Ismailov Timur Baxramovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nikel va marganes kirishma atomlari bilan legirlangan kremniyning magnit xususiyatlari” mavzusidagi 01.04.10-Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/FM813
Ilmiy rahbar: Zikrillaev Nurulla Fatxullaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.09.2020.FM.55.04 Raqamli ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Gafur, fizika-matematika fanlari doktori, professor Razzoqov Alijon Shonazarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Dissertatsiya ishining maqsadi: Nikel va marganes kirishma atomlari bilan legirlangan kremniyning magnit xususiyatlarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
namunalarning magnit parametrlarini boshqarish imkonini beruvchi kremniy kristallining hajmiy va sirtga yaqin qatlamlarida nikel hamda marganes kirishma atomlarining magnit nanoklasterlarini hosil qiluvchi yangi texnologiya ishlab chiqilgan.
marganes kirishma atomlari bilan legirlangan n-tur o‘tkazuvchanlikdagi  kremniyda gisterezis hodisalari va magnit qarshilik yo‘qligi kuzatildi, bu zaryad tashuvchi elektronlarning marganesning magnit momentlari bilan o‘zaro ta’sirining kichik darajaga bo‘lishi bilan tushuntirilgan.
ilk bora p⁺-Si<B,Mn> strukturalarining magnit parametrlarining p-Si<B,Mn> namunalariga nisbatan ancha yuqori ekani, xususan, to‘yingan magnitlanish (Ms) va qoldiq magnitlanish (Mr) mos ravishda 7–8 va 5–6 marta ortganligi aniqlangan, bu kremniy sirtida magnit markazlarning butun hajmga nisbatan ortishi bilan tushuntirilgan.
p⁺-Si<B,Mn> strukturalaridagi magnit momentining haroratga bog‘liq o‘zgarishini tavsiflovchi to‘rt bosqichli (lokal ferromagnit (T1=1,8-30 K), ferromagnit (T2=30-50 K), superparamagnit (T3=50-290 K) va paramagnit (T4>290 K)) fizik model taklif qilingan, bunday faza o‘tishlari haroratning oshishida magnit domenlarining yo‘qolishi bilan tushuntirilgan.
olingan kremniy namunalarning magnit xossalarini (μ=(10-15)μB) tushuntiruvchi kremniy panjarasida marganes atomlarining klasterlarini hosil bo‘lishining fizik modeli ishlab chiqilgan.
ilk bor, nikel kirishma atomlari bilan legirlangan kremniyda xona haroratida (T=300 K) submikron klasterlarning ferromagnit xususiyatlari namoyon bo‘lishi ko‘rsatib berilgan.
ilk bor, kremniy sirtining teksturalanishi natijasida nikel klasterlari konsentratsiyasining ortishi bilan magnit parametrlar – to‘yingan magnitlanish (Ms) 5–6 marta, qoldiq magnitlanish (Mr) 5–6 marta va koersitiv kuch (Hc) 3–4 marta oshganligi aniqlangan, bu sirt strukturasini boshqarish orqali yarimo‘tkazgich magnit materiallarning xossalarini bosqarishga imkon bergan.
IV. Tadqiqot natijalarini amalga oshirish. Nikel va marganes kirishma atomlari bilan legirlangan kremniyning magnit xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida quyidagi echimlar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi: 
kremniy sirtiga vakuum sharoitida marganes kirishma atomlarini purkab hosil qilingan qatlamdan diffuziya yo‘li bilan marganes kirishma atomlari bilan boyitilgan nanoklasterlarni (N=1019 sm-3 konsentratsiyada) hosil qilishga asoslangan yangi diffuzion texnologiya «FOTON» AJda amaliyotga joriy etildi («FOTON» aksionerlik jamiyatining 2024-yil 26-noyabrdagi 207-son ma’lumotnomasi). Natijada diodlar (magnit diodlari) va tranzistorlarni ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish va asosiy paramterlarini 2 martaga yaxshilash imkonini bergan;
marganes kirishma atomlari bilan legirlangan kremniy (p+-Si) namunalarida magnit momentining o‘zgarishini tavsiflovchi fizik modeli Buxoro davlat universitetining F2-FA-0-83921/F2-FA-F0383 raqamli “O‘ta o‘tkazgichlar va magnit materiallarda kuchli korrelyasiyalangan o‘zaro ta’sirlar va ularning kritik parametrlarini hisoblash» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 29-yanvardagi 02/01-01-35-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kritik past T=1,8 K haroratda aniqlangan to‘yingan magnitlanish (Ms) boshlang‘ich namunalarga nisbatan 4-5 marta, qoldiq magnitlanish (Mr) 7-8 marta ortgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish