Qahramon Karimdjanovich Yakubovning
tarix fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazm vohasi vaqf mulkchiligi tarixi (1511–1920-yy.)”. 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari
Dissertatsiya mavzusi roʼyxatga olingan raqami: B2025.3.DSc/Tar171
Ilmiy rahbar: Azamat Ziyo, tarix fanlari doktori, akademik; Dono Ziyaeva, tarix fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat koʼrsatayotgan muassasa, IK raqami: Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Gulchehra Azizovna Agzamova, tarix fanlari doktori, professor;
Bobur Bomuradovich Aminov, tarix fanlari doktori, v.b. professor;
Alisher Hasanovich Xoliyorov, tarix fanlari doktori
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 16–20-yuzyillik boshlari Xorazm vohasi vaqf mulkchiligining Turkiston siyosiy, iqtisodiy va madaniy-ijtimoiy munosabatlar tizimi tarixida tutgan o‘rnini birlamchi manbalar, xususan, tarixiy hujjatlar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustamlaka tuzumining an’anaviy hujjatshunoslik va ish yuritish tartibiga ta’siri natijasida qozilik daftarlari va turli notarial hujjatlarni tuzishda qayd raqamlaridan foydalanilgani hamda ushbu o‘zgarish ish yuritishdagi tizimlashuvga sabab bo‘lgani aniqlangan;
vaqf institutining markaziy hokimiyat bilan bog‘liqligi, jumladan, Arabshohiylar va Qo‘ng‘irotlar sulolari hukmronligi davrida saroyda vaqf ustidan nazorat olib boruvchi shaxs, ya’ni mutavalli lavozimining joriy etilgani hamda mashhur ulamolar maqbaralariga hukmdorlar tomonidan mutavalli tayinlash tartibi amal qilgani ochiqlangan;
Xorazm ayollarining vaqf munosabatlarida voqifa, mutavalli va hatto koranda, ya’ni ijaraga oluvchi sifatida faol ishtirok etgani hamda ayollarning vaqf vositasida mulkning moliyaviy boshqaruvi va uni tasarruf etish huquqlariga asosalangan yangi iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lgani dalillangan;
madaniy-ijtimoiy muassasalar (madrasa, masjid, maktab, xonaqoh, maqbara, qorixona) va gidrotexnik inshootlar (quduqlar tizimi) faoliyat yo‘nalishlari, xodimlar tarkibi va xo‘jalik boshqaruvi ko‘pincha vaqfnomalarda aks etgan bo‘lib, mazkur masalalarni belgilashda asosan vaqf qiluvchi shaxsning xohish-istaklari inobatga olingani ochiqlangan;
Arabshohiylar sulolasi hukmronligi davrida ekiladigan vaqf erlaridan asosan muzora’ kelishuvi, ya’ni olingan hosilni belgilangan ulushga ko‘ra taqsimlash orqali foydalanish amalda bo‘lgani va Qo‘ng‘irotlar sulolasi davriga kelib madaniy-ijtimoiy muassasalar uchun manfaatliroq hisoblangan, xususan, vaqf haqini hosildan emas, balki oldindan o‘rnatilgan miqdor bo‘yicha hamda bu haqida ijara shartnomasini tuzgan holda daromad olish keng tarqalgani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
mustamlaka tuzumining ta’siri natijasida qozilik daftarlari va turli notarial hujjatlarni tuzishda qayd raqamlaridan foydalanilgani hamda ushbu o‘zgarish ish yuritishdagi tizimlashuvga sabab bo‘lgani haqidagi ma’lumotlardan Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instiutida bajarilgan “Seeing Like an Archive: Documens and Forms of Governance in Islamic Central Asia (START Projekt, FWF)” mavzusidagi xalqaro loyiha doirasida foydalanilgan (Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instiutining 2024-yil 8-apreldagi ma’lumotnomasi). Ushbu noyob tarixiy hujjatlarning transkripsiyasi asosida ular elektron (digital) nusxalarining yaratilishi tadqiqotchilar uchun vaqf hujjatlarining ichki tuzilishi, matn kompozisiyasidagi o‘zgarishlarni anglash hamda Xorazm vohasining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy tarixini o‘rganish uchun katta imkoniyat yaratgan;
vaqf institutining markaziy hokimiyat bilan bog‘liqligi, jumladan, Arabshohiylar va Qo‘ng‘irotlar sulolari hukmronligi davrida saroyda vaqf ustidan nazorat olib boruvchi shaxs, ya’ni mutavalli lavozimining joriy etilgani hamda mashhur ulamolar maqbaralariga hukmdorlar tomonidan mutavalli tayinlash tartibi amal qilgani borasidagi qaydlardan IFA-201925 raqamli “Xorazm shaharlarining tarixi, madaniy meroslari, obidalari va san’at asarlarining tadqiqotlari asosida SMART texnologiyalarini yaratish” mavzusidagi qo‘shma innovatsiya loyihasi hamda PZ-20170921162 raqamli “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda tibbiyot va xalq tabobati (fors va turkiy tillardagi toshbosma asarlar, arxiv hujjatlari va davriy matbuot materiallarini tizimlashtirish va tadqiq etish)” loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024-yil 14-oktyabrdagi 3/1255-2281-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari mutavallilik lavozimi, madrasa, masjid, maqbara va qorixonalarning ishlash mexanizmi, ularning tarixiy hujjatlar shartiga muvofiq belgilangan faoliyat yo‘nalishlari va ta’lim tizimi, shuningdek, zamonaviy aloqa muassasalari, yo‘llar, ko‘priklar va ijtimoiy infratuzilma obektlarining shakllanishi, faoliyatida (vaqf vositasida) xususiy shaxslar emas, balki davlat asosiy rolni o‘ynay boshlaganini yanada kengroq ochib berish imkoniyatini taqdim etgan;
Xorazm ayollarining vaqf munosabatlarida voqifa, mutavalli va hatto koranda, ya’ni ijaraga oluvchi sifatida faol ishtirok etgani hamda ayollarning vaqf vositasida mulkning moliyaviy boshqaruvi va uni tasarruf etish huquqlariga asosalangan yangi iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lgani, shuningdek, madaniy-ijtimoiy muassasalar (madrasa, masjid, maktab, xonaqoh, maqbara, qorixona) va gidrotexnik inshootlar (quduqlar tizimi) faoliyat yo‘nalishlari, xodimlar tarkibi va xo‘jalik boshqaruvi ko‘pincha vaqfnomalarda aks etgan bo‘lib, mazkur masalalarni belgilashda asosan vaqf qiluvchi shaxsning xohish-istaklari inobatga olingani kabi ma’lumotlardan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining “Age Xiva” loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahar hokimligi mahkamasining 2023-yil 12-dekabrdagi 10-731-son ma’lumotnomasi). Ushbu ma’lumotlar Xiva shahri tarixi, jumladan vaqf hisobidan ta’minlangan me’moriy obidalar faoliyatini aks ettiruvchi maxsus saytni yaratishda muhim manbaviy asos bo‘lib xizmat qilgan;
Arabshohiylar sulolasi hukmronligi davrida ekiladigan vaqf erlaridan asosan muzora’ kelishuvi, ya’ni olingan hosilni belgilangan ulushga ko‘ra taqsimlash orqali foydalanish amalda bo‘lgani va Qo‘ng‘irotlar sulolasi davriga kelib madaniy-ijtimoiy muassasalar uchun manfaatliroq hisoblangan, xususan, vaqf haqini hosildan emas, balki oldindan o‘rnatilgan miqdor bo‘yicha hamda bu haqida ijara shartnomasini tuzgan holda daromad olish keng tarqalgani kabi ilmiy yangiliklardan “Tarixiy savol” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 31-oktyabrdagi 01-44-375-son ma’lumotnomasi). Mazkur masalalar tarixiy hujjatlarning tadrijiy taraqqiyotidagi evrilish jarayonlari, xususan, yangi turdagi hujjatlarning paydo bo‘lishi, hujjat tilidagi o‘zgarishlar hamda vaqf mulklaridan foydalanish tartibi va amaliyoti haqida batafsil ma’lumot olish imkonini bergan.