Raxmatova Dilafruz Nusratilloevnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Samarqand jadidchilik maktabi: til va til ta’limi muammolari”, 10.00.01– O‘zbek tili ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Fil545 Ilmiy maslahatchi: filologiya fanlari doktori, professor Karimov Suyun Amirovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori (DSc), professor Bobokalonov Ramazon Rajabovich; filologiya fanlari doktori, professor Muminov Sidikjon Mirsobirovich;  filologiya fanlari doktori (DSc), professor Normamatov Sultonbek Ermamatovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Samarqand jadidchilik maktabi vakillari  Sayidahmadxo‘ja Siddiqiy-Ajziy, Abdulqodir Shakuriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sayidrizo Alizoda, Hoji Muin, Vadud Mahmudlarning ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy, badiiy asarlari va adabiy-tanqidiy maqolalarining tili, uslubiy xususiyatlarini o‘rganish orqali o‘zbek tili  hamda til ta’limi taraqqiyoti va takomiliga qo‘shgan hissalarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Samarqand jadidchilik maktabi vakillari Sayidahmadxo‘ja Siddiqiy-Ajziy, Abdulqodir Shakuriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sayidrizo Alizoda, Hoji Muin, Vadud Mahmudlarning til haqidagi qarashlari, o‘zbek tilining leksik, grammatik, imloviy jihatdan me’yorlashuvi, sayqallanishi, takomili hamda ona tili qoidalarini yaratish borasidagi xizmatlari ochib berilgan;
Samarqand jadidlari tomonidan til ta’limi taraqqiyoti va takomiliga qo‘shgan hissalari ochiqlanib, savodxonlikni oshirish maqsadida “usuli savtiya” maktablari uchun tuzilib, joriy qilingan Sayidrizo Alizodaning “Mursalot”, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Kitobat ul-atfol”, Hoji Muinning “Rahnomai savod” kabi darsliklari Turkiston o‘lkasining ma’lum bir hududi aholisining savodini chiqarishga xizmat qilganligi aniqlangan;
XX asr boshlarida rus tilining ta’siri ostida o‘zbek tilining funksional taraqqiyotida keskin o‘zgarish yuz bergani va o‘lkada boshlangan ruslashtirish siyosatining bir bo‘g‘ini sifatida imlo va yozuvning almashtirilishi til rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi, millat oydinlarining yozuvning almashtirilishiga qarshi turganliklari va yagona milliy tilni shakllantirishga intilganliklari asoslangan;
Samarqand jadidlari ona (o‘zbek) tilining ijtimoiy-siyosiy nufuzini tiklash, yuksaltirish, qadrini oshirish uchun  adabiy tilning shevaga ta’siri va buning aksi – shevaning adabiy tilga ta’siri chegarasini belgilash, o‘zbek sheva va lahjalaridan unumli foydalanish orqali tilimizni yot so‘zlardan tozalash va sof o‘zbek tilini targ‘ib qilish borasidagi lingvistik qarashlari dalillangan;
Samarqand jadidlari tomonidan yangi maktablar uchun tuzilgan darsliklaridagi atamalar o‘zbek tiliga xos bo‘lishi, darsliklar o‘zbek tilining ichki qonuniyatlari asosida tuzilganligiga va terminlarning milliy bo‘lishiga ko‘proq e’tibor qaratganligi, kundalik, sinf jurnali, choraklikni belgilovchi tabellar kabi  yangi terminlarni kiritganligi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi Samarqand jadidlarining til va til ta’limi masalalari borasidagi faoliyatini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Samarqand jadidchilik maktabi namoyandalarining darsliklari, yangi yo‘nalishdagi metodikalar va ularning jadid maktablarida joriy qilinishi haqidagi xulosalardan T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Pedagogika Fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida 2017-2020-yillarda bajarilgan F3-2016-09081165532-raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi O‘zbekiston pedagogika Fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2023-yil 27-dekabrdagi №649-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining jadidlar tomonidan yaratilgan yangi alifbo va imlo qoidalari haqidagi xulosalari loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar ilmiy saviyasini oshirishga xizmat qilgan;
samarqandlik jadidlar, xususan, Sayidahmadxo‘ja Siddiqiy-Ajziy, Abdulqodir Shakuriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sayidrizo Alizoda, Hoji Muin, Vadud Mahmud asarlari yuzasidan tartib berilgan izohli lug‘at, so‘zlar chastotasi, ters lug‘atlar xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2020-2023-yillarda amalga oshirilgan AM-FZ-201908172-sonli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 22-dekabrdagi №01/4-2779-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Samarqand jadidchilik maktabi namoyandalarining til va til ta’limining rivojlanishi bo‘yicha tavsifiy ma’lumotlar kengaygan;
XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi Samarqand jadidchilik maktabi vakillarining lingvistik qarashlari o‘zbek tili tarixiy taraqqiyotining ma’lum bosqichini tadqiq qilishdagi, shuningdek, jadidlar tomonidan yaratilgan darslik, badiiy asar, publitsistik maqolalar tili davrda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy o‘zgarishlarni namoyon etganligi, jadid maktablaridagi o‘ziga xos metodik tavsiyalar bugun ham ahamiyatini yo‘qotmaganligi haqidagi ilmiy xulosalardan Evropa Ittifoqi tomonidan Erasmus+dasturining 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS+CBHE IMEP: “O‘zbekistonda Oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan.  (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 26-martdagi 644/02-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Samarqand jadidchilik maktabi vakillarining o‘zbek tili tarixiy taraqqiyoti bo‘yicha ilmiy xulosalar dalillar bilan boyitilgan;
milliy til korpusida uning tarkibiy qismi hisoblangan matnning, xususan, Samarqand jadid-ma’rifatparvarlari yaratgan matnlarning fonetik, leksik-grammatik va sintaktik vositalarining funksional-uslubiy va imloviy qo‘llanishdagi lingvistik tahlili va tavsifi asosida nazariy hamda amaliy xulosalardan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida 2021-2023-yillarda bajarilgan “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dastiriy majmua ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan. (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining 2024-yil 30-iyuldagi 501/ 01-01 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada amaliy loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar to‘plami dalillar bilan boyitilgan;
jadid adiblarining ilmiy-adabiy merosi, ularning o‘zbek milliy tili, uning asosini tashkil etuvchi davr adabiy tilining rivojidagi o‘rnini aniqlash, til va til ta’limining tadrijiy takomilidagi mavqeyini belgilashga doir nazariy xulosalar asosida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida 2023-2024-yillarda efirga uzatilgan “Bugun” madaniy-ma’rifiy yangiliklar dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali davlat muassasasining 2024-yil 18-yanvardagi №02-02/13-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan;
tadqiqot xulosalaridan AQShning Filadelfiya shtatida faoliyat yuritadigan Radio Philadelphia 106.5 FM SARBON radioto‘lqinidagi “Jadidchilik kashshofi – Mahmudxo‘ja Behbudiyni yodlab” radioeshittirishida foydalanilgan (Radio Philadelphia 106.5 FM SARBON radioto‘lqinining 2024-yil 30-yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada mazkur eshittirish uchun tayyorlangan materiallar ilmiy dalillar bilan boyitilgan.
 
                                 
                                 
                                 
                                 
                                