Norova Nozima Nabievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Tijorat banklari tomonidan kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Iqt3264
Ilmiy rahbar: Saipnazarov Sherbek Shaylavbekovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent xalqaro universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Xalqaro universiteti, DSc.22/29.12.2023.I.175.01
Rasmiy opponentlar: Ruzieva Dilobar Isomjonovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xolov Nabijon Qaxramonovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistondagi tijorat banklari tomonidan kredit risklarini boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-nazariy, amaliy va uslubiy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uslubiy yondashuvga ko‘ra «kredit riski» tushunchasi kreditlarni tasniflash, bozordagi talab va taklifni o‘zaro taqqoslash, kreditlarni diversifikasiyalash, valyuta riski, bozor riski, foiz stavkalarining o‘zgarish riskini iqtisodiy va institutsional yondashuvlar orqali takomillashtirish yuzasidan mualliflik ta’rifi keltirilgan;
tijorat banklari tomonidan mijozlarining kreditga layoqatliligini moliyaviy va nomoliyaviy ko‘rsatkichlar asosida ularni «yaxshi», «qoniqarli» va «shubhali» toifalarga ajratish orqali kredit risklarini kamaytirish taklifi ilmiy asoslangan;
tijorat banklari kreditlash amaliyotiga «kredit risklarini boshqarish» modelini joriy qilish orqali kreditlardan kutilayotgan risklarni aniqlash va ularni bartaraf qilish taklif etilgan;
«Turonbank» aksiyadorlik jamiyati tomonidan kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish asosida 2030 yilga qadar kreditlar hajmining prognoz ssenariylari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari tomonidan kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
uslubiy yondashuvga ko‘ra «kredit riski» tushunchasi kreditlarni tasniflash, bozordagi talab va taklifni o‘zaro taqqoslash, kreditlarni diversifikasiyalash, valyuta riski, bozor riski, foiz stavkalarining o‘zgarish riskini iqtisodiy va institutsional yondashuvlar orqali takomillashtirish yuzasidan mualliflik ta’rifi oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun tavsiya etilgan «Portfel menejment» nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektorining 2024-yil 29-yanvardagi 21-sonli buyrug‘iga asosan). Mazkur ilmiy mualliflik ta’rifining amaliyotga joriy etilishi natijasida talabalarda tijorat banklari tomonidan kredit risklarini boshqarishda o‘zaro ta’sir etuvchi va bir-birini to‘ldiruvchi ikki yoki undan ortiq elementlarning obektiv, yaxlit hamda yagona tavsifga ega bo‘lgan yig‘indisi nuqtayi nazaridan takomillashtirilgan «kredit risklari» tushunchasining iqtisodiy mazmuni yuzasidan yangi nazariy bilim va ko‘nikmalarni hosil qilish imkoni yaratilgan;
tijorat banklari tomonidan mijozlarining kreditga layoqatliligini moliyaviy va nomoliyaviy ko‘rsatkichlar asosida ularni «yaxshi», «qoniqarli» va «shubhali» toifalarga ajratish orqali kredit risklarini kamaytirish taklifi «Turonbank» Aksiyadorlik tijorat banki faoliyatiga joriy etilgan («Turonbank» Aksiyadorlik-tijorat bankining 2025-yil 12-martdagi № 24/02-106 son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida «Turonbank» Aksiyadorlik tijorat bankining 2025 yil 1 yanvar holatiga bank kredit portfeli oldingi yilga nisbatan 17 foizga oshish imkonini berdi;
tijorat banklari kreditlash amaliyotiga «kredit risklarini boshqarish» modelini joriy qilish orqali kreditlardan kutilayotgan risklarni aniqlash va ularni bartaraf qilish taklifining
tashkiliy-uslubiy qoidalari «Turonbank» Aksiyadorlik tijorat banki amaliyotiga joriy etilgan («Turonbank» Aksiyadorlik-tijorat bankining 2025-yil 12-martdagi № 24/02-106 son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida, «Axbor-Reyting» agentligi tomonidan 2024 yil yakunlariga ko‘ra «Barqaror» prognozi bilan «UzA+» milliy kredit reytingi berildi. Mazku reyting Bank kredit salohiyatining yuqoriligini, shuningdek kredit tavakkalchiligi darajasi juda pastligini ko‘rsatish imkonini berdi;
«Turonbank» aksiyadorlik jamiyati tomonidan kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish asosida 2030 yilga qadar kreditlar hajmi o‘zgarishining prognoz ssenariylari ko‘rsatkichlari bo‘yicha taklifi «Turonbank» Aksiyadorlik tijorat banki amaliyotiga joriy etilgan («Turonbank» Aksiyadorlik-tijorat bankining 2025-yil 12-martdagi № 24/02-106 son dalolatnomasi). Tijorat banklari tomonidan kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish asosida 2030 yilga qadar kreditlar hajmining prognoz ssenariylari ko‘rsatkichlari «Turonbank» Aksiyadorlik tijorat bankining rivojlanish strategiyasini ishlab-chiqishda foydalanilgan.