Kimyonazarov Sardorbek Qo‘chqarali o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Farg‘ona mevaxo‘rlari (Lepidoptera: Tortricidae) faunasi, ekologiyasi va xo‘jalik ahamiyati», 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/B876.
Ilmiy rahbar: Axmedova Zuxra Yuldashevna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xalillaev Sherzod Alimbaevich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Farg‘ona mevaxo‘rlar (Lepidoptera: Tortricidae) oilasining tur tarkibini aniqlash, bioekologik xususiyatlari hamda xo‘jalik ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Markaziy Farg‘ona hududida tarqalgan Tortricidae oilasining tur tarkibi tahlil qilinib, 2 kenja oila, 17 avlodga mansub 26 tur aniqlangan;
ilk bor O‘zbekiston faunasi uchun mevaxo‘rlarning Selenodes karelica (Tengstrom, 1875), Epiblema foenella (Linnaeus, 1758), Grapholita compositella (Fabricius, 1775) turlari hamda Markaziy Farg‘ona hududi uchun Argyrotaenia ljungiana (Tunberg, 1797), Lobesia botrana (Denis & Schiffermüller) 1775) turlari aniqlangan;
Markaziy Farg‘ona hududida tarqalgan mevaxo‘rlarning dominant turlari aniqlanib, ularning fenologiyasi ochib berilgan;
Markaziy Farg‘ona mevaxo‘rlarining 6 ta dominat turi va O‘zbekiston entomofaunasi uchun ilk marotaba qayd etilgan 3 turining morfologik hamda morfometrik xususiyatlari aniqlangan hamda molekulyar-genetik tahlillar asosida identifikatsiya kalitlari tasdiqlangan;
mevaxo‘rlarning rivojlanishiga abiotik, biotik hamda antropogen omillarning ta’siri ochib berilgan;
Markaziy Farg‘ona mevaxo‘rlarining  28 avlodga mansub 31  tur  entomofag hasharotlari hamda 4 avlodga mansub 7 tur entomopatogen mikromisetalari aniqlangan; 
ilk bor olma mevaxo‘ridan (Cydia pomonella) yadro poliedroz virusi shtammi ajratib olingan hamda mevaxo‘rlarga qarshi biologik kurash vositasining ilmiy asoslari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Markaziy Farg‘ona mevaxo‘rlari faunasi, ekologiyasi va xo‘jalik ahamiyati yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Markaziy Farg‘ona hududidan yig‘ilgan Tortricidae oilasi turlari bo‘yicha o‘tkazilgan molekulyar-genetik (sikvens xromatografiyasi) yondashuvlar asosida Archips crataegana (Hübner, 1796-1799), Argyrotaenia ljungiana (Tunberg, 1797), Lobesia botrana (Denis & Schiffermüller), Epiblema foenella (Linnaeus, 1758), Cydia pomonella (Linnaeus, 1758) hamda Grapholita compositella (Fabricius, 1775) turlarining mDNKsi COI sohasidan uzunligi 658 juft asosga ega bo‘lgan nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi bazasiga (NCBI) (https://www.ncbi.nlm.nih.gov) joylashtirilgan. Natijada, Archips crataegana PP991410, Argyrotaenia ljungiana PP991399, Lobesia botrana PP991437, Epiblema foenella PQ643883, Cydia pomonella PP991409 hamda Grapholita compositella PQ643874 turlarining identifikatsiya raqamlari olingan hamda ular xalqaro miqyosda turlarni aniqlash va filogeniyasini o‘rganish imkonini bergan;
mevaxo‘rlarning Tortricidae oilasiga tegishli 9 turga mansub 23 nusxa hasharot namunalari  Respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noy’ob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 7 oktyabrdagi 4/1255-2217-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar hasharotlar kolleksiyasi fondini boyitgan va turlarni identifikatsiya qilish uchun qiyosiy tahlil etish, shuningdek, biotoplar bo‘yicha taqsimlanishni tahlil qilish va atlas tayyorlashda foydalanish imkonini bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish