Azizov Shavkatjon Ismatjon o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Gepatotsellyular karsinoma diagnostikasi uchun lyuminessent nanozarralar bilan to‘ldirilgan seramid nanomisellalarini o‘rganish», 02.00.10 – Bioorganik kimyo  (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/K110.
Ilmiy maslahatchi: Turaev Abbasxan Sabirxanovich, kimyo fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Baxtiyor To‘laganovich, kimyo fanlari doktori, akademik; Normaxamatov Nodirali Soxobatalievich, kimyo fanlari doktori; Muxamedov Rustam Sultanovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gepatotsellyulyar karsinomani vizualizatsiya qiluvchi hamda target xususiyatiga ega bioob`ektlardan tashkil topgan nanomisellani konstruksiyalash va nanozarrachalar asosida gepatotsellyulyar karsinomani erta aniqlash uchun diagnostikumlarni yaratishning ilmiy asoslangan platformasini  ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor gepatotsellyulyar karsinomani erta bosqichda aniqlashga qaratilgan yuqori sezgirlikka ega barqaror lyuminessent nanozarrachalar (BLN) sintezlangan va ular asosida fluoressent nanomisellalar konstrukti ishlab chiqilgan;
rux, galliy, germaniy, xrom, bor, itterbiy kabi metallar va ularning oksidlari asosida gidrotermal usul va kalsinatsiya jarayoni orqali sintez qilingan;
tuzilishi, o‘lchami, lyuminessent xususiyatlari kabi fizik-kimyoviy va spektrofotometrik metodlar orqali xossalari aniqlangan;
fizik va yupqa lipid qatlamli usullar yordamida barqaror lyuminessensiyaga ega nanomisellalar olindi va sintez sharoitlarining maqbul parametrlari va nisbati aniqlangan;
olingan BLN to‘ldirilgan nanomisellalarning biologik faolligi va toksikligi turli xil hujayra modellarida, jumladan HeLa va HepG2 hujayralarida spesifik faolligi baholangan;
in vitro sharoitda nanozarracha yuklangan nanomisellaning hujayralar bilan o‘zaro ta’siri, yutilish mexanizmi va hujayra ichidagi taqsimlanishi aniqlangan;
seramid asosidagi nanomisellalarning qo‘llanilishi ularning biomembranalardagi biologik roli va o‘ziga xos fizik-kimyoviy xossalari tufayli yuqori aniqlikda tashxis qilish imkoniyatlari isbotlangan;
sintez qilingan nanomisellalarning sezgirligi va o‘ziga xosligi in vitro hamda tirik hayvonlarda (in vivo) aniqlangan;
seramid va BLN asosidagi nanozarrachalar vizualizatsiyada aniq, yorqin signal buruvchi diagnostik platforma sifatida shakllantirildi va gepatotsellyulyar karsinomani erta bosqichda aniqlashda samarali ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Gepatotsellyular karsinomani tashxislash maqsadida barqaror lyuminessent nanozarrachalar bilan to‘ldirilgan seramid-nanomisellalari shakldagi diagnostik vosita ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
gepatotsellyular karsinoma tashxisi uchun barqaror lyuminessent nanozarrachalar bilan to‘ldirilgan seramid-nanomisellalarni olish va xossalarini aniqlash natijalaridan 1000 dan ortiq xorijiy yetakchi ilmiy jurnallarda yangi turdagi nanomisellalar sintezi, tuzilishi va biologik faolliklarini aniqlashda foydalanilgan (Signal Transduction and Targeted Therapy. 92 (2024), IF=52.7; Nature Reviews Neurology, 21, p32–47 (2025), IF=5.828; Nature Neuroscience, 28, p964–972 (2025), IF=11.197; Free Radical Biology and Medicine, Volume 216, April 2024, P60-77, IF=7.1; Advanced Materials, Volume36, Issue33, August 15, 2024, 2405761, IF=8.851; Cell Death & Differentiation, 32, p702–713 (2025), IF=4.866; Advanced Science, Volume12, Issue7, February 17, 2025, 2410107, IF=3.775; Environmental Science & Technology, Vol 58/Issue 48, 2024, IF=3.690). Natijada, yangi turdagi nanotuzilishli tashxis va davolash vositalarini sintez qilish va xususiyatlarini aniqlash imkonini bergan;
barqaror lyuminessent nanozarralar bilan to‘ldirilgan seramid-nanomisellalaridan Janubiy Koreya Yonsey universitetining “School of Mechanical Engineering” fakul`teti Biotibbiyot va energiya tizimlari laboratoriyasining “Hujayralararo suyuqlikda Tropin I aniqlash uchun molekulyar inprintlangan mikroignali sensor” loyihasida mikroigna shaklidagi nanotuzilmalarning lyuminessent xususiyatlarini aniqlashda foydalanilgan (Janubiy Koreya Yonsey universitetining 2025 yil 20 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada, barqaror lyuminessent nanozarralardan diagnostika uchun qo‘llanishiga imkon yaratilgan; 
barqaror lyuminessent nanozarralari bilan to‘ldirilgan seramid-nanomisellalarini olish usullaridan Hindistondagi Sholini universitetining “Farmatsevtik kimyo” kafedrasining “Dori-darmon yaratish va ishlab chiqarishni jadallashtirishda innovatsion nanomaterial platformalar” loyihasida yangi turdagi innovatsion nanomaterial olishda foydalanilgan (Hindistondagi Sholini universitetining 2025 yil 21 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada, yangi turdagi barqaror lyuminessent nanozarrachalarni sintez qilish hamda ularni biologik faolligini baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish