Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalaridagi sifat o‘zgarishlariga muvofiq holda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi ham takomillashib bormoqda. Ayniqsa, tizimda ilmiy tadqiqotlar sifati va samardorligini oshirish, ochiqligi va shaffofligini ta’minlash borasidagi o‘zgarishlar muhim ahamiyatga ega. 
Joriy yilning 2 iyul` kuni Oliy attestatsiya komissiyasi rahbariyati tomonidan ilmiy kengashlar faoliyatini tahlil etish va tadqiqotchilar bilan bevosita uchrashish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti (10:00), Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti (11:30) hamda Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti (15:00)da ishchi seminarlari tashkil etildi. 

Tadbirlarda ta’lim dargohi, uning huzuridagi ilmiy kengashlar va ilmiy seminarlar rahbariyati, pedagogik jamoa hamda bo‘lajak olimlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. 

Uchrashuvlarda mavjud ilmiy salohiyatdan unumli foydalangan holda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy ishlar sifatini ta’minlash borasidagi amaliy ishlari tanqidiy muhokama etildi.

Ochiq muloqotlarda ilmiy kengashlar faoliyati va taqdim etilayotgan attestatsiya ishlaridagi xato va kamchiliklar, ularning sabab va oqibatlari tahliliy o‘rganilib, salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha kafedralarda muhokamalar sifatiga jiddiy e’tibor qaratish, taqdim etiladigan hujjatlarni belgilangan talablar asosida rasmiylashtirish yuzasidan amaliy tavsiya va takliflar o‘rtaga tashlandi. 

 

O‘tkazilgan ishchi seminarlari yakunida tadqiqotchilarning fikr-mulohoza va takliflari so‘ralib, savolarga mas’ul mutaxassislar tomonidan atroflicha va asoslangan javoblar berildi.  

 

OAK Axborot xizmati.

Yangiliklarga obuna bo‘lish