Usinova Zamira Baxtiyarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bachadondan tashqari homiladorlik bo‘lgan ayollarda jarrohlik amaliyotidan keyingi davrni optimallashtirish»14.00.01 – Akusherlik va ginekologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1125.
Ilmiy raxbar: Niyazmetov Raxmatilla Ermatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tibbiyot xodimlarning kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.11.2023.Tib.114.01.
Rasmiy opponentlar: Babadjanova Shaxida Dadadjanovna, tibbiyot fanlari doktori; Asrankulova Dilorom Baxtiyarovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bachadon naylarida joylashgan homiladorlikning progressiv shaklida jarrohlik amaliyotini qo‘llash paytida va jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda takomillashtirilgan reabilitatsiya usulini qo‘llash orqali reproduktiv funksiyani saqlab qolish va takroriy ektopik homiladorlik chastotasini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Orolbo‘yi mintaqasida bachadondan tashqari homiladorlikning uchrash chastotasi, kasallikning kelib chiqishi va rivojlanishiga sabab bo‘lgan omillar – sal`pingit, xlamidiya, gonoreya, aralash infeksiya, endometrioz va abortlarining roli aniqlangan;
bachadondan tashqari homiladorlik sababli, sal`pingoektomiya amaliyoti bajarilgan nazorat guruhida, birlamchi bepushtlik 55,3%, ikkilamchi mutloq bepushtlik 24,6% yuqori darajada uchrashi va ikkilamchi mutloq bepushtlik bo‘lgan bemorlarga fertil faoliyatini tiklash uchun yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qo‘llash zarurligi aniqlangan;
bachadon naylarida uchraydigan progressiv homiladorlikda o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti jarayonida kompleks qo‘llaniladigan dezinfeksiyalovchi eritma – dekametoksin bilan retrograd gidrotubatsiya, sal`pingoliz, sal`pingokateterizatsiya va jarrohlik amaliyotidan keyingi takomillashtirilgan reabilitatsiya usulining samaradorligi isbotlangan;
bachadon naylarida uchraydigan progressiv homiladorlik tufayli o‘tkazilgan innovatsion jarrohlik amaliyoti va amaliyotdan keyingi takomillashtirilgan reabilitatsiya usulini qo‘llash natijasida iqtisodiy, tibbiy, ijtimoiy samaradorlikni yaxshilash, bemorlarning fertil faoliyati 67,6 % tiklash va bepushtlikni 2,4 baravargacha kamaytirish mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bachadondan tashqari homiladorligi bo‘lgan ayollarda jarrohlik amaliyotidan keyingi davrni optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
birinchi ilmiy yangilik: Orolbo‘yi mintaqasida BTHning rivojlanishi va dinamikada uchrash chastotasi ko‘payishiga nospesifik, spesifik infeksiyalar va somatik kasalliklar sabab bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar «Bachadondan tashqari homiladorlikda jarrohlik aralashuvidan keyin ayollar reproduktiv funksiyasini saqlashga kompleks yondashuv» nomli uslubiy tavsiyaga kiritilgan (Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining 29.12.2023 yildagi 7n-r/67-sonli xulosasi) bo‘lib, Toshkent shahridagi 2-tug‘ruq kompleksining (05.01.2024 yildagi 28-son buyruq) hamda Nukus shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-son oilaviy poliklikasining (07.01.2024 yildagi 5-son buyruq) amaliy faoliyatiga tatbiq etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Orolbo‘yi mintaqasida BTHning uchrash chastotasi oshganining asosiy xavf omillari jinsiy a’zolarning yallig‘lanishi, somatik kasalliklardan anemiya, siydik chiqarish tizimi kasalliklarining ko‘p miqdorda uchrashi ekanligi aniqlandi. Agar reproduktiv yoshdagi ayollarda somatik va jinsiy organlarining yallig‘lanish kasalliklari erta tashxislansa va o‘z vaqtida davolansa, bu BTHning rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytirish, reproduktiv natijalar va ayollarning hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi. Iqtisodiy samaradorligi: BTH rivojlanishi va ko‘rsatkichi o‘sishining oldini olish, har yuz homiladorlikdan 2,3 tasida reproduktiv faoliyatni saqlash, onalar o‘limini kamaytirish va bitta BTHni tashxislash hamda davolash uchun o‘rtacha 6540325 so‘mlik sarf-xarajatlar tejaladi. Xulosa: bemorlar kichik tos a’zolarining yallig‘lanish kasalliklari, surunkali bir tomonlama sal`pingit, surunkali ikki tomonlama sal`pingit, aralash infeksiya va somatik kasalliklar erta tashxislansa va o‘z vaqtida davolansa, bu BTHning rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytirish, reproduktiv natijalar va ayollarning hayot sifatini yaxshilash hamda sarf-xarajatlarni iqtisod qilish imkonini beradi;
ikkinchi ilmiy yangilik: an’anaviy reabilitatsiya usuli qo‘llanilgan retrospektiv guruhda sal`pingoektomiya amalga oshirilgandan so‘ng ayollarda o‘rganilgan fertillik, BTHning qayta uchrash chastotasi va bachadon naylarining holati haqidagi ma’lumotlar «Bachadondan tashqari homiladorlikda jarrohlik aralashuvidan keyin ayollar reproduktiv funksiyasini saqlashga kompleks yondashuv» nomli uslubiy tavsiyaga kiritilgan. Ijtimoiy samaradorligi: retrospektiv guruhdagi 65 nafar ayolda bachadon naychasi homilasining tushishi sabab o‘tkazilgan bir tomonlama sal`pingektomiyadan so‘ng ikki yil davomida amalga oshirilgan an’anaviy reabilitatsiya usuli fonida spontan homiladorlik – atigi 13 nafar (20%), bepushtlik – 36 nafar (55,3%) va qolgan bachadon naychasida takroriy BTH – 16 nafar (24,6%) bemorda kuzatilgani yuqorida ko‘rsatilgan uslubning ijtimoiy samarodorligi past ekanligidan dalolat beradi. Iqtisodiy samaradorligi: jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda davolash uchun sarflanadigan har kunlik xarajatlar retrospektiv guruhda bitta bemorga 289132 so‘mni, prospektiv guruhda esa 166849 so‘mni tashkil etdi (r>0,05). Jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda retrospektiv guruhdagi bitta bemorni davolashga ketadigan mablag‘ 122283 so‘mga ko‘p bo‘lgani uchun uning iqtisodiy samaradorligi kam deb baholangan. Xulosa: an’anaviy reabilitatsiya usuli qo‘llanilgan retrospektiv guruhda sal`pingoektomiya amalga oshirilgandan so‘ng ayollarda fertillik, BTHning qayta uchrash chastotasi hamda bachadon naylarining holati o‘rganilgan va ijtimoiy, iqtisodiy samaradorligi juda past deb topilgan;
uchinchi ilmiy yangilik: ilk marotaba bachadon naylarida uchraydigan progressiv homiladorlikda o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti jarayonida kompleks qo‘llaniladigan dezinfeksiyalovchi eritma – dekametoksin bilan retrograd gidrotubatsiya, sal`pingoliz, sal`pingokateterizatsiya va jarrohlik amaliyotidan keyingi takomillashtirilgan va samarali reabilitatsiya usuli Toshkent shahridagi 2-tug‘ruq kompleksining (05.01.2024 yildagi 28-son buyruq) amaliy faoliyatiga tatbiq etilgan (Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining 29.12.2023 yildagi 7n-r/67-sonli xulosasi). 2022–2024 yillar davomida BTH sabab jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan ayollarda reproduktiv funksiyani saqlab qolishga qaratilgan yuqoridagi chora-tadbirlar 17 nafar bemorda o‘rganildi. Ijtimoiy samaradorligi: bachadon naylarida rivojlanayotgan homiladorlikni erta tashxislash, organlarni (bachadon naylarini) saqlaydigan laparoskopik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, jarrohlik amaliyoti jarayonida dezinfeksiyalovchi eritma – dekametoksin bilan retrograd gidrotubatsiya usulida bachadon naylarini uch karra yuvish, sal`pingolizis, sal`pingokateterizatsiya uslublarini qo‘llash, jarrohlik amaliyotidan keyin uch oy davomida sxema bo‘yicha streptokinaza va streptodornaza asosli fermentativ shamchalarni qo‘llash natijasida spontan homiladorlik 15 nafar (88,2%), bepushtlik esa atigi 2 nafar (11,7%) bemorda uchragani juda yuqori ijtimoiy samarodorlikdan dalolat beradi. Iqtisodiy samaradorligi: bemorlarning jarrohlik amaliyotidan keyin statsionarda davolanishi 3,0±0,5 kunni tashkil etgan. BTH sabab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarda taklif qilingan uslubni qo‘llash jarrohlik amaliyotidan so‘nggi dastlabki hamda keyingi asoratlarni kamaytirgani va iqtisodiy tomondan 98104875 so‘m kam xarajat qilingani taklif qilingan usulning yuqori iqtisodiy samaradorligidan dalolat beradi. Xulosa: taklif qilingan takomillashtirilgan reabilitatsiya usuli amalga oshirilganda bemor ayollarda fertillikning yuqori darajada saqlanib qolgani yuqori ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlik ekanligi aniqlangan;
to‘rtinchi ilmiy yangilik: BTHda jarrohlik amaliyotidan keyingi davrni reabilitatsiya qilishning tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yuqori samaradorlikka ega takomillashtirilgan usuli Toshkent shahridagi 2-tug‘ruq kompleksining (05.01.2024 yildagi 28-son buyruq) amaliy faoliyatiga tatbiq etilgan (Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining 29.12.2023 yildagi 7n-r/67-sonli xulosasi). Tibbiy samaradorligi: jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda kompleks davolash natijasida yiringli-infeksion asoratlar 7,4 marta – 20,8% dan 2,8% gacha kamaydi; qolgan bachadon naychasida surunkali yallig‘lanish jarayonlarining zo‘rayishi 5,4 marta – 23,8% dan 4,2% gacha, operatsiyaning davomiyligi 32±3,0 daqiqaga, statsionarda qolish muddati 1,7 marta – 3,5±0,5 kungacha qisqardi, an’anaviy terapiyada esa u o‘rtacha 6,0±0,5 kunni tashkil etgan. Ijtimoiy samaradorligi: an’anaviy usul bilan solishtirganda, o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng ayollar reproduktiv funksiyasini 3,1 martagacha tiklash va BTHning qaytalanish chastotasini 2,2 marta kamaytirishga erishilgani asoslangan. Iqtisodiy samaradorligi: jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda nazorat guruhidagi bir nafar bemorni davolashga ketadigan umumiy xarajatlar o‘rtacha 289132 so‘mni, asosiy guruhdagi bir nafar bemorni davolash uchun ketadigan umumiy xarajatlar esa o‘rtacha 166849 so‘mni tashkil qildi. Xulosa: taklif qilingan takomillashtirilgan reabilitatsiya usuli bemorlarda amalga oshirilganda ayollarda fertillik yuqori darajada saqlab qolinib, uning tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy samaradorligi yuqori ekanligi aniqlangan.