Raximova Nodira Kamiljonovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqidagi e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Qoraqalpog‘iston Ustyurti yaylovlarining zamonaviy holati”, 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘ yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/B245.
Ilmiy maslahatchi: Shomurodov Xabibullo Fayzulloevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.V.39.01.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Toshpo‘lot Fayzulloevich, biologiya fanlari doktori; Usupbaev Adilet Kidikbekovich, biologiya fanlari doktori (Qirg‘iziston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi Biologiya instituti); Xo‘janazarov O‘ktam Eshtemirovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yaylov chorvachiligidan barqaror foydalanish va rivojlantirish uchun Qoraqalpoq Ustyurti yaylovlarining zamonaviy holati va imkoniyatini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoraqalpoq Ustyurti yaylovlari em-xashak florasining tarkibi aniqlangan va uning taksonomik tavsifi, ekotoplar va biomorflar bo‘yicha tarqalishi hamda eyiluvchanligini baholashni o‘z ichiga olgan kompleks tahlil amalga oshirilgan;
Qoraqalpoq Ustyurti yaylov o‘simliklar qoplamining shakllanishini belgilovchi omillari sifatida tuproq namligi va sho‘rlanish gradientlari bilan yaylov xillari o‘rtasidagi bog‘liqliklar ochib berilgan;
jamoalarning differensiatsiyalovchi turlarini tahlil qilish asosida ekotizimlarning barqarorlik darajalari va tuproq-iqlim sharoitlariga bog‘liq holda yaylov xillarining tarqalish qonuniyatlari aniqlangan;
ontogenetik struktura va senopopulyasiyalarning yosh tiplarini tahlil qilish asosida Ustyurt yaylovlaridagi yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning mahalliy populyasiyalari holati baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Qoraqalpoq Ustyurti yaylovlarining hozirgi holatini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida:
5 ta yaylov tipi va 43 ta yaylov xillarini birlashtirgan Qoraqalpoq Ustyurti yaylovlarining tuzilgan zamonaviy tasnifi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi o‘rmon xo‘jaligi agentligining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2024 yil 11 iyundagi №1-468-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar yaylov xillarining kadastr ma’lumotlarini yaratish va o‘rmon fondi o‘simliklarining raqamli platformasini yaratish imkonini bergan;
43 ta xarita birligidan iborat “Qoraqalpoq Ustyurti yaylovlari xaritasi” va uning izohi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi o‘rmon xo‘jaligi agentligining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2024 yil 11 iyundagi №1-468-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar chorvachilikni rivojlantirishning eng istiqbolli konturlarini baholashga va yaylov erlarini inventarizatsiya qilishda baholashga yordam bergan;
em-xashak o‘simliklarining ro‘yxati, ularning tarqalishi (eyiluvchanligi, hayotiy shakllari, biotoplari va areal tiplari bo‘yicha) to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuksak o‘simliklarning tur xilma-xilligini aniqlash uchun “Janubiy Ustyurt” Milliy tabiat bog‘i faoliyatiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Janubiy Ustyurt” Milliy tabiiy bog‘ining 2024 yil 9 iyuldagi №01-01/60-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar Qoraqalpoq Ustyurti yuksak o‘simliklarining umumiy ro‘yxatini tuzish imkonini bergan;
Ustyurt kamyob turlarining tarqalishi, ekologiyasi va lokal populyasiyalari strukturasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Janubiy Ustyurt” Milliy tabiiy bog‘i faoliyatiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Janubiy Ustyurt” Milliy tabiat bog‘ining 2024 yil 9 iyuldagi №01-01/60-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Qoraqalpoq Ustyurtidagi muhofazatalab o‘simliklar populyasiyasining holati bo‘yicha uzoq muddatli monitoring tadqiqotlarni o‘tkazishga xizmat qilgan;
ishlab chiqilgan yaylovlarning zamonaviy tasnifi va degradatsiya darajasi, shuningdek, yaylov xillaridan mavsumiy foydalanish bo‘yicha tavsiya etilgan amaliy chora-tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 6 avgustdagi №01/18-2-2653-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalar yaylovlarga ta’sir etuvchi antropogen omillar va iqlim o‘zgarishi ta’sirida yuzaga keladigan mintaqaviy tahdidlarni aniqlash, shuningdek, Ustyurt bioxilma-xilligi uchun geologik qidiruv ishlarining oqibatlarini yumshatish imkonini bergan;
o‘rganilgan yaylovlarning hozirgi ekologik va fitotsenotik holati hamda em-xashak massasining hosildorligi (mavsum bo‘yicha) to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 6 avgustdagi №01/18-2-2653-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar Qoraqalpog‘iston Respublikasida yaylov xillarini inventarizatsiya qilish va eng istiqbolli konturlarni baholashga, shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yaylov resurslari holatini aniqlashga xizmat qilgan.