Qo‘chqarova Durdona Ilxomjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘simlik xomashyolari asosida olingan adsorbentlarning kolloid-kimyoviy xossalari tadqiqi», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/K841.
Ilmiy rahbar: Ergashev Oybek Karimovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, DSc.03/29.08.2023.K/T.66.02.
Rasmiy opponentlar: Salixanova Dilnoza Saidakbarovna, texnika fanlari doktori, professor; Baxronov Hayot Nurovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘za poyasi va paxta chanog‘ini termokimyoviy faollantirish asosida mikro- va mezog‘ovakli faollantirilgan ko‘mir olish sharoitlarini aniqlash hamda olingan uglerodli adsorbentlarni oqava suvlarni organik chiqindilardan tozalashda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘za poyasi va paxta chanog‘ini karbonizatsiya qilishda harorat 400 oC bo‘lganda, olinadigan karbonizatning unumi hamda sorbsion xossalari yuqori bo‘lishi aniqlangan;
olingan karbanizatning NaOH va KOH ishtirokida termokimyoviy faollantirish jarayoni tadqiqi natijasida konsentratsiyasi 30% bo‘lgan KOH qo‘llanilganda olinadigan adsorbentning yod soni yuqori bo‘lishi aniqlangan;
termik va termokimyoviy faollantirilgan uglerodli adsorbentlarning benzol bug‘i adsorbsiyasi bo‘yicha adsorbentlar solishtirma yuzasining G‘P-T<PCh-T<PCh-Na<G‘P-Na<PCh-K<G‘P-K qatori bo‘ylab ortib borishi asoslangan;
olingan adsorbentlarning past haroratli azot adsorbsiyasi tekstura xususiyatlari bo‘yicha tahlil natijalari G‘P-T, PCh-Na, G‘P-K adsorbentlarida mos ravishda o‘rtacha g‘ovak radiusi 57,85; 37,91; 46,71 Å larni tashkil etib, uglerodli adsorbentlarning bunday ichki tuzilishi oqava suvlar tarkibidagi organik ifloslantiruvchi birikmalarni faol sorbsiyalanishi aniqlangan;
olingan uglerodli sorbentlarning adsorbsion faolligi yuzasining morfologik tuzilishiga va g‘ovakliklarning xarakteristikalariga bog‘liq bo‘lishi, xususan, g‘ovak diametri adsorbat molekulasining diametridan 1,5-2,0 barobar katta bo‘lganda, maksimal samaradorlikka erishilishi isbotlangan;
g‘o‘za poyasi va paxta chanog‘idan olingan faollantirilgan adsorbentlarning oqava suvlarni pestisidlardan tozalash natijalariga ko‘ra, g‘o‘za poyasining KOH bilan ishlov berilgan G‘P-K tarkibli adsorbent namunasida λ-sigalotrindan 91,3 % gacha, glifosatdan esa 94,5 % gacha sorbsiya qila olishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za poyasi va paxta chanog‘idan termokimyoviy faollantirilgan ko‘mir olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
G‘o‘za poyasi asosida olingan G‘P-K va G‘P-Na uglerodli adsorbentlari “Elektrokimyozavod” AJ QK negizidagi “Elkimyo-suv ta’minot” MChJ da oqava suvlar tarkibidagi pestisidlardan tozalash “Elektrokimyozavod” AJ QK ning “2027-2030 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” AJ QKning 2024 yil 3 dekabrdagi 140-son maʼlumotnomasi). Natijada, korxonadan chiquvchi oqava suvlar tarkibidagi pestisidlar: λ-sigalotrinni 91,3 %, glifosatni 94,5% gacha yutib, suvni tozalash imkonini beradi;
paxta chanog‘i asosida olingan PCh-K va PCh-Na uglerodli adsorbentlari “Elektrokimyozavod” AJ QK negizidagi “Elkimyo-suv ta’minot” MChJda oqava suvlar tarkibidagi pestisidlardan tozalash “Elektrokimyozavod” AJ QKning “2027-2030 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” AJ QKning 2024 yil 3 dekabrdagi 140-son maʼlumotnomasi). Natijada, korxonadan chiquvchi oqava suvlar tarkibidagi pestisidlar: λ-sigalotrinni 87,3 %, glifosatni 92,6% gacha yutib, suvni tozalash imkonini beradi.