Qaytarov Zohidjon Dusmon o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Deformatsiyalanuvchi g‘ovak muhitda ko‘p fazali sizish jarayonlarini sonli tahlil qilish (Chislenniy analiz protsessov mnogofaznoy fil`tratsii v deformiruemoy poristoy srede)”.
01.02.05 – “Suyuqlik va gaz mexanikasi” (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/FM798
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Burnashev Vladimir, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, fizika-matematika fanlari doktori, 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM/T.02.09
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Ravshanov Normaxmad: texnika fanlari doktori, professor. 
To‘lqin Mavlanov: texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi neft qatlamlarida muhit deformatsiyasini hisobga olgan holda ko‘p fazali sizishning matematik modellarini takomillashtirish, ularni amalga oshirishning sonli usullari va hisoblash tajribalarini o‘tkazishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
g‘ovak muhitda ko‘p fazali sizish jarayonining matematik modellari muhitning deformatsiyasi natijasida uning g‘ovakligi va o‘tkazuvchanligi o‘zgarishini hisobga olgan holda takomillashtirilgan va ularni realizatsiya qilish uchun “katta zarralar” usuli asosida iteratsion usullarni qo‘llamasdan hisoblash jarayonlarini amalga oshirishga imkon beruvchi sonli algoritm ishlab chiqilgan; 
 bir o‘lchovli g‘ovak muhitda, ko‘p fazali sizish jarayonlari qazib olish quduqlarining debitlari va muhitning deformatsiyalanuvchanligini hisobga olgan holda takomillashtirilgan hamda o‘tkazilgan hisoblash tajribalari natijasida muhitning deformatsiyalanish darajasining oshishi bilan qazib olish quduqlari debitlari keskin pasayishi aniqlangan;
 deformatsiyalanuvchi g‘ovak muhitda ko‘p fazali sizishning tekis masalasi qo‘yilgan va sonli echilgan hamda o‘tkazilgan hisoblash tajribalari natijasida qazib olish quduqlari joylashuvining g‘ovak muhitning deformatsiyalanish jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan; 
 deformatsiyalanuvchi g‘ovak muhitda ko‘p fazali sizishning profil masalasi qo‘yilgan va sonli echilgan, turli darajada deformatsiyalanuvchi muhitlar uchun jarayonning asosiy gidrodinamik ko‘rsatkichlari og‘irlik kuchini hisobga olgan holda aniqlangan hamda sizish jarayoniga muhit deformatsiyasi va og‘irlik kuchining ta’siri baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Deformatsiyalanuvchi g‘ovak muhitlarda suyuqliklar sizishi jarayonlarining matematik modellari, sonli usullar va algoritmlar asosida: 
Jizzax viloyati Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan suv omborini to‘ldirish jarayonida suv bilan oqib kirgan turli moddalarning cho‘kishidan hosil bo‘lgan qatlam deformatsiyasi natijasida suv sathining o‘zgarishini baholash uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 31 iyuldagi 02/13-2788-sonli guvohnomasi).Tadqiqot natijalari suv omborlari tubida cho‘kma hosil bo‘lishini va cho‘kma deformatsiyasi natijasida suv omborlari sig‘imining o‘zgarishini aniqlash, natijalarni vizualizatsiya qilish orqali vaqt va fazoviy koordinatalar bo‘ylab bosim maydonini gidrodinamik parametrlarga bog‘liq holda aniqlash hamda suv omboridagi oqimni o‘rta va uzoq muddatli bashorat qilish sifatini oshirishda hisoblash aniqligini 5-6% ga oshirish imkonini bergan. Suv ombori sig‘imidagi o‘zgarishlarni bashorat qilishda suv omborining tubida hosil bo‘lgan cho‘kma deformatsiyasining roli baholangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish