Hamroev G‘iyosjon Fayzullo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Takomillashgan tuynukochgich–chuquryumshatkichning qiya ustunli ish organi parametrlarini asoslash», 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4733
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Fazliddin O‘rinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02.
Rasmiy opponentlar: Musurmonov Azzam Turdievich, texnika fanlari doktori, professor; Gaffarov Xasan Ravshanovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sho‘rlanish darajasi yuqori va o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan tuproqlar haydov qatlami ostida kam energiya sarf qilgan holda sifatli quvur hosil qilishni ta’minlaydigan takomillashgan tuynukochgich-chuquryumshatkich qiya ustunli ish organining parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qiya ustun, kesik silindrsimon iskana va tuynukochgich ish organlari bilan jihozlangan takomillashgan tuynukochgich-chuquryumshatkich qurolining konstruksiyasi va texnologik ish jarayoni kam energiya sarf qilgan holda sifatli quvur hosil qilinishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
tuynukochgich-chuquryumshatkich quroli ish organining silindrsimon iskanasining diametri, kesik qismi charxlanish burchagi, uzunligi va uvalash burchagi minimal energiya sarflab tuproq zarralarini uning ish sirti bo‘ylab ko‘tarilishi va siljishi hamda belgilangan chuqurlikka kirishini hisobga olgan holda aniqlangan;
qurolning qiya ustunlari va silindrsimon iskanasi bilan ishlov berish jarayonlarini ifodalaydigan analitik bog‘lanishlar sho‘rlangan tuproqlarning xususiyatlarini hisobga olingan holda keltirib chiqarilgan va ular asosida ish organning parametrlari haydov qatlami ostida sifatli quvur hosil qilishini ta’minlashini hisobga olgan holda asoslangan;
qiya ustunli ish organli takomillashgan tuynukochgich-chuquryumshatkichning belgilangan ishlov berish chuqurligiga botishi va bir tekis saqlanishi qurolning tayanch tekisligidan pastki osish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofani o‘zgartirish hisobiga ta’minlanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Takomillashgan tuynukochgich-chuquryumshatkichning qiya ustunli ish organi parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tuynukochgich-chuquryumshatkich qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining foydali modelga patenti olingan (“Tuynukli drenaj hosil qiluvchi qurilma”, № FAP 02134-2022-y, № FAP 2421-2024-y). Natijada takomillashgan tuynukochgich-chuquryumshatkichning konstruktiv sxemasini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
qiya ustunli tuynukochgich-chuquryumshatkich qurilmasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan, Buxoro viloyatining Vobkent, Peshku va G‘ijduvon tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 7-avgustdagi 05/04-04-371-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlangan tuproqlarda takomillashgan tuynukochgich-chuquryumshatkichning qiya ustunli qurilmasi bilan ishlov berishda yonilg‘i sarfi 10-14 foizga, sarf qilinadigan ekspluatatsion xarajatlarni esa 23,83 foizga kamaytirish imkoni yaratilgan;
qiya ustunli tuynukochgich-chuquryumshatkichni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 7-avgustdagi 05/04-04-371-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlangan tuproqlarda quvur hosil qiladigan qiya ustunli tuynukochgich-chuquryumshatkich qurolini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.