Xaitova Mastura Xusanovna
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Davlat tashkilotlari axborot xizmatlari PR kommunikatsiyalarining ijtimoiy xususiyatlari”
10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2023.4.PhD/Fil4269
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, DSc.30/30.12.2019.Fil.14.01
Rasmiy opponentlar: Mamatova Yoqutxon Muxamedjanovna filologiya fanlari doktori, professor, Usarov Olimjon Avalbaevich filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi: Davlat tashkilotlari axborot xizmatlari PR kommunikatsiyalarining ijtimoiy xususiyatlari chuqur o‘rganilib, ularning jamiyatga ta’siri baholandi, jamoatchilik fikrining muhimlilik darajasi shakllantirishdagi roli, aholi bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan mexanizmlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlarning maqsadli auditoriyaga ta’sir etish usullari va samaradorligi tadqiq etildi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
davlat tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini o‘rganish kontekstida PR kommunikatsiya va PR texnologiya metodologiyasi ishlab chiqilib, ommaviy kommunikatsiyalar tarkibida PR kommunikatsiyaning o‘rni alohida ekanligi belgilangan va uning PRdan alohida tushuncha ekanligi isbotlangan;
davlat tashkilotlari PR kommunikatsiyalari natijadorligini baholash uchun ijtimoiy ta’sir, shaffoflik va jamoatchilik bilan o‘zaro aloqa samaradorligini o‘lchash metodologiyasi asoslangan;
sotsiologik va kommunikatsiya tadqiqotlarining zamonaviy usullaridan foydalangan holda olingan empirik ma’lumotlar asosida axborot xizmatlari PR kommunikatsiyalarining davlat tashkilotlari imijiga ijobiy ta’siri nazariy va amaliy jihatdan dalillangan;
tadqiqot natijalari asosida davlat tashkilotlari axborot xizmatlarining jamoatchilik bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan PR strategiyasini ishlab chiqish, samarali PR kommunikatsiyani tashkil etishda tashkilot maqsadli auditoriyasining muhimlilik darajasi aniqlash, “Jamoatchilikning muhimlik darajasi” formulasi asosida tahlillar o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan va uning zarurati dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. Davlat tashkilotlari axborot xizmati PR kommunikatsiyalarining ijtimoiy xususiyatlarini o‘rganish orqali shakllantirilgan xulosa va amaliy takliflar asosida:
davlat tashkilotlari axborot xizmati o‘z kommunikatsion siyosatini amalga oshirishda doimiy ravishda o‘z media resurslari imkoniyatlaridan foydalanib o‘z maqsadli auditoriyasiga tashkilot faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni etkazish muhimligi borasidagi xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi axborot xizmati faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2024-yil 30-avgustdagi 10-14/15-sonli ma’lumotnomasi). Natijada vazirlikning maqsadli auditoriyasi talablaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarini yanada samarali yuritishga erishilgan.
davlat tashkiloti axborot xizmati faoliyati nafaqat ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, balki ichki kommunikatsiyaga qaratilgan xodimlar bilan munosabatlarni yaxshilash, jamoat tashkilotlari bilan ishlash, jamoatchilik bilan bevosita samarali munosabatlarni (savollarga va ularning murojaatlariga javob berish) o‘rnatish, tashkilot ijobiy imijini shakllantirish bilan shug‘ullanibgina qolmay, tizim tashkilotlari hamda ularning matbuot kotiblari bilan ham samarali aloqalar o‘rnatish lozimligiga doir tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligigining 2024-yil 28-avgustdagi 4/17-03/02-735-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tizim tashkilotlari matbuot kotiblari PR kommunikatsiyalarning axborot xizmati faoliyatiga ta’sirini to‘liqroq tushunish imkonini berdi hamda ularning mahorati yanada oshishiga hissa qo‘shilgan.
davlat boshqaruvi tizimidagi axborot xizmati davlat organlari tuzilmalarining keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari hamda turli jamoat tashkilotlari bilan maqsadli o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish shuningdek, ular tomonidan amalga oshiriladigan davlat hokimiyati va boshqaruvining axborot-kommunikativ funksiyasini amalga oshirishga doir tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining 2024-yil 29-avgustdagi 18/1-06-5139-sonli ma’lumotnomasi). Natijada an’anaviy IV “Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon” mavzusidagi Milliy konferensiya va uning doirasida Media-forum ishini yuqori saviyada o‘tkazishda samarali PR kommunikatsiyani tashkil etishda auditoriyaning muhimlilik darajasini aniqlash hamda “Jamoatchilikning muhimlik darajasi” formulasidan foydalanish davlat tashkilotlari axborot xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etishga erishilgan.
davlat tashkilotlari faoliyatiga oid ma’lumotlarni keng jamoatchilikka tushunarli va sodda tilda etkazishda axborot xizmatining rolini oshirish borasidagi tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki axborot xizmati foliyatida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yil 19-avgustdagi 39-15/132-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Markaziy bank tizimidagi tijorat banklari axborot xizmati faoliyati yanada rivojlantirildi hamda PR kommunikatsiyalardan foydalanish orqali tijorat banklarining turli ijtimoiy guruhlar jumladan, maqsadli auditoriyasi bilan o‘zaro aloqa mexanizmlari optimallashtirilgan.
davlat tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini o‘rganish kontekstida ishlab chiqilgan PR kommunikatsiya va PR texnologiya metodologiyasi, ommaviy kommunikatsiyalar tarkibida PR kommunikatsiyaning muhimlik darajasi bo‘yicha keltirilgan xulosalardan “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida foydalanildi (“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil 28-avgustdagi 14/18-24-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zsuvta’minot” AJ koll-sentr xizmati xodimlari hamda tashkilotning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va va Toshkent shahar suv ta’minoti korxonalari axborot xizmati rahbarlari uchun o‘quv kursi tashkil etilgan va matbuot kotiblari kasbiy mahoratining oshishiga yordam berilgan.