Anorqulova Ozoda Nizomjon qizining filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida
I. Umumiy ma’lumotlar.
“Hozirgi o‘zbek tilida “oila” konseptining lisoniy-kognitiv tahlili”. 10.00.01– O‘zbek tili ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/Fil784
Ilmiy maslahatchi: filologiya fanlari doktori, professor Mirzaev Ibodulla Kamolovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor Ernazarova Manzura Saparboevna, filologiya fanlari doktori, Tojieva Gulbahor Namozovna.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oila hamda u bilan bog‘liq tushunchalarning konsept sifatida shakllanishi va ularning lisoniy-kognitiv xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
jahon, rus va o‘zbek olimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarga tayanib, “oila” konseptining milliy modelini ishlab chiqish orqali uning jamiyat hayoti bilan bog‘liq ijtimoiy, me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosidagi siyosiy, qadriyatlar tizimidagi madaniy, leksik hodisalarni aks ettirgan lisoniy xususiyatlari aniqlangan;
“Oila” konseptining “Qur’oni Karim”, “Al-Jome’ as-sahih” (“Ishonchli to‘plam”), “Qur’on qissalari”, “Lubobul hadis” (“Saralangan hadislar”), “Baxtiyor oila” kabi diniy-ma’rifiy, “O‘zbek xalq maqollari”, “O‘zbek xalq topishmoqlari” kabi xalq og‘zaki ijodi namunalari asosida til, tafakkur, ong, lison bilan bog‘liq madaniy, kognitiv va lingvomadaniy tamoyillari dalillangan;
“Oila” konseptining leksik-semantik qolipi hadislar, paremiologik birliklardagi tushunchalar kesimida ishlab chiqilib, “nikoh”, “mahr”, “farzand”, “sillayi rahm”, “zino”, “idda”, “taloq”, “mahram”, “ota-ona”, “er-xotin”, “kundosh”, “kelin-kuyov” kabi leksik birliklarning badiiy matnda aks etgan pragmatik xususiyatlari isbotlangan;
“Oila” konseptining nasriy va nazmiy janrlardagi “daryo”, “kichik vatan”, “sevimli makon”, “muhabbat”, “suyanch”, “jannat”, “jamlik”, “tugallik” kabi birliklarining pragmatik ma’nolari asoslangan;
“Oila” konseptini tashkil etuvchi “ota”, “ona”, “er”, “xotin”, “farzand”, “o‘gil”, “qiz”, “qarindosh” kabi konseptosferik birliklarining borliqda aks etgan etimologik, shuningdek, inson kognisiyasida mavjud bo‘lgan ma’nolari badiiy matnlar asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilida “oila” konseptini lisoniy-kognitiv jihatdan tadqiq etishdan olingan natijalar asosida:
Oila tushunchasining lingvistik, sotsiolingvistik, lingvopragmatik, lingvodidaktik, lingvokulturologik jihatlaridan, “oila” konseptini tashkil qiluvchi jahon, rus va o‘zbek tilidagi manbalarni tahlil etish orqali milliy modelni shakllantirish, shuningdek, paremiologik tasnifga asosan xalq og‘zaki ijodi namunalarida oilaviy munosabatlar aks etgan o‘rinlardan, lirik, epik asarlarda aks etgan xususiyatlarni konseptosfera sifatida talqin qilib, chiqarilgan xulosalardan 2017-2020-yillarda bajarilgan FZ-2016-09081165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusida bajarilgan fundamental loyihasini amalga oshirishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2024-yil 4-sentyabrdagi 337-son ma’lumotnomasi). Natijada kommunikatsiya jarayonida “oila” konseptining namoyon bo‘lish shakllari, ushbu tushunchaning interferensiya jarayonida yuzaga keladigan holatlar aloqa-aralashuvning yuzaga chiqishidagi ahamiyati, filologik ta’limda ushbu atamaning leksik, frazeologik, semantik, etimologik xususiyatlari bo‘yicha xulosalar chiqarish imkonini yaratgan;
“Oila” konseptining “Qur’oni Karim”, “Al Jome’ as sahih”, “Qur’on qissalari”, “Lubobul hadis”, “Baxtiyor oila” kabi diniy-ma’rifiy, “O‘zbek xalq maqollari”, “O‘zbek xalq topishmoqlari” kabi xalq og‘zaki ijodi namunalari asosida til, tafakkur, ong, lison bilan bog‘liq mental, madaniy, kognitiv tamoyillari asoslangan ilmiy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020-2023-yillarda amalga oshirilgan AM F3-201908172. “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024 - yil 25 – oktyabrdagi 04/1-3040-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida “oila” konseptining leksik-semantik qolipini ishlab chiqish, uni faollashtiruvchi leksik birliklarni tilning turli sathlari misolida dalillashga erishildi;
“Oila” konseptining o‘zbek, rus va jahon tilshunosligidagi ahamiyati, turli tillardagi madaniy qiyofasi, ilmiy-nazariy tadqiq ko‘lami, diniy-ma’rifiy, ilmiy, badiiy matnlarda mazkur konseptni tashkil etuvchi lingvistik vositalar aniqlanib tahlilga tortilgan ilmiy natijalardan Evropa Ittifoqi tomonidan Erasmus + dasturining 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS + CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasi doirasida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 4-sentyabrdagi 1659/02-son ma’lumotnomasi). Natijada oila har bir madaniyatda jamiyatning asosiy bo‘gini, inson hayotidagi eng muhim, eng qadrli makon ekanligi, uning milliy-madaniy qadriyatlarning shakllanishi, tarbiya o‘chog‘i ekanligi dalillangan;
“Oila” konseptining ilmiy-nazariy asoslarini yoritishda ingliz tilshunosligiga murojaat qilinish asnosida ingliz lingvist olimlari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar tarjimasiga ehtiyoj seziladi, shu sabab madaniyatlararo aloqalarning ijtimoiy ahamiyati, jamiyatda tutgan o‘rni haqidagi qarashlarning qiyosiy nuqtayi nazardan tahlili amalga oshirilgan, nasriy va nazmiy janrlarda oila bilan bog‘liq tushunchalarning pragmatik ma’nolari aks etgan o‘rinlardan Samarqand davlat chet tillar institutida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 12-dekabrdagi 2/24-4/7-690-sonli xatiga asosan 2022-2024 yillarda amalga oshirilgan va Toshkent shahridagi AQSh elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikda AQSh davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan ‘‘English Access Microscholarship Program” loyihasi doirasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 28-oktyabrdagi 2351/02-son ma’lumotnomasi). Natijada Oila tushunchasini ifodalaydigan leksik birliklar, konseptosferani tashkil etuvchi komponenetlar ma’lum doiralarda tahlilga tortilishiga erishilgan;
“Oila” konseptining ijtimoiy, siyosiy, madaniy va lingvistik xususiyatlarining dunyo va o‘zbek tilshunosligida o‘rganilishi, jamiyat hayotida tutgan o‘rni, oila tushunchasining diniy-ma’rifiy adabiyotlardagi talqini, folklor namunalaridagi ifodasi, ilmiy-badiiy ahamiyati aniqlangan o‘rinlardan, nutqning turli ko‘rinishlarida “oila” konseptini faollashtiruvchi leksik birliklar va ularning belgilari ifodalangan o‘rinlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Hamma uchun” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanildi (“O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 11-noyabrdagi 01-44-403-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek milliy-madaniy hayotida “oila” konseptining “ota-ona”, “farzand”, “nikoh”, “an’analar”, “qarindosh-urug‘”, “aka uka”, “opa-singil”, “er-xotin”, “uy xo‘jaligi”, “birdamlik”, “ahillik” kabi turli tushunchalarining inson hayotida tutgan o‘rni hamda oila farovonligi jamiyat rivojlanishining asosi ekanligiga xizmat qilgan;
O‘zbek shoir va yozuvchilarining ijodiga oid badiiy matnlarda oilaga bo‘lgan munosabat, haqiqiy sharqona oilaga xos bo‘lgan xususiyatlar, milliy-madaniy qadriyatlari, ota-onaning farzandlari oldidagi, har qanday insonning oilasi, farzandlarning esa ota-onaga nisbatan mas’uliyatli burchlari bo‘yicha keltirilgan mulohazalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Onajonim, she’riyat” to‘garagi faoliyatida foydalanildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 4-noyabrdagi 01-03/900-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarga o‘zbek adabiyotining yirik vakillari hamda ijodkorlarning oilaga bo‘lgan munosabatini, ular ijodida oilaning ulug‘vorligi qay darajada ekanligi to‘g‘risida badiiy tasavvurlarini shakllantirishga erishilgan.