Begdullaev Axmet Kobeysinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Natriyli tuz konlari va sanoat chiqindilarini kompleks qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T2048.
Ilmiy rahbar: Erkaev Aktam Ulashevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.T.20.03.
Rasmiy opponentlar: Normurodov Tulkin Isamurodovich, texnika fanlari doktori, professor; Allaniyazov Dauran Orazimbetovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Barsakelmes koni natriyli tuzlari, soda va gazni qayta ishlash sanoati chiqindilari asosida magnezial alba va sodali suv mahsulotlarini olishning kompleks qayta ishlangan texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
to‘rt komponentli Ca²⁺, 2Na⁺ // 2Cl⁻, SO₄²⁻ – H₂O tizimining o‘zaro ta’siri eruvchanlik izotermasining nazariy tahliliga asoslanib Barsakelmes konlari namokobini distiller suyuqligi ishtirokida natriy, kal`siy gidroksid va kal`siylangan soda yordamida ikki bosqichli tozalash usuli bo‘yicha yangi ma’lumotlar olingan;
soda ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan distiller suyuqligi va namokobdan foydalanishning optimal nisbatlari aniqlanib, olingan mahsulotlarning tarkibi va xususiyatlari davlat standartlari talablariga javob berishi aniqlangan;
birinchi marta Na₂CO₃ – NaHCO₃ – CO₂ – H₂O tizimidagi geterogen fazaviy muvozanat bo‘yicha yangi ma’lumotlar olingan, shuningdek, natriy seskvikarbonati va tozalangan natriy bikarbonatini sintez qilishning konsentratsion va harorat chegaralari aniqlangan;
natriyli tuz konlari, kal`sinirlangan soda va gazni qayta ishlash sanoati chiqindilari asosida gaz-suyuqlik usuli orqali magnezial alba, seskvikarbonat va tozalangan natriy gidrokarbonat olishning ilmiy asoslari yaratilgan hamda kompleks texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Natriy tuzi konlari xamda soda va gazni qayta ishlash sanoatining chiqindilarini kompleks qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
seskvikarbonat natriy ishlab chiqarish bo‘yicha texnik shartlar «Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi» tomonidan tasdiqlangan (TS 201053370–02:2023) va O‘zbekiston Intellektual mulk agentligi tomonidan “Natriy seskvikarbonat olish usuli”ga foydali model patenti olingan (№FAP 02295). Natijada, ushbu hujjatlar texnologik jarayon va mahsulot sifati ustidan nazorat o‘rnatish imkonini bergan;
kalsinatsiyalangan soda va distiller suyuqligi yordamida Barsakelmes tuz koni namokobini tozalash texnologiyasi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKning “2023-2025 yillardagi innovatsion rivojlanish dasturi”ga kiritilgan (“Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKning 2023 yil 30 noyabrdagi 942-02-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kondan texnik tuzni tashish uchun transport xarajatlari, ishlab chiqarish uchun 60-70% texnik suvni tejash va magniyli qurilish materiallarini olish uchun zarur magniyli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni yaratiladi;
Ustyurt GXK dan chiqindisi karbonat angidrid gazi va kalsinatsiyalangan soda eritmasi asosida trona va tozalangan natriy bikarbonat ishlab chiqarishning kombinatsiyalangan texnologiyasi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKning “2023-2025 yillardagi innovatsion rivojlanish dasturi”ga kiritilgan (“Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKda 2023 yil 30 noyabrdagi 942-02-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, korxona mahsulotlari assortimentini kengaytirish imkonini beradi.