlari olingan (“Sposob obrabotki pochvi dlya vozdelivaniya baxchevix kul`tur pod plenkoy”, RU 2770604-2021 y., “Pochvoobrabativayushhee orudie dlya baxchevix kul`tur”, RU 190971-2019 y., “Pochvoobrabativayushhiy agregat dlya vozdelivaniya baxchevix kul`tur pod plenkoy”, RU 2768978-2021 y.). Natijada plyonka yotqiziladigan yo‘lakka ishlov beradigan va uni ekishga tayyorlaydigan mashinaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
tuproqqa ag‘darmasdan ishlov beradigan ishchi organlarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining foydali modellarga patentlari olingan (“Ag‘dargichsiz tuproqqa ishlov berish qurolining ishchi organi”, № FAP 00656-2011 y., “Erni ag‘darmasdan haydaydigan va unga ishlov beruvchi qurolning ishchi organi”, № FAP 00719-2012 y). Natijada tuproqqa sifatli ishlov berilishi va undagi namni saqlanishini ta’minlaydigan ish organlar konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
plyonka ostiga poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni tayyorlash bilan birga plyonka yotqizadigan mashinaga dastlabki talablar va texnik topshiriq tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-apreldagi 05/04-04-140-son ma’lumotnomasi). Natijada plyonka ostiga poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni agrotexnik talablar darajasida tayyorlash bilan birga plyonka yotqizishni amalga oshiradigan mashinaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
plyonka ostiga poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni tayyorlash bilan birga plyonka yotqizadigan mashinani ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq, texnikaviy shartlar va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-apreldagi 05/04-04-140-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan plyonka ostiga poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni tayyorlash bilan birga plyonka yotqizadigan mashinaning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
plyonka ostiga poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni tayyorlash bilan birga plyonka yotqizish uchun mashina O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-apreldagi 05/04-04-140-son ma’lumotnomasi). Natijada plyonka ostiga poliz ekinlarini ekish uchun tuproqni tayyorlash bilan birga plyonka yotqizishda yonilg‘i sarfi 1,75 martaga va foydalanishdagi xarajatlar 52 foizga kamaygan.