Mamlakatimizda barcha sohalar singari ta’lim va ilm-fan tarmoqlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishida strategik maqsadlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug‘vor g‘oyaning ro‘yobida ham aynan yosh avlod kamoloti, ilm-fan rivoji hamda ustoz-mualimning pedagogik faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganliridek, “Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytishga to‘g‘ri keladi: ta’lim-tarbiya – biz uchun hayot-mamot masalasidir. Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy etuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir o‘zgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz”.
Joriy yilning 24 iyun kuni Oliy attestatsiya komissiyasida pedagogika hamda filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar rahbariyati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur fanlar yo‘nalishida olib borilayotgan tadqiqotlarning dolzarb masalalari muhokama etilgani shundan.
Yig‘ilishni “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyati va samaradorligini yanada oshirishga muhim ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Buni so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar tarkibida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimining sifati va samaradorligini oshirish borasidagi yangiliklar va ularning natijalari misolida ham ko‘rish mumkin.

Albatta, intellektual salohiyatli yoshlar kamoloti uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida mehnat qilayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bilim va mahorati, ilg‘or tajriba va so‘nggi ilmiy yangiliklardan nechog‘lik boxabarligiga bog‘liq. Bunda ularga pedagogika va filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh tadqiqotchi va etuk olimlarning bir necha yillik ilmiy-amaliy, tajribaviy, bir so‘z bilan aytganda, “Igna bilan quduq qazishdek” mashaqqatli mehnatga mengzaladigan ilmiy izlanishlari mevasi quvvat manbai, metodik ta’minot bo‘ladi.
Shunga ko‘ra yig‘ilishda dissertatsiya tadqiqotlari sifatini oshirish, ilmiy kengashlar faoliyatini nizomlar talablari asosida tashkil etish, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va attestatsiya hujjatlarini belgilangan talablar asosida rasmiylashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi va amaliy tajribalar asosida tegishli ko‘rsatmalar berildi.
O‘tkazilgan yig‘ilish yakunida mavzu doirasida yo‘llangan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
OAK Axborot xizmati