Mirzaev Qaxramon Qarshiboevichning
texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qishloq xo‘jalik texnikasi detallari va ishqalanish uzellarining eyilishbardoshligini oshirishning ilmiy-texnologik asoslari”, 05.07.02 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini ishlatish, tiklash va ta’mirlash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/T859.
Ilmiy maslahatchi: Shoobidov Shorahmat Asqarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Rustamov Raxmatali Murodovich; texnika fanlari doktori, professor Berdiev Dorob Murodovich; texnika fanlari doktori, professor Xudayarov Berdirasul Mirzaevich. 
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi QXT detallari va ishqalanish uzellarining eyilishbardoshliligini ularni tayyorlash va ishlatish bosqichlarida oshirishning ichki qoldiq kuchlanishlar, deformatsiyalarni aniqlash, ko‘pfunksiyali texnologik moylarni qo‘llash orqali ilmiy-texnologik asoslarini yaratishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
abraziv tajovuzkor ekpluatatsiya sharoitlarida ishlatiladigan QXT detallari va ishqalanish uzellarining eyilishbardoshligini oshirishda eyilish jarayonlari detallarning sirtidan boshlanishini, detallarning mexanikaviy ishlov berish usullari bilan tayyorlashda ular sirti fizikaviy-kimyoviy tavsiflarini va kuchlanganlik holatni hisobga olish imkonini beradigan detallarni tayyorlash va ulardan foydalanishni umumlashtiruvchi ilmiy yondashish ishlab chiqilgan va asoslangan; 
QXTda ko‘plab ishlatiladigan “val” ko‘rinishidagi va o‘qi simmetrik nobikir detallarni tayyorlashga ta’sir etuvchi barcha omillar e’tiborga olingan holda tayyorlash jarayoni texnologik tizim sifatida baholanib, matematik modellashtirish masalalari echilgan; 
o‘simlik gudronlari asosidagi ko‘pfunksiyali texnologik moylarning tarkiblari aniqlanib, ularni ishqalanish uzellarida ham qo‘llash detallar eyilishbardoshligini oshirish shartidan asoslangan; 
ishqalanish uzeli elementlarining (tishli g‘ildiraklar, podshipniklar, vallar) eyilish miqdori va jadalligini dumalash podshipnigidagi va transmissiya karteridagi  moyning ifloslanganlik darajasiga ko‘ra ishqalanish uzelini bo‘laklarga ajratmasdan aniqlash usuli ishlab chiqilgan; 
QXT kuch uzatmalari dumalash podshipniklarining umrboqiyligi ular elementlarining eyilishbardoshligiga bog‘liqligi abraziv zarrachalarning o‘lchamini, konsentrasiyasini, podshipnikdagi radial tirqishni hamda moylovchi materiallarning xossalarini baholash orqali o‘rnatilgan; 
detallar va nobikir vallar kuchlanganlik – deformatsion holatini boshqarish va shu asosda detallarga ishlov berish texnologik jarayonlarini qurishning asosiy tamoyili ko‘pfunksiyali texnologik moylarni qo‘llash va detallarni tayyorlash amallarini tarkibiy shakllantirish orqali ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qishloq xo‘jalik texnikasi (QXT) detallari va ishqalanish uzellarining eyilishbardoshligini oshirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:  
    Qishloq xo‘jalik texnikasi detallariga mexanikaviy ishlov berishda hosil bo‘ladigan qoldiq kuchlanishlarni aniqlashga doir ilmiy natijalar “Do‘stlik Agroservis MTP” MChJ da joriy qilingan (“O‘ZAGROSERVIS” AJ ning 2024-yil 25-maydagi №09-03/102-615 sonli ma’lumotnomasi). Natijada “val” ko‘rinishidagi va o‘qi simmetrik detallarning tayyorlanish aniqligi 15-20 foizga ortishiga erishilgan;
“val” ko‘rinishidagi va o‘qi simmetrik detallarni tayyorlashning kompleks texnologik tizimi hamda ularni tayyorlash texnologiyasi joriy qilingan “Do‘stlik Agroservis MTP” MChJ da joriy qilingan (“O‘ZAGROSERVIS” AJ ning 2024 yil 25 maydagi №09-03/102-615 sonli ma’lumotnomasi). Natijada “val” ko‘rinishidagi va o‘qi simmetrik detallarni tayyorlash samaradorligi 15-20 foizga oshirish hamda qoldiq kuchlanishlarning 20-25 foizga kamaytirish imkoni yaratilgan;
moylovchi materiallarning yangi tarkibi “Do‘stlik Agroservis MTP” MChJ da joriy qilingan (“O‘ZAGROSERVIS” AJ ning 2024 yil 25 maydagi №09-03/102-615 sonli ma’lumotnomasi). Natijada detallarning eyilishbardoshligi ishqalanish koeffisienti va ichki qoldiq kuchlanishlarning pasayganligi hisobiga 15-30 foizga oshishiga erishilgan; 
    “val” ko‘rinishidagi va o‘qi simmetrik detallarni tayyorlash, ishqalanish uzellarining eyilishbardoshligi hamda moylovchi materiallarning ishqalanish uzellarida qo‘llanilishi bo‘yicha olingan nazariy va amaliy natijalar Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Mexanika va Mashinasozlik fakultetlari bakalavriatura talabalariga “Mexanika (Mashina detallari)” fanidan ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tishda tadbiq etilgan (Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining 2024-yil 7-iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning ushbu fan bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari doirasi kengaygan, ularda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi ortgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish