Yoqubov Abutolib Axmadali o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi sharoitida kuzgi tunlam (Agrotis segetum) bioekologiyasi va unga edafik omillarning ta’siri», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1315.
Ilmiy rahbar: Zokirov Islomjon Ilhomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Mirzaeva Gulnora Saidorifovna, biologiya fanlari doktori, professor; Yunusov Mirzakarim Mirzaxalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi sharoitida kuzgi tunlamning bioekologiyasini aniqlash, genetik o‘ziga xosliklarini tahlil qilish hamda ushbu turning rivojlanishida tuproq-iqlim (edafik) omillarining roli va ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor COI geniga asoslangan DNK barkoding tahlillari Farg‘ona vodiysi namunalarining 99-100% aniqlikda A. segetum turiga mansubligi hamda genetik masofa (K2P) 0,2-0,3% bo‘lib, tur ichidagi populyasiyalararo tafovut mavjudligi aniqlangan;
Farg‘ona vodiysida A. segetum yiliga 4 avlod berishi, tuxum qo‘yish bahor va kuzda faol bo‘lishi hamda rivojlanish haroratga bog‘liqligi aniqlanib, urg‘ochilar bir mavsumda 400-1900 (laboratoriyada 450) tagacha tuxum qo‘yishi hamda lichinka-g‘umbak xususiyatlari (5-25 sm chuqurlikda, 7-14 kun) asoslab berilgan;
shakar va oqsilga boy lavlagi va sabzida lichinkalar uzunligi (40 mm) va massasi (640-660 mg) yuqori, glyukozinolatga boy sholg‘om va turpda past (36-37 mm, 618-628 mg) bo‘lishi, boshqa oila o‘simliklari esa A. segetum populyasiyasining doimiy saqlanishiga sharoit yaratishi aniqlangan;
turli agrotsenozlarda lichinka tana og‘irligi variatsiya koeffisienti turp va sholg‘omdagi individlarda yuqori (5,46-5,70%), lavlagi va sabzida past (3,52-4,09%) bo‘lishi, tana uzunligi ko‘rsatkichi esa (3-3,6%) barqaror saqlanib, zararkunanda populyasiyalaridagi moslashuv mexanizmlarining xilma-xilligi asoslangan;
tuproqning fizik, kimyoviy hamda biologik xususiyatlari A. segetum ning rivojlanish sur’atlari va xavflilik darajasiga bevosita ta’sir etishi aniqlangan hamda sovuq, tuproqning sho‘rlanishi yoki ortiqcha namligi lichinkalarning nobud bo‘lishi va populyasiyaning pasayishiga olib kelishi isbotlangan;
sho‘rlangan tuproqlarda lichinkalarning qishlash chuqurligi (11-12 sm gacha) ortib, eskidan sug‘oriladigan tuproqlarda 8-9 sm atrofida bo‘lishi qayd etilgan va farqlar statistik jihatdan ishonchli bo‘lib, populyasiya stress omillarga diapauza xususiyatini moslashtirishi bilan javob reaksiyasi hosil qilishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi sharoitida kuzgi tunlam (Agrotis segetum) bioekologiyasi va unga edafik omillarning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Agrotis segetum ning COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazining 2024-yil 26-avgustdagidagi ma’lumotnomasi, blast.ncbi.hlm.hih.gov). Natijada, Agrotis segetum – PQ225944 va PQ225945 inventar raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda tunlamlar filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi turli agrotsenozlarida uchrovchi A. segetum ning 68 nusxadagi namunalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining “Zoologiya kolleksiyasi” noyob obektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 7 avgustdagi 4/1255-1769-son ma’lumotnomasi). Natijada, mavjud hasharotlar kolleksiyasi fondini yangi namunalar bilan boyitgan va ular populyasiyalari tarqalishining zamonaviy holatini baholash hamda kadastr ma’lumotlarini tayyorlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish