Shayakhmetova Aiym Galimbekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʼi nomi): “Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy adliya sohasida inson huquqlarini himoya qilish: qiyosiy tahlil”, 12.00.13 – Inson huquqlari (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu1004 
Ilmiy rahbar: Tillabaev Mirzatillo Alisherovich, yuridik fanlar doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, DSc.39/30.11.2020.Yu/S.128.01
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Yuldasheva Gavherjon, yuridik fanlar doktori, professor Duysenov Erkin Ermanovich (Qozog‘iston Respublikasi).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qozog‘iston va O‘zbekiston qonunchiligida ma’muriy adliya orqali fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq normalarni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-nazariy takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jismoniy va yuridik shaxslarning ommaviy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini to‘liqroq amalga oshirish, ommaviy-huquqiy munosabatlarda xususiy va ommaviy manfaatlari muvozanatiga erishish, samarali va shaffof davlat boshqaruvini ta’minlash, shu jumladan, shaxslarning ommaviy-huquqiy sohadagi boshqaruv qarorlarini qabul qilishda ishtirok etishi, Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligiga ma’muriy tartib-taomillar vazifalarini amalga oshirishga taalluqli masalalarni hal qilish uchun qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish zarurati asoslab berilgan;
jismoniy shaxslarning buzilgan yoki nizoli huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik shaxslarning ommaviy-huquqiy munosabatlardagi huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish va tiklash maqsadida ma’muriy ishlarni adolatli, xolis va o‘z vaqtida hal etish Qozog‘istonda ma’muriy sud ishlarini yuritishning asosiy vazifalarini amalga oshirish uchun yangi huquqiy normalarni kiritish zarurati asoslab berilgan;
davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatayotgan advokat jalb qilinganda, uning ishga kirishi uchun uning ishtiroki tasdiqlangan paytdan boshlab kamida to‘rt soat vaqt berilishi tartibini O‘zbekiston qonunchiligiga joriy etish asoslab berilgan;
sud ma’muriy ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirishi qonunchilikda “sudning faol roli”ni mustahkamlash zarurati asoslab berilgan;
qiyosiy tadqiqot asosida dastlabki eshituv institutini joriy etish shuningdek, ma’muriy sud ishlarini yuritishga da’vo turlari, ularni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini belgilagan holda ma’muriy da’volarni kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan; 
xalqaro standartlar va xorijiy tajriba asosida fuqaroning arizasi bo‘yicha sudning eksterritorial yurisdiksiyasi mexanizmini joriy etish ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, ma’muriy adliya sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida qonun ijodkorligi jarayonida joriy etilgan takliflar ishlab chiqildi:
1. Qozog‘iston Respublikasining Ma’muriy tartib-taomillar kodeksiga, xususan, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish:
Qozog‘iston Respublikasi MTTKning 16-moddasiga “Sudning faol roli” quyidagi mazmundagi taklif ilgari surildi: “Ma’muriy sud ishlarini yuritish sudning faol roli asosida amalga oshiriladi. Sud o‘z tashabbusi yoki ma’muriy protsess ishtirokchilarining asoslantirilgan iltimosnomasiga ko‘ra materiallar va dalillarni to‘playdi”;
Qozog‘iston Respublikasi MTTKning 91-moddasiga “Shikoyat qilish tartibi” quyidagi mazmundagi taklif ilgari surildi: “5-qism - agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sudga murojaat qilish sudgacha bo‘lgan tartibda shikoyat qilinganidan keyinga yo‘l qo‘yiladi”;
Qozog‘iston Respublikasi MTTKning 102-moddasiga “Ishlarning sudlovga tegishliligi” quyidagi mazmundagi taklif ilgari surildi: “Ma’muriy sud ishlarini yuritish tarti- bida sudlarga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan ommaviy-huquqiy munosatlardan kelib chiqadigan nizolar tegishlidir”;
Qozog‘iston Respublikasi MTTKning 120-moddasiga “Yarashtiruv tartib-taomillari” quyidagi mazmundagi taklif ilgari surildi: “Tomonlar o‘zaro yon berish asosida yarashuv bitimini tuzish yo‘li bilan ma’muriy ishni to‘liq yoki qisman tugatishlari mumkin”;
Qozog‘iston Respublikasi MTTKning 129-moddasiga “Isbotlash majburiyati” quyidagi mazmundagi taklif ilgari surildi: “Isbotlash yuki quyidagilarga yuklatiladi: 1) nizolashish to‘g‘risidagi da’vo bo‘yicha – og‘irlashtiruvchi ma’muriy aktni qabul qilgan javobgar; 2) majburlash to‘g‘risidagi da’vo bo‘yicha – so‘ralayotgan ma’muriy aktni qabul qilishni rad etishga asos bo‘lgan faktlar qismida javobgar”;
Qozog‘iston Respublikasi MTTKning 25-bobini quyidagi mazmunda nomlash taklifi ilgari surildi: “Fuqarolar va saylovda, respublika referendumida ishtirok etuvchi jamoat birlashmalarining saylov huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ma’muriy ishlar bo‘yicha ish yuritish”. 
Yuqoridagi takliflar loyihani ko‘rib chiqish jarayonida inobatga olindi va Qozog‘iston Respublikasi Ma’muriy tartib-taomillar kodeksi matnida qabul qilindi (Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisining 2024-yil 28-avgustdagi №034-16/2024 sonli; Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 21-avgustdagi №JT-046231 sonli; Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining 2024-yil 19-avgustdagi №1-3-7/6960-4 sonli dalolatnomalari). Dissertant ishchi guruhi tarkibida Kodeks loyihasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan. 
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-915-sonli Qonuniga:
“O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 297-moddasiga “Advokat” quyidagi mazmundagi taklif berildi: “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatayotgan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt berilishi kerak”;
• “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risida”gi kodeksining 60-moddasiga “Shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakillik” quyidagi mazmundagi taklif: “Sud davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatayotgan advokat jalb qilingunga qadar ishni ko‘rishni keyinga qoldiradi, advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt berilishi kerak”. 
 “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risida”gi kodeksining 11-moddasiga “Sudning faol ishtiroki” quyidagi mazmundagi takliflar kiritildi: “Ma’muriy sud ishlarini yuritish sudning faol ishtiroki asosida amalga oshiriladi. Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, arizalari, iltimosnomalari, ular tomonidan taqdim etilgan dalillar va ishning boshqa materiallari bilan cheklanmasdan ma’muriy ishning to‘g‘ri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshiradi”. 
Ushbu takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi “Davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subektlarining huquqlarini samarali himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-833-sonli Qonuni matnida inobatga olindi va qabul qilindi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 17-avgustdagi №0216-06-61-sonli dalolatnomasi). 

Yangiliklarga obuna bo‘lish