Normuradova Munojat Tog‘aevnaning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Amarant (Amaranthus)ning introduksiya qilingan nav namunalari asosida qimmatli xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lgan seleksion ashyolari va navini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Qx1468.
Ilmiy rahbar: Yuldasheva Ra’no Abdurashidovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: amarantning (gultojixo‘roz) IKBA-TDAU 1 navi (NAP 450).
II. Tadqiqotning maqsadi Introduksiya qilingan amarant (Amaranthus)ning kolleksiya nav-namunalari asosida analitik seleksiya usulida tezpishar, yuqori hosildor seleksion ashyolar va nav yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati tuproq iqlim sharoitida amarant (gultojixo‘roz)ning xorijdan introduksiya qilingan kolleksiya nav va namunalarining morfobiologik va qimmatli xo’jalik belgilari kompleks o’rganilib, qiyosiy baholangan va olingan ma’lumotlar asosida axborot bazasi yaratilgan;
amarant (gultojixo‘roz) ning introduksiya qilingan kolleksiya nav-namunalari orasidan analitik seleksiya usuli yordamida tanlab olingan ertapishar, hosildor, qimmatli xo’jalik belgilari yuqori bo’lgan boshlang‘ich manbalar ajratib olish mumkinligi asoslangan;
ajratib olingan RRS-1027 tizmasidan amarant (gultojixo‘roz) ning ertapishar, fuzarioz kasalligiga bardoshli, qimmatli xo‘jalik belgilari hamda hosildorligi yuqori, yangi “IKBA-TDAU 1” navi (NAP 450) yaratilgan;
yangi yaratilgan “IKBA-TDAU 1” navi andoza “Marhamat” naviga nisbatan 3-5 kunga ertapisharligi, 1000 dona urug‘ vazni 1,0 grammga, bir o‘simlikdagi urug‘ vazni 2,0-4,3 grammga, hosildorligi 5,8 s/ga ga yuqori ekanligi bilan ustunligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amarant (Amarantus)ning introduksiya qilingan nav namunalari asosida qimmatli xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lgan seleksion ashyolari va navini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
amarant (gultojixo‘roz) ning ertapishar, hosildor, qimmatli xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lgan yangi mahalliy “IKBA-TDAU 1” navi yaratilib, 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan seleksiya yutug‘i uchun patent (NAP 450) olingan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 25-apreldagi 05/05-04-192-son ma’lumotnomasi). Natijada, moyli va ozuqa ekinlari genofondi respublika tuproq-iqlim sharoitiga mos, o‘suv davri 100-110 kun, o‘simlik bo‘yi 176-180 sm, bir shingildagi urug‘lar og‘irligi 15,6-16,1 g, 1000 dona urug‘ vazni 3,5 g, urug‘ hosildorligi 44,2-44,5 s/ga bo‘lgan yangi nav boyitilgan;
amarant (gultojixo‘roz) ning yangi yaratilgan “IKBA-TDAU 1” navi 2023-2024 yillarda Toshkent davlat agrar universitetining O‘quv-ilmiy tajriba bo‘limida 2 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar miliy markazining 2025 yil 25-apreldagi 05/06-04-192-son maʻlumotnomasi). Natijada, 2023-yilda “IKBA-TDAU 1” navidan olingan urug‘ hosili 44,0 s/ga ni, sof daromad 35,0 mln. so‘m/ga ni tashkil qilib, andoza “Marhamat” naviga nisbatan hosildorlik 6 s/ga, sof daromad 24,6%ga yuqori bo‘lishiga erishilgan bo‘lsa, 2024-yilda 43,5 s/ga don hosili va 48,16 mln. so‘m/ga sof daromad olingan;
amarant (gultojixo‘roz)ning yangi “IKBA-TDAU 1” navi 2023-2024 yillarda Andijon viloyati Marhamat tumani “Suyundiqov paxta dalasi” fermer xo‘jaligida 1,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar miliy markazining 2025 yil 25-apreldagi 05/06-04-192-son maʻlumotnomasi). Natijada, yangi “IKBA-TDAU 1” navidan 2024-yilda gektaridan 42,5 s urug‘ hosili etishtirilib, andoza Marhamat navidan 4,5 s/ga yuqori hosil olish imkonini bergan va gektaridan 46,25 mln so‘m sof daromad olishga erishilgan;
Toshkent davlat agrar universiteti va Sho‘rlangan erlarda biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA-CAC) hamkorligida “Qoraqalpog‘istonning degradratsiyalangan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” mavzusidagi loyiha doirasida amarant (gultojixo‘roz) ning yangi “IKBA-TDAU 1” navi urug‘ini ko‘paytirish uchun amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar miliy markazining 2025 yil 25-apreldagi 05/06-04-192-son maʻlumotnomasi). Natijada, 2024-yil yakunida mazkur yangi “IKBA-TDAU 1” navidan 100 ga maydonga etarli miqdorda urug‘lik etishtirishga erishilgan.