Abdulaxatov Murodjon Xamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sigmasimon ichak buralishi bo‘lgan bemorlarni diagnostikasi va jarrohlik usulida davolash taktikasini takomillashtirish”, 14.00.40 – Shoshilinch tibbiyot (tibbiyot fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Tib2971.
Ilmiy rahbar: Tulyaganov Davron Baxtiyarovich, tibbiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.63.01.
Rasmiy opponentlar: Akilov Xabibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xakimov Murod Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Qozog‘iston tibbiyot universiteti (Qozog‘iston)
Dissertatsiya yo‘nalishi amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqodning maqsadi sigmasimon ichak buralishlariga chalingan bemorlarda aniq va samarali diagnostik hamda davolash taktikalarini belgilash orqali davolash natijalarini yaxshilash va kasallikning residivlarini oldini olish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sigmasimon ichak buralishining patagnomik rentgenologik alomatlari yuqori sezuvchanligi asoslangan va ular asosida modifikatsiyalashtirilgan “AXIS” tasnifining ichakning to‘liq buralishi va nekroz xavfining prognozlashida diagnostik samaradorligi isbotlangan;
sigmasimon ichak buralishida ichak nekrozini erta aniqlashda ishlab chiqilgan baholovchi “SIB-UPM” prognostik modelining anamnestik, klinik va laborator determinantlarni ajratib olish va diagnostik jarayonini tezlashtirish orqali davolash taktikasiga aniq yondashuvni tanlashga imkon berishi hisobiga yuqori samaradorligi isbotlangan; 
sigmasimon ichak buralishida konservativ davolash usuli sifatida ishlab chiqilgan transanal mexanik-gidravlik detorsiya usulining samaradorligi bevosita buralash nuqtasiga ta’siri va ichakdagi suv oqimining turbulentlikni kamaytirishi hisobiga gidrodinamik qonunlari asosida isbotlangan;
sigmasimon ichak buralishi residivining oldini olishda taklif qilingan majmuaviy davolash algoritmning samaradorligi to‘qimalarning tirikligini saqlab qolinishi va asoratlar miqdorini 33,7% ga, o‘lim holatlarini esa 8,8%gacha kamaytirishi hisobiga samaradorligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
“Sigmasimon ichak buralishi bo‘lgan bemorlar diagnostikasi va jarrohlik usulida davolash taktikasini takomillashtirish” mavzusidagi yangilikni boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga joriy etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy texnik kengashining 2025 yil 25 aprel`dagi 16-son xulosasiga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik: ichak buralishi 135° dan oshgan hisobiga ichak nekrozi havfi yuqori bo‘lgan bemorlarda patagnomonik “kofe doni” rentgenologik alomatida asoslangan AXIS tasnifi modifikatsiyalashtirilganligi hisobiga ichakning to‘liq buralishi hamda nekroz xavfini oldindan bashorat qilish imkoniyatini bergan; u RShTYoIMning Namangan filialida (2025 y. 27 fevral; №79/4 raqamli buyruq) va RShTYoIMning Toshkent viloyati filialida (2025 y. 2 aprel`; №54 raqamli buyruq) amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Ushbu tasnif orqali >360° buralish xavfini 9,3 barobar yuqori ekanligi, ichak nekrozi xavfini esa 5,2 barobar yuqori ekanligi aniqlandi. Shu orqali yuqori xavfli bemorlarni erta aniqlash va jarrohlik tayyorgarligini tezlashtirish imkoni yaratilgan. Iqtisodiy samaradorligi: AXIS tasnifi orqali tez va aniq tashxis qo‘yish imkoni ishlab chiqilgan, bu esa tashxisdagi kechikishlar va asoratlar sonini kamaytirib, har bir yuqori xavfli bemorda o‘rtacha 2 kunlik shifoxona xarajatlarini tejash (taxminan 2700000 so‘m) imkonini bergan. Xulosa: AXIS tasnifi — arzon, samarali va tez tatbiq etiladigan tashxisiy vosita bo‘lib, shoshilinch holatlarda vaqt yo‘qotmasdan qaror qabul qilishga xizmat qildi hamda byudjet xarajatlarini kamaytirish imkonini bergan.
ikkinchi ilmiy yangilik: SIBda ichak nekrozini erta aniqlashga imkon beruvchi “SIB-UPM” prognostik modeli ishlab chiqilgan, ushbu modelning yuqori aniqlik va spesifiklikka ega ekanligi, shuningdek, uning elektron kal`kulyator orqali qo‘llanilishi diagnostika jarayonini tezlashtirishga va davolash taktikasiga aniq yondashuvni ta’minlashga yordam berishi isbotlangan bo‘lib, ushbu model asosida “SIB-UPM ballarini hisoblovchi kalkulyator” deb nomlanuvchi dasturiy ishlanma (necrosis_calculator.exe) tatbiq qilindi xamda RShTYoIMning Namangan filialida (2025 y. 27 fevral; №79/4 raqamli buyruq) va RShTYoIMning Toshkent viloyati filialida (2025 y. 2 aprel`; №54 raqamli buyruq) amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: SIBga chalingan bemorlarda erta diagnoz qo‘yish va davolash taktikasini to‘g‘ri aniqlashga, diagnostik va taktik xatolarni kamaytirishga, kasallikning asoratlari, o‘lim va residiv ko‘rsatkichlarini kamaytirishga, bu esa, o‘z navbatida, shifoxonada bemorga xirurgik yordam ko‘rsatib, bemorning hayotini saqlab qolishga qo‘shimcha imkon yaratgan. Iqtisodiy samaradorligi: SIBga chalingan bemorlarni taklif qilinayotgan usulda diagnostika qilish va xirurgik taktikani aniqlash shifoxonada davolanish muddatlarini o‘rtacha 3 kunga (11,55±5,44 kundan 8,59±1,92 kungacha, r<0,01) kamaytirish orqali umumiy harajatlarni har bir bemor uchun tahminan 1350000 x 3 = 4050000 so‘mga qisqartirish imkonini bergan. Xulosa: “SIB-UPM” modeli ichak nekrozini erta aniqlash va davolash taktikasida aniq qaror qabul qilishni ta’minlab, asoratlar va xarajatlarni kamaytirish imkonini bergan.
uchinchi ilmiy yangilik: Sigmasimon ichak buralishida konservativ davolash usullarining samaradorligiga baho berildi va birinchi marta transanal mexanik-gidravlik detorsiya usuli ishlab chiqildi. Transanal mexanik-gidravlik detorsiya usulining yuqori samaradorligi ilmiy isbotandi xamda RShTYoIMning Namangan filialida (2025 y. 27 fevral; №79/4 raqamli buyruq) va RShTYoIMning Toshkent viloyati filialida (2025 y. 2 aprel`; №54 raqamli buyruq) amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Detorsiyaning mazkur usuli orqali konservativ davolashda muvaffaqiyatlilik 92,9% ni tashkil qilgan (an’anaviy klizmada 6,8%, sifonli klizmada 19,3%, endoskopikda 48,5%), bu esa bemorlarda shoshilinch jarrohlik zaruriyatini kamaytirishga va hayot sifatini yaxshilashga olib kelgan. Iqtisodiy samaradorligi: Shoshilinch operatsiyadan voz kechilishi natijasida har bir bemor uchun jarrohlik xarajatlari va davolash muddatlari kamayib, o‘rtacha hisobda taxminan 1 bemorga 2500000 so‘mgacha byudjet tejamini ta’minlagan. Xulosa: Transanal mexanik-gidravlik detorsiya - samarali, arzon va xavfsiz usul bo‘lib, SIB bo‘lgan bemorlarda shoshilinch operatsiyalarning oldini olish va byudjet xarajatlarini kamaytirish imkonini bergan.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: SIBning residivlarini kamaytirishga qaratilgan RShTYoIM usulidagi yangi operatsiya usuli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining 2024 yil 04 martdagi № FAP 20240111-son talabnoma bilan qayd qilingan Foydali model RShTYoIMning Namangan filialida (2025 y. 27 fevral; №79/4 raqamli buyruq) va RShTYoIMning Toshkent viloyati filialida (2025 y. 2 aprel`; №54 raqamli buyruq) amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: SIBga chalingan bemorlarni radikal xirurgik davolashning yangi usuli an’anaviy sigmasimon ichak rezeksiyasiga nisbatan texnik jihatdan oddiyroq va kamroq shikastlantiruvchi bo‘lganligi sababli amaliyot davomiyligini o‘rtacha 40 daqiqaga (187,73±59,60 dan 144,77±30,80 daqiqagacha) qisqartirishga (r<0,001), operatsiyadan keyingi asoratlar miqdorini 47,1%dan 13,6% gacha kamaytirishga (r<0,05), o‘lim holatlarini 8,8%dan deyarli istisno qilish darajasigacha pasaytirishga, shifoxonada davolanish muddatlarini o‘rtacha 11,55±5,44 kundan 8,59±1,92 kungacha kamaytirishga (r<0,01) imkon bergan. Iqtisodiy samaradorligi: SIBga chalingan bemorlarni taklif qilinayotgan usulda xirurgik davolash operatsiyadan keyingi asoratlar miqdorini 47,1%dan 13,6% gacha kamaytirish orqali umumiy harajatlarni 3,5 barobar qisqartirish imkonini bergan. Xulosa: Taklif etilgan usul SIB residivlarini kamaytib, operatsiya og‘irligini engillashtirdi va asoratlar, o‘lim va xarajatlarni qisqartirdi. U yuqori ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan.
Ilmiy yangilikdan kengaytirilgan holda foydalanishi: “Sigmasimon ichak buralishi bo‘lgan bemorlar diagnostikasi va jarrohlik usulida davolash taktikasini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya tadqiqoti natijalarining amaliyotga joriy qilinganligi to‘g‘risida ilmiy yangilikni boshqa davolash-profilaktika muassasalariga joriy etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining 2025 yil 25 aprel`dagi 01-02/1037-sonli xati yuborilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish