Urmonova Dilafruz Erkinjonovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «So‘x daryosi suv havzasi baliqlari (Actinopterygii: Teleostei)ning faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2023.1.PhD/V883.
Ilmiy rahbar: Sheraliev Baxtiyor Maxmutali o‘g‘li, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Boymurodov Xusniddin Toshboltaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Nazarov Muhammadrasul Sharapovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Zoologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: So‘x daryosi ixtiofaunasining zamonaviy tur tarkibi aniqlash, ularning morfologik, ekologik va bioxilma-xillik xususiyatlarini ochib berish hamda muhofazaga muhtoj turlarini muhofaza qilishning ekologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba So‘x daryosi ixtiofaunasining zamonaviy tur tarkibi 4 turkum, 9 oila, 13 urug‘ga mansub 14 turdan iborat ekanligi aniqlangan;
Sirdaryo havzasi endemigi Cottus spinulosus Kessler, 1872 ning So‘x, Marg‘ilonsoy va Qoradaryo populyasiyalarining molekulyar-genetik tahlili asosida So‘x populyasiyasi boshqa populyasiyalardan 0,62% (K2P) genetik farqlanishga ega ekanligi isbotlangan;
So‘x daryosi uchun endemik bo‘lgan Triplophysa daryoae Farg‘ona vodiysi suv havzalarida uchrovchi Triplophysa urug‘ining boshqa turlaridan morfotaksonomik jihatdan farqlanishi statistik tahlillar asosida asoslangan;
ilk marotaba So‘x daryosi yuqori, o‘rta va quyi oqimidagi ixtiofaunaning  bioxilma-xillik ko‘rsatkichi Shennon, Simpson, Pielou, Margalef, Menhinik hamda Berger-Parker indekslari asosida baholangan;
So‘x daryosi endemik turi Triplophysa daryoae uchun yangi maksimal umumiy uzunlik 113,2 mm ekanligi asoslangan;
So‘x havzasidagi 14 ta baliq turining umumiy uzunligi va og‘irligi o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘rsatkichi hisoblangan hamda ularning 3 ta turi izometrik, 1 ta turi manfiy allometrik va 10 ta turi ijobiy allometrik o‘sish ko‘rsatkichlariga ega ekanligi aniqlangan;
So‘x daryosida uchrovchi 14 ta baliq turining havza uchun xos bo‘lgan muhofaza maqomi TMXI mezonlari asosida shakllantirilgan, unga ko‘ra, 13 ta tur kamroq xavf ostida bo‘lgan turlar hamda 1 ta tur (Triplophysa daryoae) qirilib ketish arafasidagi tur maqomida ekanligi baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. So‘x daryosi suv havzasi baliqlarining faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Cottus spinulosus turining COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBank bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, PV111708 va PV111709 inventar raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda ushbu turning filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan;
So‘x daryosida uchrovchi 14 baliq turining havza bo‘ylab tarqalishi bo‘yicha qayd etilgan hududlar (koordinatalari), ixtiosenozlardagi miqdori, tadqiqot davomida olingan original rasmlar, Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘iga (GBIF) joylashtirilgan (Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘ining 2025 yil 13 maydagi 039-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘ida So‘x daryosida tarqalgan 14 baliq turi bo‘yicha global tahlil qilish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish