Asqaraliev Odilbek Ulug‘bek o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Ko‘p pog‘onali korporativ tizimlararo axborot almashish jarayonlari samaradorligini oshirish”, 05.01.10 – “Axborot olish tizimlari va jarayonlari” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/T897.
Ilmiy maslahatchi: [Zaynidinov Xakimjon Nasiridinovich], texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Igamberdiev Xusan Zakirovich, texnika fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi, Raxmatullaev Marat Alimovich, texnika fanlari doktori, professor, Kalandarov Ilyos Ibodullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Yagona korporativ tarmoqqa asoslangan avtomatlashtirilgan ma’lumot almashishni tashkil etishning kengaytirilgan tuzilmasi, modellari hamda algoritmlarini ishlab chiqish orqali axborot almashinuvi jarayonlari samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘p pog‘onali korporativ tizimlarni integratsiyalashni konseptual modelga asoslangan holda avtomatlashtirilgan ma’lumotlar almashish jarayonlarini tashkil etishning kengaytirilgan tuzilmasi ishlab chiqilgan;
tashkilotlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari o‘rtasida ko‘p qatlamli axborot almashinuvi jarayonlari samaradorligini oshirishda graflar nazariyasiga asoslangan matematik model ishlab chiqilgan;
korporativ tizimlararo axborot almashinuvida yagona ma’lumotlar tuzilmasi yaratilgan hamda taqsimlangan server klasterlaridagi strukturalanmagan ma’lumotlar bazasi normallashtirilgan;
korporativ tarmoq rejimida ma’lumotlar almashinuvi pog‘onasida so‘rovlarni validatsiyalashning qoidalar bazasi va axborot oqimi jarayonlarini samarali tashkil etishning axborot modeli ishlab chiqilgan;
turli tashkilotlar korporativ boshqaruv tizimlarining mul`tiservisli aloqa kanaliga asoslangan ko‘p karrali axborot oqimlarni samarali tashkil etishni boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan;
turli tashkilotlar, soliq operatorlari va korporativ soliq organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini integratsiyalash usuli asosida ko‘p pog‘onali ma’lumotlar almashishni tashkil etish arxitekturasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ko‘p pog‘onali korporativ tizimlararo axborot almashish jarayonlari samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ko‘p pog‘onali korporativ tizimlarni integratsiyalashni konseptual modelga asoslangan holda avtomatlashtirilgan ma’lumotlar almashish jarayonlarini tashkil etishning kengaytirilgan funksional tuzilmasi, korporativ boshqaruv tizimlari o‘rtasida ko‘p qatlamli axborot almashinuvi jarayonlari samaradorligini oshirishning graf modellari asosida ishlab chiqilgan dasturiy-instrumental vositalar Soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy axborot markazi DUK hamda soliq organlarining korporativ boshqaruv tizimida tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 7-apreldagi 29/2-40985-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida avtomatlashtirilgan rejimda soliq operatorlari bilan ma’lumotlar almashish, soliq hisobotlarini avtomatlashtirilgan rejimda qabul qilish hamda soliq to‘lovchilarga real vaqtda xizmat ko‘rsatish hajmining 17% oshishiga erishilgan. Shuningdek, soliq to‘lovchilar bilan munosabatlarni avtomatlashtirilgan rejimda tashkil etish jarayoniga ketadigan vaqt 1,8 barobarga kamaygan. Bu esa o‘z navbatida soliq organlari xodimlari ish unumdorligini 15%ga oshirishga xizmat qilgan;
korporativ axborot alamashinuvining yagona ma’lumotlar tuzilmasi hamda taqsimlangan server klasterlaridagi strukturalanmagan ma’lumotlar bazasini normallashtirishning shardlash usuli, korporativ tarmoq rejimida ma’lumotlar almashinuvi pog‘onasida so‘rovlarni validatsiyalashning qoidalar bazasi, axborot oqimi jarayonlarini samarali tashkil etishning axborot modellari hamda ko‘p pog‘onali ma’lumotlar almashishni tashkil etish arxitekturasi Toshkent shahar soliq boshqarmasi Yangihayot tuman davlat soliq inspeksiyasida E-aktiv hamda AUTOCAMERAL tizimlari misolida tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 7-apreldagi 29/2-40985-sonli ma’lumotnomasi). Natijada boshqa tashkilotlar bilan ma’lumotlar almashish, shuningdek, soliq operatorlari bilan avtomatlashtirilgan muloqotga ketadigan vaqt 2 barobar kamayishiga erishilgan. Bundan tashqari soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish hajmini 15%ga oshirish imkoniyati yaratilgan. Soliq ma’muriyatchiligining avtomatlashtirilgan rejimdagi ish hajmi hamda mehnat unumdorligining 20% ga oshishiga erishilgan.
soliq hamda bojxona organlarining ko‘p sathli taqsimlangan axborot tizimlari va kompyuter tarmoqlari uchun yaratilgan integratsiyalash mikroservis arxitekturasi, tashkilotlar korporativ boshqaruv tizimlarining mul`tiservisli aloqa kanaliga asoslangan ko‘p karrali axborot oqimlarni samarali tashkil etishni boshqarish algoritmlari asosida ishlab chiqilgan dasturiy vositalar Davlat bojxona qo‘mitasining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 7-apreldagi 29/2-40985-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotni amalga oshirishdan olingan natijalarga ko‘ra deklaratsiyalash jarayonlarini samarali tashkil etish, soliqqa oid ma’lumotlarni olish hamda uzatish jarayonlari uchun ketadigan vaqtning 15% qisqarishiga erishilgan. Avtomatlashtirilgan rejimda ma’lumotlar almashish, xizmat ko‘rsatish hajmini 12% ga oshirish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, mehnat unumdorligini qariyb 10% oshishiga xizmat qilgan;
soliq operatorlari va korporativ soliq organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini integratsiyalash usuli, ko‘p pog‘onali ma’lumotlar almashishni tashkil etish arxitekturasi hamda ishlab chiqilgan dasturiy vositalar “Global Softline Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 7-apreldagi 29/2-40985-sonli ma’lumotnomasi). Natijada korxonaning soliq hisobotlari, xizmatlarni realizatsiyalashdagi hisob-faktura hujjatlarini avtomatlashtirilgan rejimda qabul qilish hamda soliq ma’lumotlarini real vaqtda olish natijasida xizmat ko‘rsatish hajmining 17% oshishiga erishilgan. Korxonaning hududiy Yangihayot tuman soliq inspeksiyasi hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasi bilan hujjat almashishni avtomatlashtirilgan rejimda tashkil etish jarayoniga ketadigan vaqtni 2 barobarga kamaytirish imkonini bergan. Erishilgan ilmiy hamda amaliy natijalar “Global Softline Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida ish unumdorligini o‘rtacha 15% oshirishga xizmat qilgan.