To‘lqin Mamatqobulov Eshqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek davlatchiligi tarixi: Ashtarxoniylar–safaviylar munosabatlari”. 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.3.PhD/Tar.56.01
Ilmiy rahbar: Gulchehra Azizovna Agzamova, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019. Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Azimxo‘ja Muzafarovich Otaxo‘jaev, tarix fanlari doktori, professor;
Diloram Xo‘jamqulovna Sangirova, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 17–18-yuzyillikning birinchi yarmida ashtarxoniylar va safaviylar sulolalari o‘rtasidagi siyosiy aloqalarining o‘zbek davlatchiligi tarixida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ashtarxoniylar va safaviylar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni uch bosqichga: 1601–1650-yillar rivojlanish davri (ikki sulola hukmdorlarining o‘zaro aloqalarga faol kirishishi va uni qo‘llab-quvvatlashi), 1650–1700-yillar turg‘unlik davri (ashtarxoniy – arabshohiylar o‘rtasidagi janglar, Balxdagi qo‘zg‘olonlar, safaviylarda esa shohlar hukumat hamda qizilboshlar ta’siriga tushib qolganligi) va 1700–1730-yillar tanazzul davriga (har ikki sulolada ichki inqirozning yuz berishi, savdo yo‘llarini ahamiyatining yo‘qotishi) bo‘linishi dalillangan;
ashtarxoniylar va safaviylar o‘rtasidagi ixtiloflar diniy nizo (shia-sunniy mazhabining qarama-qarshiligi)dan tashqari, Xurosonga hududiy da’vo shaklida ham bo‘lib, ashtarxoniylar bu erga o‘zlarini siyosiy voris deb hisoblagan bo‘lsa, safaviylar esa qadim fors sulolalariga tegishli hudud sifatida qaraganliklari asoslangan;
safaviylarning ashtarxoniylar bilan munosabatda Turkistonda ta’sir doirasini saqlash uchun nikoh munosabatlaridan (Din Muhammad sultonning ashtarxoniy sultonga qizi Shahribonbegimni nikohlab berganligi), haj yo‘llaridan (safaviylar tomonidan ashtarxoniy hukmdorlar va martabali shaxslarga haj yo‘llarining ochib berilganligi), dabdabali qabul marosimlaridan (ashtarxoniy xonlari, devonbegi va boshqa mansabdorlarni kutib olinishlari) foydalanganligi aniqlangan;
ikki sulola o‘rtasidagi aloqalarda boburiylar va usmoniylarning manfaatlari ham to‘qnashgan bo‘lib, unda boburiylar Turkistonni nazorat qilish, safaviylarni Kobul va Qandahorga o‘tkazmaslikni maqsad qilgan bo‘lsa, usmoniylar esa safaviylarga ashtarxoniylar vositasida shimoldan zarba berish hamda ularni zaiflashtirish orqali O‘rta va Yaqin sharqda mavqeini saqlab qolishga intilganliklari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
“O‘zbek davlatchiligi tarixi: Ashtarxoniylar–safaviylar munosabatlari” mavzusidagi tadqiqot natijalarining joriy qilinishi hamda chiqarilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Ashtarxoniylar sulolasi tashqi siyosiy munosabatlarda faol ishtirok etgani, xususan, safaviylar bilan bo‘lgan aloqalarning shakllanishida Xuroson omilining yetakchi o‘rin tutgani, shuningdek, diniy omillar va uchinchi mamlakatlarning aralashuvi, ikki sulola o‘rtasidagi munosabatlarga muhim ta’sir ko‘rsatgani haqidagi tarixiy ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Tarixiy savol”, “Mavzu”, “Ochiq dars”, “Elchilik tarixi” hamda “Javohir” kabi ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 11-noyabrdagi 01-44-403-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari o‘zbek davlatchiligi tarixidagi tashqi siyosiy aloqalar va diplomatik munosabatlarning ilmiy asosda yoritilishiga xizmat qilgan bo‘lib, tomoshabinlarning O‘zbekiston tarixiga oid bilimlarining kengayishiga zamin yaratgan.
Sulolalar o‘rtasidagi ixtiloflarga diniy (shia-sunniy mazhabining qarama-qarshiligi) omildan tashqari, Xurosonga hududiy da’voning mavjud ekanligi, xususan, ashtarxoniylar bu erga o‘zlarini siyosiy voris deb hisoblagan bo‘lsa, safaviylar esa qadim fors sulolalariga tegishli hudud sifatida qaraganliklariga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi “arxiv” fondida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 2025-yil 13-yanvardagi 3/1255-104-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi, Xuroson masalasi bo‘yicha mavjud ilmiy qarashlarni boyitishga hamda yangi bilimlar shakllanishiga xizmat qilgan.
Ashtarxoniylar sulolasining safaviylar sulolasi bilan siyosiy munosabatlarga kirishuvi, o‘zaro diplomatik maktublar almashinuvi, ashtarxoniy hukmdorlarning safaviylar saroyida tantanali kutib olinishi va ularga nisbatan ko‘rsatilgan iliq munosabatlarga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi “arxiv” fondida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 2025-yil 13-yanvardagi 3/1255-104-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, yangi materiallar, tarixiy manbalar va ilgari ilmiy iste’molga kiritilmagan hujjatlarning muzey arxiv fondiga taqdim etilishi Buxoro xonligi va uning tashqi aloqalariga oid fondlar konsepsiyasini boyitishga hamda mazkur eksponatlarning mazmunini muzey tashrifchilariga yanada keng va asosli tarzda tushuntirib berishga xizmat qilgan.
Diniy ulamolarning o‘zaro munosabatlari, sulolalar o‘rtasidagi ixtiloflarga boburiylar va usmoniyning ta’siri, shuningdek, safaviylardan so‘ng hokimiyatga kelgan Nodirshohning Turkistonga yurishlari va ularning oqibatlariga oid ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 11-noyabrdagi 01-44-403-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, ashtarxoniylar sulolasining tashqi aloqalari va siyosiy jarayonlarini birlamchi manbalar asosida tizimli tarzda yoritib berishga imkon yaratgan.