Kadirova Xulkaroy Abduvasievnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi florasidagi efemerlar», 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/B481.
Ilmiy rahbar: Turginov Orzimat Turdimatovich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.76.01.
Rasmiy opponentlar: Xamraeva Dilovar Tolibdjonovna, biologiya fanlari doktori; Xoshimov Xushbaxt Rustamjon o‘g‘li, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi florasidagi efemerlarning tur tarkibini aniqlash hamda keng ko‘lamdagi tahlillarni amalga oshirishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan efemerlar 20 oila, 105 turkumga mansub 214 turdan iborat ekanligi aniqlangan, taksonomik tarkib asosida konspekti tuzilgan va mavsumiy o‘sish davriga ko‘ra guruhlangan;
efemerlar botanik-geografik rayonlar kesimida Sharqiy-Oloy turlarga boyligi, to‘r tizimli xaritalardagi turlar xilma-xilligi va yig‘malar zichligi, geografik tarqalish xususiyatlari hamda florotsenotiplar bo‘yicha faollik darajasi aniqlangan;
efemer o‘simliklarning tuproq va havo namligi bo‘yicha tarqalish diapazonlariga ko‘ra 62 ta tur tuproq namligi 11-20%, 141 tur tuproq namligi 
21-30%, 58 tur 31-39% tuproq namligi bo‘lgan diapazonda, 98 tur havodagi mutlaq namlik 0,3%, 157 tur havodagi mutlaq namlik 0,4%, 40 tur havodagi mutlaq namlik 0,5% diapazonda uchrashi aniqlangan;
global iqlim o‘zgarishining turli senariylari kesimida Nigella integrifolia Regel, Ziziphora capitata L., Lactuca undulata Ledeb. turlarni kelajakdagi potensial tarqalish arealini ifodalovchi raqamli xaritalari yaratilgan hamda ta’sir qiluvchi asosiy bioiqlim omillari baholangan;
efemerlar vodiy o‘simliklar qoplamining 4 tip, 8 kenja tip, 9 senotip, 
35 formatsiya va 143 assotsiatsiyalar tarkibida uchrashi aniqlangan hamda Farg‘ona vodiysining shimoliy va janubiy qismidagi efemerlarni taqqoslash natijasida janubiy qism efemerlarga boyligi asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan efemerlarni o‘rganish natijasida olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan 214 dan ortiq efemerlarning 2000 dan ortiq gerbariy namunalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASh) noyob ilmiy obektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 10 avgustdagi 4/1255-398-son ma’lumotnomasi). Natijada, gerbariy namunalari noyob obektning O‘rta Osiyo bo‘limi, shu bilan birga G‘arbiy Tiyonshon okrugi, Chorkesar botanik-geografik, Farg‘ona-Oloy okrugi, Sharqiy-Oloy botanik-geografik, Farg‘ona okrugi, Markaziy-Farg‘ona va Qayraqum-Yozyovon botanik-geografik rayonlari fondini boyitish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi florasidagi efemer turlarning zamonaviy (APG IV) taksonomiyasi, uchrash koordinatasi, botanik-geografik rayonlar bo‘yicha turlar xilma xilligi, efemerlarning balandlik mintaqalari bo‘yicha- cho‘l, adir, tog‘, yaylovlarda taqsimlanishi asosida qayd etilgan natijalar bioxilma-xillik to‘g‘risidagi global ma’lumotlar tizimiga (GBIF) joylashtirilgan (Global bioxilma-xillik ma’lumotlar bazasining 2024 yil 5 martdagi 001-son ma’lumotnomasi). Natijada, Farg‘ona vodiysidagi efemer turlar inventarizatsiyasi haqida xalqaro darajada to‘liq ma’lumot olish, biogeografik ma’lumotlardan global miqyosda foydalanish, iqlim o‘zgarishining turli senariylari kesimida turlarni kelajakdagi potensial tarqalish arealini aniqlash va ularga ta’sir qiluvchi asosiy bioiqlim omillarini baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish