Mallaev Jaxongir Ilxomovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sholining nav namunalarini o‘rganish asosida serhosil yangi navini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx1602.
Ilmiy maslahatchi: Mamaraximov Bunyod Ikramovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/08.05.2024.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: Sholining “Tantana” navi (NAP 00266).
II. Tadqiqotning maqsadi sholining turli mintaqalardan olingan nav namunalari kolleksiyasini o‘rganish asosida serhosil, turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos yangi navini yaratish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor geografik kelib chiqishi turlicha bo‘lgan sholining kolleksion nav namunalari orasidan qimmatli xo‘jalik belgilarining yuqori ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan namunalar maqsadli chatishtirish uchun tanlangan va aynan hosildorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan duragaylar yaratilgan;
duragay avlodlarda hosildorlikni ta’minlovchi belgilarning ijobiy korrelyasiyasi asosida tanlov yo‘nalishi aniqlangan va belgilari uyg‘unlashgan, don hosildorligi, don sifati yuqori va turli noqulay sharoitlarga chidamli bo‘lgan kombinatsiyalar ajratib olish imkoniyati asoslangan;
UZROS 7-13 x 854-83 duragayidan tanlash yo‘li bilan olingan 760-01 tizmasi asosida sholining qiltiqsiz, o‘rtapishar va hosildor yangi “Tantana” navi yaratilgan va Intellektual mulk agentligi tomonidan NAP 00265 raqamli patent olingan;
uning boshqa navlardan xo‘jalik uchun qimmatli belgilar majmuasi bo‘yicha farqlanishi, bir xilligi, barqarorligi hamda yangiligi tasdiqlangan holda, navning birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilgan va keng maydonlarda joriy qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sholining nav namunalarini o‘rganish asosida serhosil yangi navini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasida:
UZROS 7-13 x 854-83 duragayidan tanlash yo‘li bilan sholining o‘rtapishar va hosildor yangi “Tantana” navi yaratilib, 03.02.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Intellektual mulk agentligi tomonidan yangilik deb topilgan va unga NAP 00266 raqamli patent berilgan, nav jami 112 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 25-apreldagi 05/05-03-167-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sholi genofondi yangi manba bilan boyitilgan, ekilgan maydonlarida o‘rtacha hosildorlik gektariga 72,3 sentnerni tashkil etib, amaldagi hosildorlikdan 3-5 s/ga yuqori hosil olishga erishilgan hamda rentabellik darajasi 44,3 foizni tashkil etgan;
sholining “Tantana” navi Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi “GOLD GRANATE” MChJ da 35 gektar va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida 17 gektar, jami 52 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 25-apreldagi 05/05-03-167-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, viloyat tabiiy iqlim sharoitida o‘rtacha 75 s/ga hosil olinib, gektariga sof daromad 2,9 mln so‘mni, rentabellik darajasi 51,1 foizni tashkil etgan;
sholining “Tantana” navi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Yangiyo‘l guruch ta’minot” MChJ da jami 40 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 25-apreldagi 05/05-03-167-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, viloyatning tabiiy iqlim sharoitida sholining “Tantana” navini asosiy ekin sifatida etishtirishda hosildorlik va iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan va o‘rtacha 72 s/ga hosil olinib, gektariga sof daromad 2,0 mln so‘mni, rentabellik darajasi 42,6 foizni tashkil etgan;
Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm filialida 20 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 25-apreldagi 05/05-03-167-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotchi tomonidan ishlab chiqarishga tavsiya qilinayotgan ushbu yangi navni joriy qilish natijasida o‘rtacha 70 s/ga hosil olinib, gektariga sof daromad 1,5 mln so‘mni va rentabellik darajasi 37,0 foizni tashkil etgan.