Mirxakimova Feruza Xoldorjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston tarixini o‘rganishda memorial va uy muzeylarining ahamiyati”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi va 17.00.06 – Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy obektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: Falsafa doktori (PhD) dissertatsiya mavzusi Oliy attestatsiya komissiyasida B2024.4.PhD/Tar862 raqam bilan ro‘yxatga olingan.
Ilmiy rahbar: Mustafaeva Nodira Abdullaevna tarix fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.02/09.07.2020.Tar.70.03. raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: tarix fanlari doktori, professor Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Muxammedova Munisa Sobirovna
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan memorial va uy-muzeylarining tashkil topish tarixi hamda faoliyati orqali O‘zbekiston tarixiga oid ma’lumotlarni taqdim etishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi.O‘zbekistonda dastlabki memorial va uy muzeylar o‘lkashunoslik muzeylari tarkibidagi yodgorlik sifatida asosan shoirlar, adiblar va san’at arboblari bilan bog‘liq memorial va uy muzeylar ekanligi, shaxs tarixiga bag‘ishlangan dastlabki maxsus muzey 1941-yilda Muqimiyning hujra muzeyi ekanligi, 1967-yilgacha bu toifadagi muzeylar tashkil etilmaganligi aniqlangan;
1970-1980-yillarda memorial va uy-muzeylarning soni ortganligi, biroq mustaqillik arafasi va mustaqillikning dastlabki yillarida ijtimoiy-iqtisodiy (bozor munosabatlariga o‘tilishi, byudjet mablag‘larining etishmovchiligi, moliyaviy qiyinchiliklar va b.) va siyosiy (shaxsning siyosiy mavqeyi, mafkuraviy yondashuvlar va b.) omillar bilan bog‘liq ravishda ba’zilari faoliyatining davom ettirilganligi yoki to‘xtatilgani, ba’zilarining esa faoliyati to‘xtatilib, yaratilgan imkoniyatlar tufayli qayta tiklangani tizimli ochib berilgan;
O‘zbekistondagi davlat ro‘yxatidagi memorial va uy-muzeylarning xaritasi yaratildi va ular asosan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona kabi yirik shaharlarda joylashgani, Vatan tarixida iz qoldirgan aksariyat yirik shaxslarning tug‘ilib o‘sgan hududlarida bu turdagi muzeylarning yaratilishi turizm salohiyatini oshishiga, sayyohlar oqimini ko‘payishiga xizmat qilishi dalillangan;
Yangi O‘zbekiston sharoitida jadidchilik xarakati vakillarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan memorial va uy-muzeylari ko‘lami kengayib borayotganligi, bu boradagi chora-tadbirlar milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslik, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan hissasi nuqtai-nazaridan konseptual va tizimli asosda amalga oshirilayotganligi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston tarixini yoritishda memorial va uy-muzeylarining faoliyatiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Uy-muzeylari mazmuni mamlakat tarixining turli bosqichlaridagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bevosita bog‘liqligi, davr mafkuraviy o‘zgarishlarini o‘zida aks ettirganligi ochib berilgan. Tadqiqotning tarixiy nuqtai nazardan uy-muzeylari o‘z davrining asl manzarasini saqlash, namoyish etish va qayta tiklashda faqatgina tarixiy bino emas, balki jamiyat tarixiy tafakkurini shakllantirishda asosiy ma’rifiy muassasa ekanligi haqidagi xulosalari va ilmiy yangiliklari, taklif-tavsiyalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” teleradiokanalining 2025-yil yanvar va aprel oylaridagi “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat”, “O‘zbekiston yoshlari” ko‘rsatuvlarini samarali tashkil etishda, ularning dastur va ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 24-apreldagi 05-09-543-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvlarda foydalanilgan memorial va uy-muzeylarning tashkil topishi, rivojlanishi va ularning faoliyatiga oid ma’lumotlar teletomoshabinlar tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida tadqiqot davomida to‘plangan arxiv ma’lumotlari, davriy matbuot materiallari, xorijiy adabiyotlar asosida yangi ko‘rgazma tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazmada jahon muzey fondining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan uy-muzeylarining O‘zbekiston sharoitida tashkil qilinishi, vatan tarixini o‘rganishda uy-muzeylarining tarixiy ko‘rgazmali manba sifatidagi ahamiyati ochib berilgan; (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yil 6-maydagi 04-05/1755-sonli ma’lumotnomasi). Memorial va uy-muzeylari faoliyatiga doir arxiv hujjatlari, davriy matbuot materiallari va foto nusxalarining muzeyga taqdim etilishi uning fondini boyishiga xizmat qildi.