Xudoyberdiev Temur Maxmarajabovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Mirzacho‘lning sho‘rlangan gruntlari tarkibi va xususiyatlarining shakllanishi hamda diffuzion yuvilish paytida ularning o‘zgarishi», 04.00.04 - Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/GM247.
Ilmiy rahbar: Zakirov Mirabbas Mirsaatovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, DSc.24/30.12.2019.GM.96.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Aziz Sabirovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Aimbetov Izzet Kallievich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mirzacho‘lning sho‘rlangan gruntlari tarkibi va xususiyatlarining shakllanishini va diffuzion yuvilish paytida ularning o‘zgarishini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mirzacho‘l hududida sho‘rlanish jarayonining rivojlanishiga ta’sir qiluvchi asosiy geologik va texnogen omillar hamda tuz hosil bo‘lish va migratsiyasi manbalari aniqlangan;
sho‘rlangan gruntlardan tuzlarning faol yuvilishi, Mirzacho‘lning drenalanmagan suv ayirg‘ich hududlaridan farqli o‘laroq, pastqam uchastkalarda va qadimgi oqim o‘yiqlarida keng rivojlanganligi aniqlangan;
grunt g‘ovakligidagi eritmadan tuzlarning maksimal yuvilishi (xlorid tuzlarining erishi) dastlabki kunlarda kuzatilishi, ikkinchi maksimum (sul`fat tuzlarining erishi) 15-20-kunlarda namoyon bo‘lishi va jarayonning barqarorlashuvi supeslar uchun 28-34-kunlarda, suglinoklar uchun 32-40-kunlarda yuzaga kelishi aniqlangan;
gruntlarning ikkilamchi sho‘rlanishi hisobiga hosil bo‘lgan 0.75–1 m, ba’zi joylarda 1.5 m gacha chuqurliklarda joylashgan zich sho‘rlangan zona (qiyin eriydigan: amorf kremnezyom – SiO2, gips – CaSO4.2H2O, kal`sit – SaSO3, magniy va kal`siyning qo‘sh karbonat angidrit tuzi – SaSO3.MgSO3; oson eriydigan: NaCl, NaSO4.10H2O, MgCl2, CaCl2) mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Mirzacho‘l hududida sho‘rlangan gruntlarni va diffuzion yuvilish paytida ularning o‘zgarishini ilmiy-uslubiy o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tuzlarning yuvilish jarayoni rivojlanishiga ta’sir etuvchi aniqlangan kompleks omillar “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasi ilmiy-amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 27 yanvardagi 08-0401-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tuz hosil bo‘lishi va migratsiyasining asosiy manbalarini aniqlash uchun samarali monitoring tadqiqotlarini o‘tkazish imkonini bergan;
sho‘rlangan gruntlarning yuvilishini o‘rganish metodikasi hamda tuz hosil bo‘lishi va migratsiyasining asosiy manbalari “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tadqiqot instituti – O‘ZGASHKLITI” Qoraqalpoq filiali ilmiy faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi qurilish vazirligining 2024 yil 6 dekabrdagi 03-07/01-3773-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Mirzacho‘l hududida oson, o‘rta va qiyin eriydigan tuzlarning sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlari bilan tavsiflangan gruntlarning tarqalish maydonlarini asosli ajratish imkonini bergan;
Mirzacho‘lning o‘zlashtirilgan va qayta o‘zlashtirilayotgan hududlarida 0,75–1,5 m chuqurlikda aniqlangan zich ikkilamchi sho‘rlangan grunt gorizonti “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasi ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan (Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 27 yanvardagi 08-0401-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rlangan gruntlarda olib boriladigan monitoring tadqiqotlarini takomillashtirishga yordam bergan;
Mirzacho‘lning sho‘rlangan gruntlari tarkibi va xususiyatlari shakllanishining kompleks tahlillar natijalari “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasi ilmiy faoliyatiga joriy qilingan (Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 27 yanvardagi 08-0401-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zlashtirilgan va qayta o‘zlashtirilayotgan hududlarning meliorativ holatini baholash uchun gidrogeologik va muhandislik-geologik tadqiqotlarni samarali rejalashtirish imkonini bergan;
zaif o‘tkazuvchan gruntlarning g‘ovaklik eritmasida aniqlangan ionlarning yuqori konsentratsiyali zonadan past konsentratsiyali zonaga ko‘chishi “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tadqiqot instituti – O‘ZGASHKLITI” Qoraqalpoq filiali amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi qurilish vazirligining 2024 yil 6 dekabrdagi 03-07/01-3773-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rlangan gruntlarda tuz migratsiyasini aniqlash bo‘yicha laboratoriya tadqiqotlarini samarali rejalashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish