Raximov Abdumannob Kuzievichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi) “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining davlat hokimiyati tizimidagi rolini kuchaytirish: konstitutsiyaviy-huquqiy masalalar”, 12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: DSc.11/10.01.2024.Yu.24.04
Ilmiy maslahatchi: Isa Axlimanovich Xamedov, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi DSc.11/10.01.2024.Yu.24.04 raqamli Ilmiy Kengash.
Rasmiy opponentlar: Odilqoriev Hojimurod To‘xtamurodovich, yuridik fanlar doktori, professor; Shuxrat Namazboevich Berdiyarov yuridik fanlar doktori, professor; YO‘ldoshev Azizjon Ergashevich, yuridik fanlar doktori, professor v.b.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi sharoitida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish va faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni har tomonlama tahlil qilish va ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga, hukumat tomonidan byudjet mablag‘larini yanada samarali boshqarishga va xarajatlarni optimallashtirishga erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat qarzining eng yuqori miqdorini birgalikda belgilash vakolatini berish zarurati asoslab berilgan;
parlament va Qonunchilik palatasi deputatining so‘rovlariga javobni o‘z nomiga so‘rov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanishi ushbu parlament nazorati shakllarining ta’sirchanligini oshirishga va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi asoslantirilgan; 
qonunchilik jarayonida turli manfaatlarni inobatga olish uchun Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida qonun loyihasi muhokamalarini ochiq o‘tkazish, ularga qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektining vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining va ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakillari, shuningdek, olimlar, mutaxassislar ham taklif etilishi maqsadga muvofiqligi asoslangan;
Qonunchilik palatasi barqarorligi, mustaqilligi va faoliyatining samaradorligini ta’minlash maqsadida, Spiker va uning o‘rinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish masalasini Qonunchilik palatasining deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan, palata tomonidan ko‘rib chiqish qoidasini o‘rnatish zarurati asoslab berilgan;
Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birgalikda, har yarim yilda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etishi davlat boshqaruvida parlament rolini oshirishga xizmat qilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining davlat hokimiyati tizimidagi rolini kuchaytirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat qarzining eng yuqori miqdorini birgalikda belgilash vakolatini berish taklifi 2023-yil 1-martdagi O‘RQ-837-son Qonuni bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasini ishlab chiqishda hisobga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023-yil 31-oktyabrdagi 04/2-09/4146-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur taklif moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga, jumladan, hukumat tomonidan byudjet mablag‘larini samaraliroq boshqarishga va xarajatlarni optimallashtirishga parlament ta’sirini oshirishga xizmat qilgan;
Parlament va Qonunchilik palatasi deputatining so‘rovlariga javobni o‘z nomiga so‘rov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanish taklifi 2024-yil 19-fevraldagi O‘RQ-909-son Qonuni bilan 2002-yil 12-dekabrdagi 434-II-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 12-moddasi uchinchi qismiga o‘zgartirishni ishlab chiqishda hisobga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 23-avgustdagi 3/08-151-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur taklif Parlament va Qonunchilik palatasi deputatining so‘rovlari ta’sirchanligini oshirish va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilgan;
Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida qonun loyihasi muhokamalarini ochiq o‘tkazish, ularga qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subektining vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining va ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakillari, shuningdek, olimlar, mutaxassislar ishtirokini ta’minlash taklifi 2024-yil 19-fevraldagi O‘RQ-909-son Qonuni bilan 2003-yil 29-avgustdagi 522–II-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi to‘rtinchi qismiga kiritilgan o‘zgartishlarni ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 23-avgustdagi 3/08-151-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklif qonunchilik jarayonida turli manfaatlarni inobatga olishga va qonun loyihalarini puxta tayyorlashga xizmat qilgan;
Qonunchilik palatasi Spikeri yoki uning o‘rinbosarlarini lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilish to‘g‘risidagi masala Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat bo‘lgan deputatlar guruhining taklifiga binoan palata tomonidan ko‘rib chiqilishi to‘g‘risidagi taklif 2024-yil 19-fevraldagi O‘RQ-909-son Qonuni bilan 2003-yil 29-avgustdagi 522–II-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi uchinchi qismiga qo‘shimcha kiritishda hisobga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 23-avgustdagi 3/08-151-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklif Qonunchilik palatasi barqarorligi, mustaqilligi va faoliyatining samaradorligini ta’minlashga xizmat qilgan;
Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birgalikda har yarim yilda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etishi to‘g‘risidagi taklif 2024-yil 19-fevraldagi O‘RQ-909-sonli Qonun bilan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 81-moddasiga o‘zgartish kiritishda hisobga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 23-avgustdagi 3/08-151-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur taklif davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida va yil davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish