Xalilov Azim Jurakulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Parametrlarning noaniqlik sharoitida ammiakni sintezlash jarayonini takomillashtirilgan boshqarish tizimini modellashtirish va ishlab chiqish”, 05.01.08 – Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T908.
Ilmiy rahbar: Muxitdinov Djalolitdin Paxritdinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc. 03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Mirxalil Agzamovich texnika fanlari doktori, professor; Avazov Yusuf Shodievich texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bashoratli boshqarishni qo‘llash hisobiga boshqarish darajasini yaxshilash va azot-vodorodli chiqish aralashmasidagi ammiakning massaviy chiqishini oshirishni ta’minlaydigan gibrid neyro-noravshan model asosida ammiakni sintezlash jarayonini boshqarish tizimini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
taqsimlangan sintezlash kolonnasidagi texnologik jarayon koordinatalarini bashoratlash imkonini beradigan issiqlik va massa almashinuvining differensial tenglamalari asosida Haber-Bosh jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan;
taqsimlangan parametrli tizimlar tahlilidan mujassamlashgan parametrli ko‘p bosqichli tizimga o‘tish imkonini beradigan ammiakni sintezlashning asosiy bosqichlari o‘zaro ta’sirining algoritmi ishlab chiqilgan;
noravshan mantiqiy xulosaning matematik apparatidan foydalanilgan holda qaror qabul qilish jarayonidagi noaniqliklarni hisobga olish imkonini beruvchi ammiakni sintezlash jarayonining imitatsion modeli ishlab chiqilgan;
ehtimoliy g‘alayonli ta’sirlarni bashorat qilish imkonini beradigan gibrid neyro-noravshan model va neyron tarmoqli rostlagich asosida ammiakni sintezlash jarayonini boshqarishning takomillashtirilgan tizimi va algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Noaniqlik sharoitida ammiakni sintezlash jarayonini modellashtirish va takomillashtirilgan boshqarish tizimini ishlab chiqish natijasida: 
neyro-noravshan rostlagichning modeli asosida ishlab chiqilgan takomillashgan boshqarish tizimining imitatsion modeli va dasturiy ta’minoti “Navoiazot” AJ ning 3-ammiak sexida joriy etilgan (“O‘zkimyosanoat” AJ ning 2024-yil 20-sentyabrdagi 23-3-2862-son ma’lumotnomasi). Natijada, qaror qabul qilish jarayonida noaniqliklarni hisobga olish imkoni yaratilgan;
boshqarish obektining neyro-noravshan modeli va neyron tarmoqli rostlagichni qo‘llash asosida ammiakni sintezlash jarayonini boshqarish tizimi  “Navoiazot” AJning 3-ammiak sexida joriy etilgan (“O‘zkimyosanoat” AJ ning 2024-yil 20-sentyabrdagi 23-3-2862-son ma’lumotnomasi). Natijada noaniqliklar sharoitida ammiakni sintezlash jarayonini boshqarishning sifat ko‘rsatkichlarini oshirish imkonini bergan.
 
 
                                 
                                 
                                 
                                 
                                