Muxammadiev Ulug‘bek Islomovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Yangi O‘zbekistonda Xalq qabulxonalari tizimining joriy etilishi va evolyusiyasi» 22.00.02 ‒ Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/S193.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, DSc.29.12.2019.S.23.02.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Bekmuradov Mansur Bobomuradovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor
Rasmiy opponentlar: sotsiologiya fanlari doktori, professor Matibaev Taspo‘lat Baltabaevich, pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent Umarov Alisher Yusubjanovich.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Yangi O‘zbekistonda Xalq qabulxonalari tizimi faoliyatini yangi va zamonaviy evolyusion bosqichga olib chiqish yo‘llarini sotsiologik asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
xalq qabulxonalari Yangi O‘zbekistondagi innovatsion faoliyat subekti sifatida odamlarni rozi qilishdan iborat xalqchil siyosatning real ishtirokchisi ekanligi nazariy-empirik isbotlangan;
xalq qabulxonalari faoliyati mamlakatimizda hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikdan iborat umummilliy ijtimoiy harakatni muvofiqlashtiruvchi va yo‘naltiruvchi sotsial institut sifatida tahlil etilgan;
xalq qabulxonalari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inklyuziv ijtimoiy siyosat doirasida inson qadrini yuksaltirish jarayonlarini intensivlashtirishning sotsial mexanizmiga aylangani asoslangan;
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishda Xalq qabulxonalarining “Murojaatdan daromadga 5 qadam” mexanizmi o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuch rolini o‘tashi nazariy-empirik isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yangi O‘zbekistonda Xalq qabulxonalari tizimining joriy etilishi va evolyusiyasiga oid tadqiqot natijalaridan:
– Yangi O‘zbekiston Xalq qabulxonalari xalqchil ijtimoiy institut sifatida odamlarni rozi qilishdan iborat siyosatning real ishtirokchisi hamda koordinatsion faoliyat sub’ekti ekanligi nazariy-empirik asoslanganlikka oid ma’lumotidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5633-sonli “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasining “3. Xalq qabulxonalariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:” bo‘limining 1-2-3-4-5-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining 2025 yil 24 yanvardagi ma’lumotnomasi).
Dissertantning Prezident qabulxonalari faoliyatiga joriy qilish borasida taklif qilingan ilmiy yangiligi aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishni, davlat organlarining xalq bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi tizimni joriy qilishda, murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish, har bir vaj bo‘yicha asoslantirilgan javob xatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish, takroriy murojaatlar kamaytirish, shikoyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar va tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy choralar ko‘rishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan.
Xalq qabulxonalari mamlakatimizda “Inson qadrini yuksaltirish”, “Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik”dan iborat umummilliy ijtimoiy harakatni muvofiqlashtirish va samarali yo‘lga qo‘yishda drayver funksiyasini amalga oshiruvchi yangi sotsial institut ekanligi isbotlangan. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 8/02-0001-son ma’lumotnomasi).
Shuningdek, dissertantning takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2024 yil III va IV choraklarga (II yarim yillikka) mo‘ljallangan ish rejasiga qo‘shimcha 25-band “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Huquqiy ko‘mak” aksiyasini o‘tkazishda foydalanilgan. Bu esa fuqarolarning kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga nisbatan qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kafolatlar qo‘llanishi ustidan vazirlik tomonidan nazorat tartibini o‘rnatishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan.
Xalq qabulxonalari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inklyuziv ijtimoiy siyosat doirasida inson qadrini yuksaltirish jarayonlarini intensivlashtirishning sotsial mexanizmiga aylangani asoslantirilgan ma’lumotidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan “mahalla ettiligi”ning Prezident Xalq qabulxonalari hamda sektorlar bilan hamkorlik o‘rnatish orqali xonadonbay, ko‘chabay va mahallabay kesimida kambag‘al va yordamga muhtojlarni aniqlash, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatish hamda hududlardagi “mahallabay” o‘rganish ishlarni olib borish tizimini yo‘lga qo‘yishda foydalanilgan. Natijada, eng quyi bo‘g‘in mahallalarga iqtisodchi va moliyachilar, soliqchilar, imkoniyati cheklanganlar va og‘ir turmush sharoitida yashaydigan yordamga muhtoj aholi bilan ishlash uchun eng sara kadrlar ichidan mutaxassislar tanlab olinib, mahallaga qo‘shimcha kuch berilgan. (O‘zbekiston mahallalari uyushmasining 2025 yil 24 yanvardagi 04-0-18/24-son ma’lumotnomasi).
Dissertantning ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalaridan Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar tahlillari, shuningdek, Xalq qabulxonalari, sektorlar va “mahalla ettiligi” o‘rganishlari asosida eng og‘ir mahallalar tanlab olinib, ular bilan manzilli ishlash, aholi uchun sayyor qabullar o‘tkazishda, eng og‘ir, muammoli “qizil” hududlar va sohalarni aniqlab, tizimli muammolar sabablarini topish, zarur hollarda joylarga chiqib, tekshirish, o‘rganishlar o‘tkazish, tegishli xulosalar qilish va chora-tadbirlar ishlab chiqish va takliflar tayyorlashda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan.
Xalq qabulxonalarining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” umummilliy ijtimoiy harakatida “Murojaatdan daromadga besh qadam” mexanizmi o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuch rolini o‘tashi isbotlangan ma’lumotidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi PQ-330-sonli Farmoni loyihasidagi 16-bo‘lim 2-bandi “Barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishishga – Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, tijorat banklari”ni kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 01/01-04/12-671-son ma’lumotnomasi).
Bundan tashqari, dissertantning bevosita taklifiga ko‘ra vazirlik tomonidan mahallalarda “Murojaatdan daromadgacha besh qadam” loyihasi amalga oshirilib, Baxmal, Arnasoy, Mirzacho‘l, Toshloq, Quvasoy, Farg‘ona, Shovot, Hazorasp, Tuproqqal’a, Yangibozor, Shofirkon, Xo‘jayli, Bo‘zatov, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Sho‘rchi tumanlari, Nukus, Farg‘ona, Quvasoy, Qo‘qon shaharlaridagi 1 ming 788 nafar qiyin hayotiy vaziyatdan shikoyat qilgan fuqarolar uchun doimiy ish va daromad manbai yaratilgan hamda mazkur loyiha kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qilgan.