No‘monova Zebinso Usmonjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Evfemizm konsepti verbalizatorlarining struktur-semantik, lingvokulturologik va pragmatik tadqiqi (ingliz va o‘zbek tillari misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fil2281.
Ilmiy rahbar: Abduvaliev Maxamatjon Arabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, PhD.03/29.12.2022.Fil.156.01.
Rasmiy opponentlar: Shahabitdinova Shohida Hoshimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Egamberdiev Jasurbek Jahongirovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turli tizimli tillarda “evfemizm” konsepti va uni ifodalovchi til birliklarining struktur-semantik, lingvomadaniy va lingvopragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
evfemizm konseptini voqelantiruvchi lingvistik va nolingvistik birliklarning 3 ta guruhi (evfemik ma’no-mazmun eksplisit/implisit ifodalanishiga ko‘ra, evfemik ma’no-mazmunning xoslanganlik darajasiga ko‘ra, nutqning og‘zaki va yozma shakllarida qo‘llanish chastotasiga ko‘ra) asosida evfemizmlarning evfemik maydondagi dominanta, yadro va periferiya maqomidagi birliklar aniqlangan va misollar orqali dalillangan;
tabulashgan leksika (ingliz tilida died, fired from a job, disablaed, servant; o‘zbek tilida o‘ldi, ishdan haydaldi, nogiron, xizmatkor kabilar) va evfemizmlar (ingliz tilida passed away, released from duty, person with limited abilities, household assistant; o‘zbek tilida olamdan o‘tdi, ishdan ozod qilindi, imkoniyati cheklangan, xonadon yordamchisi kabilar) o‘rtasidagi integral va differensial belgilar ingliz va o‘zbek tillaridagi jonli suhbatlar, badiiy asarlar va publisistik materiallar asosida ochib berilgan;
badiiy va publisistik matnlarda evfemaning o‘ziga yondosh, turdosh bo‘lgan troplar (metafora, metonimiya, sinekdoxa, vazifadoshlik, kinoya), nutqiy figuralarga munosabati aniqlanib, til sathidagi o‘rni belgilangan hamda lisoniy va nutqiy (individual, okkazional) evfemalar farqlanib, ularning uslubiy qimmati aniqlangan;
evfemizmlarda ingliz va o‘zbek madaniyatiga xos o‘xshash va farqli belgilarning aks etishi misollar (ingliz tilida in a family way, rest in peace, be under the weather; o‘zbek tilida ko‘payish arafasida, Alloh rahmat qilsin, tobi yo‘q kabilar) yordamida dalillanib, evfemik birliklar tarjimasida pragmatik ma’noning qayta yaratilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya va ishlanmalar asosida:
evfemizm konseptini obektivlashtiruvchi lisoniy birliklarning tavsifi va tasnifiga oid ma’lumotlar va yangiliklardan Farg‘ona davlat universitetida 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan “EMI (English as a Medium of Instruction)” xalqaro amaliy loyihasi doirasida foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2024-yil 4-iyuldagi 04/3602-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotda ilgari surilgan qator taklif va tavsiyalar, ilmiy yangiliklar asosida dastur va qo‘llanmalarni yaratishga, ta’lim hamda madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan nazariy va amaliy ishlar samaradorligiga erishilgan;
evfemizmlarning semantik-funksional, uslubiy va pragmatik jihatlari tadqiqi bo‘yicha ilmiy natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida 2022-2023-yillarda bajarilgan II-4721101717 raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 1-iyuldagi 987-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida, nomlarning milliy xususiyatlarini aniqlash, xizmat ko‘rsatish obektlarini milliy nomlarining interaktiv elektron platformasini yaratishda evfemik ifoda vositalaridan foydalanish ko‘lami ortgan;
evfemizmlarning milliy-madaniy xususiyatlariga oid xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” DM “Millat va ma’naviyat”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon” dasturlari ssenariylarini (2023-2024-yillar) tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat muassasasining 2024-yil 27-fevraldagi 04-36-299-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu eshittirish uchun tayyorlangan materiallarning ilmiy ahamiyati ortib, mukammallashgan.