Rustamova Xosiyatcha Islomalievnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Adabiy qahramonlarning tengsizlikka qarshi ruhiy isyoni konsepti, 10.00.06 − qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligidagi (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2024.2.PhD/Fil4633
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Miliev Suvon, filologiya fanlari doktori
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01 
Rasmiy opponentlar: Teshaboeva Ziyoda Qodirovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; To‘raeva Bahor Bahriddinovna, filologiya fanlari doktori, professor v.b. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: O‘zbek, ingliz va rus adabiyotidagi ayol ijodkorlarning ruhiy isyon konseptini lirik asarlari misolida  qiyosiy tadqiq etish va o‘zaro o‘xshash hamda farqli jihatlarini ilmiy-nazariy asoslashdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
adabiyotda isyonkor qahramon obrazining badiiy-tarixiy omillari, genezisi, ruhiy isyon konsepti, taraqqiyot tamoyillari, evolyusiyasi, obrazlar tizimi qadimgi davr adabiyoti, eposlar, mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalari qiyosiy-tarixiy planda tadqiq qilinib, ilmiy asoslangan;
adabiy qahramonlar isyonining spesifik xususiyatlari, g‘oyaviy-badiiy ahamiyati, adolatsizlik va zulmga qarshi kurashda qahramon fojiaviy holati, xarakteri aniqlangan;
isyonkor qahramon obrazi xarakterini aniqlashda Sharq va G‘arb ayollarining diniy-e’tiqodiy, mifologik qarashlari, ijtimoiy-maishiy turmush madaniyati, yuksak qadriyatlari, milliy va umumbashariy, badiiy-estetik xususiyatlari dalillangan;
o‘zbek mumtoz she’riyatida Nodirabegimning fenomenal qiyofasi, shoira ijodiy individualligiga xos isyon talqini, Qo‘qon xonligi adabiy muhiti vakillari Uvaysiy, Dilshodi Barno, Anbar Otin she’riyatida ijtimoiy-siyosiy vaziyat va davr zulmiga qarshi isyon ruhining lirik aks etishi ochib berilgan; 
zamonaviy o‘zbek shoiralari H.Xudoyberdieva, N.Afoqova she’rlarida insoniy qadr-qimmat va ayol qalbi masalalari, G‘arb zamonaviy she’riyatida, xususan, E.Dikinson, A.Axmatova, M.Svetaeva ijodida jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi ayol botiniy isyonini hamda individual xossalari tahlil qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Amiriy ijodida irfoniy g‘oya va timsollarning tadqiqi bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida: 
ayol mualliflar ijodidagi o‘ziga xoslik, ruhiy isyonning jahon va o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ifoda imkoniyatlari, obraz va timsollar olami, tarixiy va badiiy xususiyatlarini tadqiqiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbek tili, adabiyoti va folklor institutida bajarilgan OT-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2017-2020) fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbek tili, adabiyoti va folklor institutining 2023-yil 8-iyundagi 3/1255-1256-son ma’lumotnomasi). Natijada globallashuv davri o‘zbek adabiyotida adabiy qahramonlarning ruhiy isyoni, isyonkor obrazlar hamda o‘zbek adabiyoti tarixi, adabiy jarayonida yangi motiv va muammolarning paydo bo‘lishiga doir ilmiy qarashlarning boyishiga asos bo‘lgan; 
o‘zbek tili, adabiyoti va folklor institutida bajarilgan OT-F1-77 “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017–2020) fundamental ilmiy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbek tili, adabiyoti va folklor institutining 2023-yil 8-iyundagi 3/1255-1256-son ma’lumotnomasi). Natijada Halima Xudoyberdieva ijodi, asarlari, ijodining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, tasvir ko‘lami, ifoda uslubi va lirik qahramon xarakteri haqidagi ilmiy xulosalar bilan boyitilgan:
o‘zbek mumtoz she’riyatida Nodirabegimning fenomenal qiyofasi, shoira ijodiy individualligiga xos isyon talqini, Qo‘qon xonligi adabiy muhiti vakillari Uvaysiy, Dilshodi Barno, Anbar Otin she’riyatida ijtimoiy-siyosiy vaziyat va davr zulmiga qarshi isyon ruhining lirik aks etishiga doir ilmiy yangiliklaridan Qo‘qon davlat pedagogika institutida bajarilgan AL322103020 “Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodi bo‘yicha veb-sayt va elektron platforma yaratish” mavzusidagi grant loyihada foydalanilgan (Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2023-yil 13-dekabrdagi 1340/04-son ma’lumotnomasi). Natijada platforma yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan; 
adabiyotshunoslikda ijodkorlar adabiy-estetik qarashlarini tizimli o‘rganish, ularning ijtimoiy qoidalar va tengsizlikka nisbatan ichki isyon, uni ifoda etish uchun qo‘llagan uslublar, shuningdek, bir qator jahon va o‘zbek adabiyotidagi obrazlar qismati, ko‘zga ko‘ringan ayol ijodkorlar qarashlaridagi mushtaraklik va nomutanosiblik, ruhiy isyonning jahon va mumtoz adabiyotdagi ifoda imkoniyatlari, obraz va timsollar olami, tarixiy-badiiy xususiyatlari asoslanganligiga oid ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2023-yil 30-iyundagi 06-28/844-son ma’lumotnomasi). Natijada, dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish