Askarov Zoxidjon Sadikjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasida milliy davlatchilik shakllanishining nazariy-huquqiy masalalari», 12.00.01–Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).
Ilmiy rahbar: Snetkov Vitaliy Nikolaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Odilqoriev Xojimurod To‘xtamurodovich, yuridik fanlar doktori, professor; Kudryavsev Igor` Vladimirovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zamonaviy o‘zbek milliy davlatchiligining mohiyati, mazmuni va yanada rivojlanish istiqbollarining nazariy va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida jamoatchilik asosida deputat vakili institutining joriy etish zarurati asoslab berilgan;
davlat hokimiyatining bo‘linishi tamoyili talablaridan kelib chiqqan holda xalq deputatlari Kengashlariga belgilangan tartibda tegishli sudlar raislarining axborot berishi jarayonida sud`yalar yurituvida bo‘lgan ishlarning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berishni talab qilishni qonun normalari bilan ta’qiqlash zarurligi asoslangan;
joylarda davlat va mahalliy boshqaruvni samarali tashkil etish maqsadida doimiy asosda faoliyat yurituvchi xalq deputatlari Kengashi kotibiyatini tashkil qilish va hokimning vakillik hokimiyati bilan bog‘liq vakolatlarini kotibiyatga o‘tkazish lozimligi asoslangan;
xalq deputatlari Kengashlaridagi siyosiy partiyalar guruhlariga tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish vakolatini berish zarurati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasida milliy davlatchilik shakllanishining nazariy-huquqiy masalalarini takomillashtirishga bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida jamoatchilik asosida deputat vakili institutining joriy etish zaruratiga oid taklifi 2018 yil 18 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunning 22-moddasi 2-qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 4 dekabrdagi 06/1-05/904-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif yangi o‘zbek milliy davlatchiligining asosi bo‘lgan davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi organi, siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zaro aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilgan;
davlat hokimiyatining bo‘linishi tamoyili talablaridan kelib chiqqan holda xalq deputatlari Kengashlariga belgilangan tartibda tegishli sudlar raislarining axborot berishi jarayonida sud`yalar yurituvida bo‘lgan ishlarning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berishni talab qilishni qonun normalari bilan taqiqlash zarurligi haqidagi taklif 2018 yil 23 iyuldagi «Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunning 9-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyaning 2018 yil 15 noyabrdagi 11-08/1714-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif hokimiyatlar bo‘linish tamoyilining mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda sudlarning mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilgan;
joylarda davlat va mahalliy boshqaruvni samarali tashkil etish, vakillik va ijroiya organlari vakolatlarini aniqlashtirish maqsadida doimiy asosda faoliyat yurituvchi xalq deputatlari Kengashi kotibiyatini tashkil qilishga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasini ishlab chiqishda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyaning 2018 yil 15 noyabrdagi 11-08/1714-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif zamonaviy milliy davlatchilikning asosi bo‘lgan davlat hokimiyati organlarining joylardagi vakillik va ijroiya organlari o‘zaro munosabatlarining shakl va usullari, maqsad va vazifalarini aniqlashtirish uchun asos bo‘lgan;
xalq deputatlari Kengashlaridagi siyosiy partiyalar guruhlariga tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish huquqini berish haqidagi taklifdan 2018 yil 18 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunning 22-moddasi 1-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 4 dekabrdagi 06/1-05/904-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga, ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolar va xalq deputatlari Kengashlari oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilgan.