Usmonova Xadicha Jo‘raevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoramollarda trixofitiya kasalligining proflaktika va davolash uslublarini takomillashtirish”, 16.00.03 – Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasi, mikologiyasi, mikotoksikologiyasi va immunologiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/V25
Ilmiy rahbar: Mamadullaev Gulmurod Xamidovich, veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, PhD06/29.10.2021.V.139.01.
Rasmiy opponentlar: Salimov Ilxom Xaitovich, veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Xotamov Akbar Xudoyberdievich, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoramollarda trixofitiya kasalligini erta aniqlash, kasallikka qarshi vitaminlar, antiparazitar va antifungal vositalarni kompleks qo‘llash orqali samarali profilaktika va davolash usullarini takomillashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadayo, Samarqand va Andijon viloyatlarining 13 ta xo‘jaliklarida olib borilgan epizootologik tahlillar natijasida jami 2289 bosh qoramoldan 420 boshida (18,3%) trixofitiya kasalligi aniqlangan. Hududlar kesimida kasallik tarqalish darajasi Qashqadaryoda 32,0%, Samarqandda 45,6% va Andijon viloyatida 8,5% tarqalganligi aniqlangan;
Qashqadaryo viloyati hududlarida trixofitiya kasalligining mavsumiy tarqalishi qishda 33%, bahorda 28,0%, yozda 1,6%, kuzda 13,3%. Samarqand va Andijon viloyatlari hududlarida trixofitiya kasalligining tarqalishi mos ravshda, qishda 13-19%, bahorda 4,6-12,6%, yozda 0,6-1,3%, kuzda 4,6-7,6 foizgacha uchrashi aniqlangan;
Yoshga oid tarqalish darajasi o‘rganilganda bir yoshgacha bo‘lgan, jami 320 bosh qoramollarning 38,8 foizi, katta yoshdagi, jami 100 bosh qoramollarning 6,8 foizi trixofitiya bilan kasallanganligi aniqlangan;
Mikologik usullar yordamida Trixofiton verrucosum (xlamidiosporiya), Microsporum canus (makrokanidiya) va Trixofiton mentagrophytez (makrokanidiya-mikrokanidiyalarni) koloniyalarni o‘sishi, kultura xususiyati va mikroskop ko‘rinishiga qarab turlarning differensial diagnostikasi ishlab chiqilgan; 
Qoramollar trixofitiyasini oldini olishda LTF-130 vaksinaga taqqoslab, qoramollar ekto- va endoparazitlariga qarshi har 3 oyda ikki marta qo‘llanilgan Ivermektin (1%) preparati qoramollar trixofitiyasiga qarshi 100% proflaktik samara berishi aniqlangan;
Qoramollar trixofitiyasini davolash va oldini olishda LTF-130 vaksinasi bilan birgalikda vitaminlar, antiparazitar hamda antifungal preparatlar qo‘llanilib, samarasi tez va qulay usulda qo‘llaniladigan davolash uslublari bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoramollar trixofitiya kasalligining profilaktika va davolash uslublarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida: 
“Qoramollar trixofitiya kasalligining epizootologiyasi, diagnostika va davolash uslublari” bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma amaliyotga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 26 maydagi 02/23-367-son ma’lumotnomasi). Natijada qoramollar trixofitiyasi bo‘yicha epizootik ma’lumotlar boyitilgan hamda qoramollarda uchraydigan trixofitiya kasalligini samarali davolash va oldini olish imkoniyati yaratilgan; 
2023-2024 yillar davomida qoramollar trixofitiyasini bakteriologik uslubda differensial diagnostika qilish uslubi Samarqand viloyati Payariq, Pastdarg‘om, Oqdaryo, Qo‘shrabod tumani shaxsiy xonadonlaridagi, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani “Yurt riztqi naslchilik” MChJ fermer xo‘jaligi, Andijon viloyati Shahrixon tumani “Guliston nurli istiqboli” fermer xo‘jaliklardan keltirilgan jami 157 bosh qoramollarda joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 26 maydagi 02/23-367-son ma’lumotnomasi). Natijada dermatomikoz turiga mansub zamburug‘larning Trixofiton verrucosum qo‘zg‘atuvchisining Microsporum canus va Trixofiton mentagrophytes turlarini aniqlashga erishilgan;
Trixofitiya bilan kasallangan qoramollarni LTF-130 vaksinasi, vitaminlar, antiparazitar va antimikotik preparatlar asosida davolashning yangi 4 xil uslubi ishlab chiqilgan va Samarqand viloyati Pastdarg‘om tuman “Ravot” va “Yuqori Bog‘anali” aholi chorva mollari, Andijon viloyati Shahrixon tumani “Imkon chorva”, “Inomjon fayz”, “Guliston nurli istiqboli”, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani “Yurt-rizqi naslchilik” MChJ chorvachilik xo‘jaliklaridagi trixofitiya bilan kasallangan qoramollarda joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 26 maydagi 02/23-367-son ma’lumotnomasi). Natijada trixofitiya bilan kasallangan qoramollarni yangi 4 xil uslublar yordamida davolash orqali 100 foiz terapevtik samara olingan va sarflangan 1 so‘m xarajatga 5,26 iqtisodiy samara olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish