Qudratillaev Xazratali Zokirjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni tergov qilishning protsessual jihatlari”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Yu897.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Bazarova Dildora Baxadirovna, yuridik fanlar doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Rahmonova Surayyo, yuridik fanlar doktori, professor;
Raximov Rustamjon, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni tergov qilishga oid normalarini kompleks ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etib, bu sohadagi ilmiy konseptual yondashuvlarni rivojlantirish va takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tezkor-qidiruv tadbirlarida axborot-texnologiyalaridan, ma’lumotlar to‘plashda axborot resurslaridan keng foydalanish zarurati yuzaga kelganligi sababli tezkor-qidiruv tadbirlari turlaridan biri bo‘lgan ma’lumotlar to‘plashda axborot tizimlarini va axborot resurslarini ham qamrab olish kerakligi hamda tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda, shu jumladan kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda o‘tkazilishi mumkinligi asoslantirilgan;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida yagona davlat organini, ularning vakolatlari belgilanmaganligi va ular mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqi belgilanmaganligi sababli qarorlar qabul qilishda xoli va mustaqil bo‘lishi va vakolatli davlat organi vakolatlarini aniqlashtirish lozimligi asoslantirilgan;
jinoyat ishi doirasida isbotlanishi shart bo‘lgan holatlarda mol-mulkni jinoiy yo‘l bilan olinganligi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lmaganligi sababli Jinoyat kodeksining 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat bo‘yicha mol-mulkning jinoiy yo‘l bilan topilganligi yoki ushbu mol-mulkdan foydalanish orqali keladigan daromaddan olinganligini tasdiqlaydigan holatlar ham isbotlanishi shart ekanligi asoslantirilgan;
jinoyat-protsessual qonunchilikda mol-mulkni qidirish, xatlash, musodara qilish hamda xorijdan aktivlarni qaytarishga doir masalalar yuzasidan xalqaro hamkorlik tartibi belgilanmaganligi sababli xorijiy davlatlar so‘rovi bo‘yicha jinoiy faoliyatdan olingan mol-mulkni qidirish, xatlash, musodara qilish hamda xorijdan aktivlarni qaytarishga doir masalalarni hal etilishi tartibi belgilash zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida qonunchilikka muvofiq belgilanadigan maxsus vakolatli davlat organi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilishda xoli va mustaqil bo‘lishi hamda vakolatli davlat organi vakolatlarini aniqlashtirish lozimligi haqidagi taklif 2019-yil 15-yanvardagi “Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–516-son Qonunning 18-moddasi 9- va 10-bandlarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 25-iyundagi 3/08-101-son dalolatnomasi). Mazkur taklif jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda yagona davlat organini belgilash va mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilgan;
tezkor-qidiruv tadbirlari ma’lumotlar to‘plashda axborot tizimlari va axborot resurslarini ham qamrab olishi kerakligi hamda tezkor-qidiruv tadbirlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llangan holda, shu jumladan, kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi taklif 2024-yil 13-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–920-son Qonunning 1-moddasi 1-bandi uchinchi va to‘qqizinchi xatboshilarida (“Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi va ikkinchi qismi) o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 25-iyundagi 3/08-101-son dalolatnomasi). Mazkur taklif tezkor-qidiruv faoliyati vazifalarining to‘laqonli bajarilishiga xizmat qiladi;
yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasining 106-moddasi uchinchi qismiga jinoyatlar bo‘yicha mol-mulkning jinoiy yo‘l bilan topilganligi yoki ushbu mol-mulkdan foydalanish orqali keladigan daromaddan olinganligini tasdiqlaydigan holatlar ham isbotlanishi kerakligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 106-moddasi yangi tahririda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 13-iyundagi 27/2-146-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi jinoyat sodir etilishi natijasida etkazilgan zararning to‘liq qoplanishiga yordam beradi;
xorijiy davlat hududidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni aniqlash, xatlash, musodara qilish va qaytarish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 749-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 13-iyundagi 27/2-146-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklif jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishga xizmat qiladi.