Majidov Jamshed Abdulla o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlari tergov qilishni takomillashtirish”, “12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhDG‘Yu979.
Ilmiy rahbar: Karimova Dilrabo Ergashevna, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31G‘30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Saidov Baxrom Anvarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Bazarova Dildora Baxadirovna, yuridik fanlar doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlarini tergov qilishni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlari bo‘yicha ish uchun ahamiyatli izlarning yo‘qolib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lganda hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tergov harakatini videoyozuv orqali qayd etilishi shart ekanligi asoslantirilgan; 
aybga iqrorlik to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish vaqtida gumon qilinuvchining, ayblanuvchining jinoiy harakatlarni amalga oshirish imkoniyatlarini baholash, uning aybga iqrorlik to‘g‘risidagi arizasini majburlov ostida bergan yoki bermaganligini, o‘z murojaatining mohiyatini tushungan-tushunmaganligini aniqlash lozimligi asoslantirilgan;
Transport vositasining egasi tomonidan nafaqat mast holatda yoki giyohvandlik vositalari hamda psixotrop yoxud odamning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxsga balki giyohvandlik vositalarining analoglari (kimyoviy tuzilishi va xossalariga ko‘ra giyohvandlik vositalariga o‘xshash bo‘lgan, ular singari ruhiyatga faol ta’sir etadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar) ta’siri ostida bo‘lgan shaxsga ham uning ushbu moddalar ta’siri ostida ekanligini aniq bilgani holda transport vositasini boshqarishga ruxsat berishi O‘zbekiston Respublikasi JKning 261-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi asoslantirilgan;
Ishga ko‘maklashuvchi shaxslar hamda jabrlanuvchilarning yashash joyiga har kuni qaytish imkoniyati mavjud bo‘lsa, ularga turarjoyni ijaraga olish xarajatlari 
va kundalik xarajatlar to‘lanmasligi, ularning ishga jalb qilingan joydan o‘zining doimiy yashaydigan joyiga har kuni qaytishi mumkinligi masalasi mas’ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan masofaning uzoqligi, transport aloqasi sharoiti, bajariladigan topshiriqning tusi, xodim uchun dam olish sharoitlarini yaratish kabi holatlarni hisobga olingan holda hal etilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish tartibini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tarzidagi, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti, shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish tarzidagi protsessual harakatlar videoyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etilishi shart etib belgilanishi lozimligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Pleniumining 2022 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Pleniumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-son qarorining 41-bandi bilan Oliy sudi Pleniumining 2018 yil 24 avgustdagi  24-son qarori 9-bandi “k” kichik bandining oltinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan berilgan 2024 yil  28 iyundagi 08G‘5-24-son dalolatnoma). Ushbu takliflarning inobatga olinishi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bilan bir qatorda YTH jinoyatlarini tergov qilish samaradorligini ham oshirishga xizmat qilgan;
aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish vaqtida kelishuv tuzishning asoslarini tekshirish, shuningdek gumon qilinuvchining, ayblanuvchining kelishuv predmeti bo‘lgan harakatlarni amalga oshirish imkoniyatlarini baholash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchining aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv haqidagi iltimosnomasini biron-bir tazyiq yoki majburlov ostida bergan yoki bermaganligini, kelishuvning mohiyatini tushungan-tushunmaganligini aniqlash lozimligi haqidagi hamda agar kelishuvga asosan hukm chiqarilib, jazo tayinlanganidan keyin gumon qilinuvchining, ayblanuvchining bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganligi yoki tergovdan biron-bir muhim va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlarni qasddan yashirganligi aniqlangan taqdirda hukm qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzish haqida iltimosnoma bergan gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga tushuntirib berilishi lozimligi haqidagi takliflaridan 2021-yil                 18- fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-prosessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-675-son Qonunining 30-bandi (O‘zbekiston Respublikasi JPKning “Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomaning prokuror tomonidan ko‘rib chiqilishi” deb nomlanuvchi 5863 -moddasi) ni ishlab chiqishda foydalanilgan. Ushbu takliflarning inobatga olinishi haqiqiy aybdorni aniqlash va uni javobgarlikka tortish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarining poymol etilishining oldini olish, protsessual harakatlarni odilona va xolisona amalga oshirilishiga xizmat qilgan.
Transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxs haydovchi transport vositasini boshqarishga ruxsat berilgan paytda mast holatda yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud odamning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanligini aniq bilgan bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi JKning 261-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-sonli qarorining 34-bandi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015 yil 26 iyundagi “Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 10-son qarorining 21-bandiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi) o‘n birinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan. Ushbu takliflarning inobatga olinishi haqiqiy aybdorni aniqlash va uni javobgarlikka tortish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarining poymol etilishining oldini olish, protsessual harakatlarni odilona va xolisona amalga oshirilishiga xizmat qilgan.
Ishga ko‘maklashuvchi shaxslar hamda jabrlanuvchilarning yashash joyiga har kuni qaytish imkoniyati mavjud bo‘lsa, ularga turarjoyni ijaraga olish xarajatlari 
va kundalik xarajatlar to‘lanmasligi, ularning ishga jalb qilingan joydan o‘zining doimiy yashaydigan joyiga har kuni qaytishi mumkinligi masalasi mas’ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan masofaning uzoqligi, transport aloqasi sharoiti, bajariladigan topshiriqning tusi, xodim uchun dam olish sharoitlarini yaratish kabi holatlarni hisobga olingan holda hal etish lozimligi yuzasidan bergan takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 28 oktyabrdagi 570-son qarori bilan tasdiqlangan “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomining to‘qqizinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan. Ushbu takliflarning inobatga olinishi haqiqiy aybdorni aniqlash va uni javobgarlikka tortish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarining poymol etilishining oldini olish, protsessual harakatlarni odilona va xolisona amalga oshirilishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish