Allayarov Xamza Nazaralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Termiz tumani tuproqlarining hozirgi holati va ularning mikrobiologik indikatsiyasi», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/V1287.
Ilmiy rahbar: Qodirova Dilrabo Abdukarimovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Umarov Otabek Rafoilovich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Termiz tumanida tarqalgan tuproqlarning kimyoviy, agrokimyoviy, agrofizikaviy va mikrobiologik xususiyatlarini funksional tizim sifatida kompleks aniqlash asosida hozirgi holatini baholash va mikrobiologik indikatsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Surxon-Sherobod vohasi cho‘l mintaqasi sharoitida olib borilgan mikrobiologik tadqiqotlar asosida har bir tuproq tipi va tipchalarining unumdorlik holatini kompleks baholash imkonini beruvchi indikator mikroblar aniqlangan;
tuproqlarning fitosanitar holatini yaxshilash va tuproq bioremediatsiyasida foydalanish mumkin bo‘lgan istiqbolli introdusent mikroorganizmlar - Bacillus hamda Pseudomonas turkumlariga mansub bakteriyalar (fitopatogen organizmlar sonini kamaytiradigan) aniqlangan;
Termiz tumani hududida sug‘orma dehqonchilik tufayli cho‘l-qumli > cho‘l-o‘tloqi > o‘tloqi-allyuvial tuproqlar tomon agregatsiya va gumifikatsiya jarayoni faollashib, ustki qatlamlarida il va mayda chang zarrachalar hamda gumus miqdorining ortishi hisobiga unumdor agroirrigatsion (0-55; 0-57 va 0-85 sm lik) qatlamlar shakllanganligi asoslangan;
Surxon-Sherobod vohasi cho‘l mintaqasidagi turli darajada sho‘rlangan sug‘oriladigan cho‘l-qumli, cho‘l-o‘tloqi va o‘tloqi-allyuvial tuproq ayirmalarida mikroorganizm faolligiga sulfatli va xlorid-sulfatli sho‘rlanish tipi ximizmi bilan korrelyasion bog‘liqligi ilmiy asoslangan va indikatsion tashxisi ishlab chiqilgan;
tuproqlarda mikroorganizm guruhlarining tarqalishi, miqdori va tur tarkibining turli darajada sho‘rlanish jarayonlari ta’sirida o‘zgarishi ilmiy asoslangan;
tuproqlarda kechayotgan biologik jarayonlarning yo‘nalishini tavsiflash imkonini beruvchi asosiy guruh mikroorganizmlari bilan tuproqlarning ta’minlanganlik darajasi aniqlangan;
mikrobiologik tadqiqotlar majmuasiga asoslangan holda tuproqlarni ekologik-mikrobiologik monitoring qilish tuproqlarning agroekologik holatini erta tashxislash va unumdorligini baholashda biomonitoring mezonlari sifatida foydalanish mumkinligi ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududida tarqalgan cho‘l-qumli, cho‘l-o‘tloqi va o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning agrofizikaviy, agrokimyoviy xossalari hamda ularning mikrobiologik indikatsiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
Termiz tumani “Namuna” massivi sug‘oriladigan tuproqlarining 1:10000 masshtabda tuzilgan sho‘rlanish kartogrammasi massivning 1891 ga er maydonlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Resrublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 11 noyabrdagi 05/05-04-588-son ma’lumotnomasi). Natijada, massivdagi sug‘oriladigan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash va oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash imkonini bergan;
geoaxborot texnologiyalari asosida sug‘oriladigan tuproqlarning oziqa elementlari (harakatchan fosfor va almashinuvchan kaliy) bilan ta’minlanganligini ifodalovchi 1:10000 masshtabdagi raqamli xaritalari Termiz tumani “Namuna” massivning 1891 gektar er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Resrublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 11 noyabrdagi 05/05-04-588-son ma’lumotnomasi). Natijada, massividagi fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan er maydonlariga xo‘jalik tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda mineral o‘g‘itlarni maqbul meyorlarini belgilash, fosforli va kaliyli o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llash imkonini bergan;
sug‘oriladigan tuproqlarning gumus bilan ta’minlanganligini aks ettiruvchi raqamli xaritalar Termiz tumani “Namuna” massivida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Resrublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 11 noyabrdagi 05/05-04-588-son ma’lumotnomasi). Natijada, global iqlim o‘zgarishi sharoitida tuproqda sodir bo‘layotgan degumifikatsiya jarayonlarini baholash va tuproqni organik modda bilan boyitishga qaratilgan agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bergan;
tuproqlarning mikrobiologik holatini (ammonifikator, zamburug‘, aktinomiset) tavsiflovchi raqamli xaritalar Termiz tumani “Namuna” massivida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Resrublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 11 noyabrdagi 05/05-04-588-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqlarni “sog‘lomliligi” va tuproqlarning ekologik holatiga mikrofloraning ta’sirini baholash hamda unumdorligini oshirishning bilologik yo‘llarini ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan.