Xadjaeva Zarina Faxriddin qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Buxoro viloyati Dengizko‘l zovuridagi fitoplanktonlarni aniqlash, ko‘paytirish va baliqchilikda qo‘llash biotexnologiyasi», 03.00.12 - Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/B1135.
Ilmiy rahbar: Rashidov Negmurod Elmurodovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.72.02.
Rasmiy opponentlar: Toxirov Baxtiyor Baxshilloevich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent; Jo‘raev Umid Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro viloyati Dengizko‘l zovuri suvliklarining algologik biomassasini aniqlash hamda ekologik – samarali turlarini ko‘paytirish orqali baliq mahsuldorligini oshirish va suvdan qayta foydalanish texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro viloyati Dengizko‘l zovurining yuqori, o‘rta va quyi oqim suvlari algoflorasining 5 ta bo‘lim, 10 ta sinf, 16 ta tartib, 35 ta oila, 75 ta turkumiga mansub jami 425 tur va 72 ta tur xillari aniqlangan;
Dengizko‘l zovuri suvlarining oqimlar bo‘yicha gidrokimyoviy tarkibi xloridlar miqdorida - yuqori 1,8 g/l, o‘rta 4,0 g/l va quyi 3,4 g/l da, sulfatlar miqdori kesimida esa yuqori 2,2 g/l, o‘rta 4,2 g/l va quyi 3,0 g/l da bo‘lishi asoslangan;
Zovurdagi dominant suvo‘tlari – Chlorella vulgaris, Chlorella pyrenoidosa va Scenedesmus obliquus ajratib olingan va ular yordamida zovur suvning minerallashuvini pasaytirish darajasi baholangan;
baliqchilik hovuzlarida biologik faol moddalarga va oqsilga boy Chlorella vulgaris, Chlorella pyrenoidosa va Scenedesmus obliquus suvo‘tlarni baliqlarga ozuqa sifatida qo‘llash orqali yuqori mahsuldorlikka erishish mumkinligi isbotlangan;
suv tanqis sharoitlarda fitoplanktonlarni zovur suvlarida ko‘paytirish orqali minerallik darajasini kamaytirish usuli ishlab chiqilgan va suvdan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun takroriy foydalanish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro viloyati Dengizko‘l zovuridagi fitoplanktonlarni aniqlash, ko‘paytirish va baliqchilikda qo‘llash biotexnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Dengizko‘l zovuri algoflorasining istiqbolli Chlorella vulgaris, Chlorella pyrenoidosa va Scenedesmus obliquus turlarini ko‘paytirish me’yorlari va baliqlarni oziqlantirish normalari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Kogon tumani Fish farming” MChJ baliqchilik xo‘jaligi hovuzlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 14-fevraldagi 06/26-05/903-sonli ma’lumotnomasi). Natijada oqsilga boy suvo‘tlar Oq do‘ngpeshona – Hypophthalmichthys molitrix Val. balig‘ining mahsuldorligini 600-700 g dan 1,5-1,7 kg gacha oshirish imkonini bergan;
zovur suvlarini fitoplanktonlar orqali bioremedatsion usulda mineral moddalardan qayta tozalangan suvlardan qishloq xo‘jaligining sug‘orma dehqonchilik foydalanish me’yorlari “Qorako‘l Kumush Kalava” agro klasteri erlarida amalyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2024-yil 13-fevraldagi 01/03-287-sonli ma’lumotnomasi). Natijada olinayotgan g‘o‘za hosiliga nisbatan mahsuldorlik 8-11 % gacha oshirish bilan birgalikda suvdan qayta foydalanish hisobiga suv tanqisligi sharoitida suvning tejalish imkonini bergan.