Achilova Ozoda Farxodovnaning fan doktori (DSc) 
dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): 
“Yapon va o‘zbek imperativ maqollarining pragma - diskursiv xususiyatlari”, 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.DSc/Fil522
Ilmiy maslahatchi: Safarov Shaxriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Siddikova Iroda Abduzuhurovna, filologiya fanlari doktori, professor; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor; Mustafaeva Samida Toshmuxammedovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yapon va o‘zbek tillaridagi imperativ maqollarning mohiyatini ochib berish, pragmatik va diskursiv xususiyatlarini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
yapon va o‘zbek muloqot diskursida faollashadigan buyruq, ko‘rsatma yoki maslahat mazmunini ifodalovchi imperativ maqollarni tahlil qilish orqali ularning pragmatik vazifasi aniqlanib, bu jarayonda ushbu maqollarning semantik, grammatik va struktur xususiyatlari ochib berilgan, imperativ maqollar orqali amalga oshiriladigan kommunikativ maqsad, ularning jamiyatdagi sotsiopragmatik  vazifasi hamda muloqot diskursida namoyon bo‘ladigan milliy-madaniy va interfaol xususiyatlari  ilmiy asoslangan;  
yapon va o‘zbek maqollarida imperativlikning bevosita hamda bilvosita ifodalanish holatlari aniqlangan, nutqdagi implisitlikni yuzaga keltiruvchi lingvopragmatik omillar tahlil qilinib, tadqiqot davomida o‘zbek tilidan farqli ravishda, yapon muloqot madaniyatida so‘zlovchining kommunikativ maqsadini eksplisit ifoda etish  harakati cheklovlarga uchrashi, ya’ni ijtimoiy me’yorlar va xushmuomalalik tamoyillari natijasida imperativ mazmunning ko‘proq bilvosita shakllarda ifodalanishi ilmiy asosda isbotlab berilgan;
yapon va o‘zbek tillaridagi imperativ maqollarning semantik va sintaktik tuzilishi hamda qurilish modellari batafsil tavsiflangan, yapon maqollarining odatda qisqa jumla shaklida ifodalanganligi, ularda fe’lli birikmalarning nutq vaziyatiga qarab ko‘pincha tushirib qoldirilishi aniqlangan hamda o‘zbek imperativ maqollarida buyruq ma’nosini ifodalovchi fe’l shakllari ishtirokida to‘liq jumla ko‘rinishida ifodalanishi dalillangan; 
yapon va o‘zbek tillaridagi tarkibida fauna va flora, diniy e’tiqod hamda madaniy realiyalarni aks ettiruvchi lug‘avoy birliklar ishtirok etgan imperativ maqollar tahlil qilinib, ular yordamida yapon va o‘zbek xalqlarining milliy xarakteri, dunyoqarashi hamda mentalitetining o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan; 
yapon tilidagi imperativ maqollarni o‘zbek tiliga muqobillashtirish jarayonida maqollarning individual tarkibiy elementlarini alohida-alohida tarjima qilish o‘rniga, ularning umumiy kontekst va nutqdagi mazmuniy yaxlitligini hisobga olish zarurligi va tillararo  funksional ekvivalentlikni ta’minlashda  semantik hamda pragmatik tafovutlarni inobatga olish  jumlani to‘liq va aniq muqobillashtirishni ta’minlashi isbotlangan, tarjimaning kognitiv-diskursiv mohiyatini inobatga oluvchi madaniyatlararo transfer usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yapon va oʻzbek imperativ maqollarining pragma-diskursiv xususiyatlari tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
yapon va oʻzbek muloqot diskursida imperativ maqollardan foydalanishning samarali usullari hamda maqollarni tarjima qilish masalalari bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan Evropa Ittifoqi tomonidan Erasmus + dasturining 2016-2018-yillarga moʻljallangan 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS+ CBHEIMEP: “Oʻzbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” mavzusidagi innovatsion tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 10-sentyabr 1785/02-son ma’lumotnomasi). Muloqot diskursida imperativ maqollar orqali so‘zlovchi munosabatininig ifodalanishi bilan bog‘liq natijalar nutq samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
buyruq mazmunidagi maqollarning diskursiv, pragmatik, kognitiv va sotsiolingvistik jihatdan tahlil qilinishi borasida olingan natijalardan 2/24-4/7-690-son “English Access Microscholarship Program” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 10-sentyabr 1786/02-son ma’lumotnomasi). Natijada pragma-diskursiv omillarning muloqot strategiyasiga ta’siri aniqlangan;
maqollar va ularning kundalik muloqotdagi ahamiyati haqidagi maʻlumotlardan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi “Ma’rifat shuʼlasi” koʻrsatuvining ssenariysida foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2024-yil 26-oktyabr 01-07/292-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot konseptiga bag‘ishlangan tahliliy fikrlar va nazariy xulosalar yoshlarning kitobxonlik saviyasini oshirishga yordam berdi;
imperativ maqollarning bevosita va bilvosita mazmunda nutqiy akt ko‘rinishida ifodalanishiga oid ma’lumotlardan Yaponiyaning Kavasaki shahridagi “WAGO” Co.LTD tashkilotida yapon tilini o‘qitishda ilmiy manba sifatida foydalanilgan (“Wago” Co.LTD tashkilotining 2024-yil 13-dekabr 48-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot ishidan olingan natijalar yapon tilini o‘rganayotgan talabalarga muloqot jarayonida maqollar orqali buyruq mazmunini ifodalash haqidagi tushunchalarini kengaytirishga yordam bergan;
yapon va o‘zbek dialogik nutqida hurmat va kamtarlik shaklida bevosita va bilvosita nutqiy akt ko‘rinishida ifodalangan imperativ maqollarning qo‘llanishi yuzasidan olingan natijalaridan Yaponiyaning Saitama shahridagi “YM” (VAI-EM) Co.LTD tashkilotida yapon tilini o‘qitishda foydalanilgan (“YM” (VAI-EM) Co.LTD tashkilotining 2024-yil 24-dekabr 303-son ma’lumotnomasi). Natijada “Yapon tili” fani bo‘yicha dars mashg‘ulotlari materiallarining nazariy va amaliy jihatdan boyishiga erishilgan; 
hayvonlar va qushlar nomi bilan bog‘liq zoonim maqollarning nutqdagi funksional belgilarining ahamiyati haqidagi natijalaridan Qarshi davlat universitetida 2021-2023-yillarda amalga oshirilgan SUZ-800-21GR-381 “Reinforcing English Language competence at Karshi State University” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Qarshi davlat universitetining 2024-yil 3-fevral 03/155-son ma’lumotnomasi). Natijada yapon va oʻzbek imperativ maqollarining lingvomadaniy hamda sotsiopragmatik aspektlari yoritilib, bu turdagi maqollarni tarjima jarayonida muqobillashtirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish