Hazratova Hulkar Normurodovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining amaldagi ovqatlanishi va uning fiziologik tahlili (Qashqadaryo viloyatining qishloq maktablari misolida)», 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/B1047.
Ilmiy rahbar: Kurbanov Shaniyaz Kurbanovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti..
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.06.2020.B.70.03.
Rasmiy opponentlar: Kuchkarova Lyubov Salijanovna, biologiya fanlari doktori, professor; Kuziev Mirzohid Sadullaevich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qashqadaryo viloyatining ayrim qishloq maktablarida tahsil oladigan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining amaldagi ovqatlanishini fiziologik jihatdan baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadaryo viloyatining ayrim qishloq maktablarida tahsil olayotgan 7-10 yoshli o‘quvchilarning kunlik iste’mol taomlari tarkibidagi asosiy oziq moddalarning miqdori me’yorga nisbatan kamligi hamda ular o‘rtasidagi nisbatning buzilganligi asoslangan;
respondentlarning ovqatidagi V2, V9 va D vitaminlari, Sa, R makroelementlari, Fe, Zn va J mikroelementlarini miqdori me’yordan pastligi, A va B12 vitaminlari miqdorining o‘rtacha qiymati me’yorga yaqinligi aniqlangan;
tekshiriluvchilarning qon zardobidagi Ca konsentratsiyasining me’yordan kamligi, P, Fe, Mg va vitamin B12 konsentratsiyasining o‘rtacha qiymati esa me’yor ko‘rsatkichlariga yaqinligi isbotlangan;
boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining aksariyati astenik tana tuzilishiga ega ekanligi, 9-10 yoshli o‘quvchilarning bo‘y, vazn va ko‘krak qafasi aylanasi ko‘rsatkichlari yuqoriligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qashqadaryo viloyati qishloq maktablaridagi boshlang‘ich sinf oʻquvchilarining amaldagi ovqatlanishini fiziologik jihatdan baholash boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qishloq maktablaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari iste’mol qilayotgan ovqat tarkibidagi asosiy oziq moddalarning miqdori va nisbati, vitaminlar va mineral moddalar miqdori hamda ularning qon zardobidagi konsentratsiyasi bo‘yicha olingan ko‘rsatkichlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining davolash muassasalari tizimining amaldagi faoliyatida va aholi turli guruhlari, jumladan, bolalar jamoasining salomatligini saqlash bo‘yicha olib boriladigan targ‘ibotlarda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 29 yanvardagi 01/656-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘quvchilarning kunlik iste’mol taomlari tarkibidagi asosiy va qo‘shimcha oziq moddalarning ahamiyati, ovqatlanish tartibi hamda oqilona ovqatlanishga oid tushuncha va bilimlarini o‘rtacha 8,4-13,1% gacha oshirish imkonini bergan;
qishloq maktablaridagi 7-10 yoshli o‘g‘il va qiz bolalarning antropometrik ko‘rsatkichlari asosida aniqlangan tana tuzilishi tiplari bo‘yicha berilgan tavsiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining ta’lim muassasalaridagi sog‘liqni saqlash hodimlari tomonidan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy taraqqiyotini o‘rganishda va salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 29 yanvardagi 01/656-son ma’lumotnomasi). Natijada, ta’lim tashkilotlarida kichik maktab yoshidagi bolalarning jismoniy taraqqiyotini tizimli ravishda o‘rganish hamda tahlil qilishda xizmat qilgan.